OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

ZIYOLI QIYOFASIDAGI SIYOSATDON

Bir tomondan, muxtoriyat azaliy raqibi Isroil bilan o‘z tarixiy hududlari uchun kurashmoqda. Ikkinchi tomondan, mamlakatning ichida muxtoriyat raisi Mahmud Abbos yetakchiligidagi FATX va Ismoil Xoniya rahbarligidagi XAMAS  harakatlari o‘rtasidagi hokimiyat uchun kurash qurolli to‘qnashuv darajasiga yetgan.

 Fuqarolar urushi ostonasiga kelib qolgan jafokash mamlakat uchun bunday sharoitda sulhparvar rahbar juda ham zarur. Ko‘plab tahlilchilar asli adabiyot professori bo‘lgan bosh vazir Ismoil Xoniyaning ziyoli hukumat rahbari sifatida mavjud ixtilofni bartaraf etishiga umid bildirishgan.

Ismoil Abdulsalom Ahmad Xoniya 1962 yili G‘azo sektoridagi qochoqlar lagerida dunyoga keldi. Kelgusida Falastin hukumati rahbari bo‘lajak yigitchaning bolalik davri g‘oyat qayg‘uli va suronli davrlarga to‘g‘ri keldi. Ismoil Xoniya ham ilk vatani bo‘lib qolgan maskanda yaqinlaridan ayrildi. G‘am-qayg‘u, qiyinchilik va uqubatlar bolakayni juda erta voyaga yetkazdi.

Tengdosh do‘stlari bolalikdanoq qo‘lga qurol olib, ozodlik kurashiga hozirlik ko‘ra boshlagan paytda Ismoil Xoniya ilm yo‘lidan borishga ahd qildi. O‘rta maktabni tamomlagach, bo‘lajak yetakchi G‘azodagi yagona oliygoh Islom universitetining adabiyot fakultetiga o‘qishga kirdi. Dorilfunundagi tahsil davrida u ilm qilish barobarida siyosiy harakatlarda ham ishtirok eta boshladi. O‘sha paytlarda mustaqil Falastin davlati tarafdori bo‘lgan XAMAS harakati endigina tashkil etilgan va kengayib borayotgan edi. Xoniya ham ana shu harakatning siyosiy  qanotiga qo‘shildi.

Isroil XAMAS tashkil topganidan to shu kungacha yahudiy davlatiga o‘zini dushman deb e'lon qilgan harakatga qarshi ayovsiz kurashib kelmoqda. Ana shu kurash to‘lqini XAMAS safiga kirgan yosh olimni ham o‘z girdobiga oldi. Endigina universitetni bitirib, shu yerda o‘qituvchilik qilayotgan Xoniya 1989 yili Isroil maxsus kuchlari tomonidan qamoqqa olindi. Uch yillik mahbuslikdan keyin u Livan janubiga surgun qilindi. Yana muhojirlik va qochoqlik hayoti boshlandi.

1990-yillarda Isroil bilan Falastin o‘rtasida kelishuv bitimi imzolangandan keyin Xoniyaga ham vataniga qaytishga izn berildi.

Ilm va siyosatni birgalikda olib borgan yosh yetakchi o‘zi ta'lim olgan dorulfunun dekani lavozimiga ta­yinlandi. Oradan ko‘p o‘tmay professorlik ilmiy darajasini oldi. Shu tariqa Falastinda ziyoli qiyofasidagi siyosatdon yetisha bordi.

Surgunlik va mahbuslik hayoti ham Xoniyani siyosiy faoliyatdan chetlashtirolmadi. Endilikda XAMAS harakatida faol va oshkora ishtirok eta boshlagan adabiyot professori tashkilot rahnamosi Ahmad Yosin nazariga tushdi. Ko‘p o‘tmay, Abu al-Obid - Ismoil Xoniyaga harakat rahbari ana shunday laqab bergan edi - XAMAS devonxonasiga rahbar etib tayinlandi.

Sir emas, XAMAS Isroil tomonidan qo‘poruvchi tashkilot deb e'lon qilingan va rasmiy Tel-Aviv harakatga qarshi ayovsiz qurolli kurash olib bormoqda. Sababi ayon: XAMAS harakati tashkil etilgan ilk davrlardanoq yahudiy davlati jahon xaritasida mavjud bo‘lishiga tish-tirnog‘i bilan qarshi ekanini e'lon qilgan. Umuman, harakat yetakchilari har doim ham Isroilga qarshi keskin chiqishlari bilan e'tiborda bo‘lib kelgan. Biroq qiziq jihati, Ahmad Yosinning ishongan odamlaridan bo‘lgan Ismoil Xoniya biror marta ham Isroilga qarshi ochiq-oshkora bayonot bermagan. O‘ta ehtiyot­kor va so‘z san'atkori bo‘lgan siyosatdon har doim "Falastin davlatini tashkil etish", "okkupatsiyani to‘xtatish" kabi qo‘shnilar jahlini chiqarmaydigan umumiy talablar bilan cheklangan. Balki shu boisdir, Ismoil Xoniya har daqiqa XAMAS yetakchilarini mahv etishga tayyor turgan Isroil raketalaridan zarbasidan omon qoldi. 2004 yili XAMASning asoschisi va rahnamosi Ahmad Yosin Isroil raketasi zarbasidan halok bo‘ldi. Oradan bir necha oy o‘tgach, tashkilotning yangi rahbari Abdulaziz Rantisiy ham mahv etildi. "Faqir kishi panada" qabilida uzoqni ko‘zlab ish tutgan Xoniya esa har doim ziyrak va sinch­kov Isroil josuslari nazaridan chetda qolaverdi.   

2006 yil Ismoil Xoniya va XAMAS harakati uchun katta o‘zgarish hamda g‘alabalar davri bo‘ldi. Yil boshida muxtoriyat qonun chiqaruvchi idorasi - parlament uchun o‘tgan saylovda kutilmaganda XAMAS harakati g‘alabaga erishdi. Hukumatni Yosir Arofatning uzoq yillik boshqaruv davridan buyon idora qilib kelayotgan FATX harakati ilk bor mag‘lubiyatga uchradi. Parlament­da asosiy o‘rinni egallagan partiya sifatida XAMAS hukumat tarkibini ham shakllantirdi. Harakat a'zolari bir ovozdan bosh vazir lavozimiga "oltin o‘rtaliq" siyosatchisi bo‘lgan Ismoil Xoniyani ko‘rsatishdi.

To‘g‘risi, qo‘poruvchi tashkilotlar ro‘yxatiga mustahkam biriktirilgan 
XAMAS harakatining qonuniy saylovda g‘alabaga erishgani dunyoning yetakchi davlatlarini biroz sarosimaga solib qo‘yayozdi. Pirovardida, AQSh va Yevropa davlatlari eski xulosada qoldi: Ismoil Xoniya ma'muriyati qo‘poruvchi hukumat deb e'tirof etildi va Falastinga berilayotgan moliyaviy yordam ham to‘xtatildi.

Falastin xalqaro hamjamiyat tomonidan yakkalab  qo‘yilganidan ke­yin muxtoriyatda yangidan milliy birlik hukumati tuzildi. Pirovardida, XAMAS va FATX harakati a'zolari hamda partiyasiz arboblardan tashkil topgan milliy hukumatiga ham Ismoil Xoniya rahbar sifatida tanlandi.

Abu al-Obid laqabini o‘z ustoziga ehtirom ramzi sifatida hamon saqlab kelayotgan bosh vazir asli Falastinning yangi avlod siyosatdonlari guruhiga kiradi. Ismoil Xoniya shu bois hukumatni shakllantirishda ham Yosir Arofat davridan qolgan "eski gvardiya" vakillarini imkon qadar chetlatish va yangi avlod yetakchilarini tanlashga e'tibor qaratdi. Bir necha o‘n yillardan buyon muxtoriyatning rahbar lavozimlarini egallab turgan keksa arboblarning hokimiyatdan chetlashtirilishi esa ularni yangi bosh vazirning dushmanlariga aylantirdi.

Hozirgi kunda Ismoil Xoniya g‘oyat murakkab vaziyatga tushib qolgan. Bir tomondan, muxtoriyat raisi Mahmud Abbos bilan o‘rtadagi kelishmovchiliklarni bartaraf etish zarur bo‘lsa, ikkinchi tomondan, xalqaro hamjamiyatni u tuzgan hukumat jangarilar hokimiyati emasligiga ishontirish va donor davlatlarning Falastinga ko‘rsatayotgan moliyaviy yordamlarini tiklash talab etiladi. Boz ustiga, usiz bir qadam ham olg‘a siljish imkonsiz bo‘lgan Isroil bilan rasmiy muzokaralarni qayta boshlash lozim.

Falastin muxtoriyati bosh vaziri Ismoil Xoniya siyosiy davralarda o‘ta ehtiyotkor, biror qaror qabul qilishda yetti o‘lchab bir kesadigan, uzoqni ko‘zlab ish tutadigan arbob sifatida tanilgan. Ochig‘i, yarim asrdan buyon tinchlik va osoyishta hayot ushalmas orzu bo‘lib qolayotgan falastinliklar uchun hozirgi sharoitda hukumat boshlig‘i lavozimida Ismoil Xoniya kabi murosasoz rahbarning bo‘lgani - ayni muddao. Sababi, bugungi kunda Falas­tinda ikkita front yuzaga kelgan.

Sobirjon YOQUBOV

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.