Aslida Isroil tomonidan Falastinga bosimning haddan ziyod kuchaytirilganiga asosiy sabab yahudiy askari Shalitning o‘g‘irlab ketilgani emas. Yarim asrdan ziyod fursat davomida hayot va o‘lim chegarasida — urush ichida kun ko‘rayotgan Yaqin Sharq sharoitida harbiyning garovga olinishi u qadar katta fojia emas, kundalik jang usuliga aylanib qolgan.
Asl sabab boshqa yerda: joriy yilning yanvarida Falastin qonun chiqaruvchi idorasi uchun bo‘lgan saylovda mamlakat rahbari Mahmud Abbosga muxolifatda bo‘lgan XAMAS g‘alabaga erishdi. Mahmud Abbos rahnamoligida hukumatda korruptsiya va poraxo‘rlikning tasavvurga sig‘maydigan darajada kuchayib ketgani Isroil va G‘arb davlatlarida terrorchi tashkilot sifatida qora ro‘yxatga kiritilgan XAMAS (Islom qarshilik harakati)ning parlament saylovidagi g‘alabasini ta’minladi.
Ular orasida mamlakat parlamenti raisi ham bor!..
So‘nggi kunlarda Isroil va Falastin o‘rtasidagi munosabatlar yanada chigallashgan. Livan urushidagi muvaffaqiyatsizlik Isroil bosh vaziri Exud Olmert nufuziga salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Shu bois ham, yahudiy yetakchisi yo‘qotilgan obro‘ni tiklash uchun hech bo‘lmaganda, azaliy raqib Falastin bilan hisob-kitobni to‘g‘rilab olmoqchiga o‘xshaydi.
Asosan qurol yo‘li bilan hal etiladigan munozara uchun esa vaj-karson yetarli: bundan ikki oy avval — iyunning yigirma beshida Falastindagi jangari guruh tomonidan Isroil armiyasi kaprali (askari) Gilad Shalit o‘g‘irlab ketilgan. Mana oradan 60 kunga yaqin muddat o‘tyaptiki, Isroil Gilad Shalitni ozod etish shiori ostida Falastinga bomba yog‘dirishda davom etyapti. Falastindagi guruhlar ham hujum sharoitida qo‘l qovushtirib o‘tirgani yo‘q. Qirg‘in qurollarini ishga solib, qo‘ldan kelgancha mamlakatini mudofaa qilishga urinyapti.
Aslida Isroil tomonidan Falastinga bosimning haddan ziyod kuchaytirilganiga asosiy sabab yahudiy askari Shalitning o‘g‘irlab ketilgani emas. Yarim asrdan ziyod fursat davomida hayot va o‘lim chegarasida — urush ichida kun ko‘rayotgan Yaqin Sharq sharoitida harbiyning garovga olinishi u qadar katta fojia emas, kundalik jang usuliga aylanib qolgan. Asl sabab boshqa yerda: joriy yilning yanvarida Falastin qonun chiqaruvchi idorasi uchun bo‘lgan saylovda mamlakat rahbari Mahmud Abbosga muxolifatda bo‘lgan XAMAS g‘alabaga erishdi. Mahmud Abbos rahnamoligida hukumatda korruptsiya va poraxo‘rlikning tasavvurga sig‘maydigan darajada kuchayib ketgani Isroil va G‘arb davlatlarida terrorchi tashkilot sifatida qora ro‘yxatga kiritilgan XAMAS (Islom qarshilik harakati)ning parlament saylovidagi g‘alabasini ta’minladi.
Ochig‘i, Falastin hokimiyatiga XAMAS harakatining kelishi va uning yetakchilaridan biri Ismoil Xoniya bosh vazir lavozimiga tasdiqlanishi xalqaro hamjamiyatni tang ahvolga solib qo‘ydi. Kechagina terrorchi tashkilot deya tanqid qilingan va bugun rasman Falastin ijroiya va qonunchilik idoralarini tashkil etayotgan guruh bilan qanday muomalada bo‘lish masalasi yetakchi davlatlar tashqi siyosat mahkamalarini o‘ylantirib qo‘ydi. Pirovardida muqaddam bosilgan tamg‘a o‘z kuchida qoladigan bo‘ldi: Isroil “terrorchilardan tashkil topgan” Falastin hukumati bilan aloqa qilmasligini ma’lum qildi, Amerika va Yevropa davlatlari ham “jangarilar hokimiyati o‘rnatilgan” muxtoriyatga moliyaviy yordamni to‘xtatadigan bo‘ldi. Ismoil Xoniya boshchiligidagi Falastin hukumatini faqatgina Rossiya tan oldi. Kreml Falastin xalqi ishonch bildirgan va qonuniy yo‘l bilan g‘alabagaerishgan
XAMAS bilan hamkorlik qilishga rozilik berdi...
Asli adabiyot professori bo‘lgan Ismoil Xoniya hukumatni mo‘’tadil qarashli XAMASchilardan shakllatirishga urindi. Boisi, Isroil davlatiga tish-tirnog‘i bilan qarshi bo‘lgan harakat a’zolarining hukumat tarkibiga kiritilishi Olmert ma’muriyati va G‘arb davlatlari bilan muloqot yo‘lini yopishi aniq edi. Shu maqsadda bosh vazir o‘rinbosarligiga odatdagi kabi harbiy yoki xavfsizlik tizimi rahbari emas, ta’lim sohasi vakili professor Nasriddin al-Shaab tayinlandi. “Terrorchilar hukumati”dagi sayyohlik vaziri lavozimini xristian diniga e’tiqod qiluvchi Tannus Abu Aita egalladi. Maryam Solih ismli ayol esa xotin-qizlar masalalari vaziri etib tasdiqlandi.
Biroq barcha urinishlar oxir-oqibat samarasiz bo‘lib chiqdi.
XAMASning jangovar emas, siyosiy qanoti a’zolaridan tashkil etilgan hukumatni G‘arb ham, Isroil ham e’tirof etmadi.
Ayni paytda Falastin fuqarolar urushi ostonasiga kelib qolgan. FATX va XAMAS guruhi o‘rtasidagi qonli to‘qnashuvlar, otishmalar tobora kuchayib bormoqda. Ixtilof sababi esa tarixdan meros bo‘lib qolgan hokimiyatga egalik vasvasasi. Gap shundaki, muxtoriyat qonunchiligiga ko‘ra, Falastin xavfsizlik kuchlari va iqtisodiy manbalarini bosh vazir nazorat qilishi va hukumat rahbari o‘z faoliyati xususida parlamentda hisob berishi zarur. Biroq politsiya va xavfsizlik idoralariga rahbarlik, boz ustiga, moliyaviy manbalar nazoratining bosh vazir Ismoil Xoniyaga o‘tishi rasman muxtoriyat raisi bo‘lgan, amalda esa ramziy ma’nodagi rahbar bo‘lib qolayotgan Mahmud Abbosga xush kelmadi, albatta. Boshqaruv ilmini kimsan Arofatdan o‘rgangan Abbos janoblari zudlik bilan faqat o‘ziga bo‘ysunuvchi ikkita harbiy va iqtisodiy yangi tuzilma tashkil qildiki, natijada mubolag‘asiz ichki ishlar va moliya vazirlari uchun qiladigan ishning o‘zi qolmadi. O‘z navbatida Ismoil Xoniya ham mamlakat xavfsizligini mustahkamlash maqsadi soyasida to‘g‘ridan to‘g‘ri unga tobe bo‘lgan maxsus politsiya bo‘linmalari tashkil etishga kirishdi. Shu tariqa bir paytlar ozodlik uchun kurash olib borishga ahd qilgan siyosiy guruhlar o‘zaro hokimiyat talashishga tushib ketdi.
Bu tamoyil ozodlik uchun kurashlarni to‘xtatishda ko‘p bora qo‘l kelgan. Siyosiy kuchlar parchalanib ketgan Falastinda ham bugun o‘zaro jipslik yo‘qolgan. Endilikda Falastinning jafokash xalqi qo‘shni mamlakatdan keladigan kutilmagan bomba bilan birga FATX va XAMAS o‘rtasida davom etayotgan to‘qnashuvlardagi daydi o‘qlardan ham ehtiyot bo‘lishi zarur.
Mahmud Abbos boshchiligidagi FATX allaqachon Isroil davlatini tan olgan. Avval-boshdan yahudiy davlatiga qarshi bo‘lgan XAMAS esa bu masalada muxtoriyat raisi bilan hamfikr emas (2004 yilning o‘zida Islom qarshilik harakatining ikki yirik yetakchisi — Ahmad Yosin va Abdulaziz Rantisiy Isroil xavfsizlik kuchlari tomonidan o‘ldirilgan edi. Shundan keyin XAMAS yahudiy davlatiga qarshi ayovsiz kurash e’lon qilgan).
Mahmud Abbos — 1967 yilgi chegara bo‘yicha G‘azo hududi, G‘arbiy qirg‘oq va Sharqiy Quddusni o‘z ichiga olgan Falastin davlatini tashkil etish tarafdori. XAMAS harakati esa tarixiy chegaralar tiklanishi va Falastin o‘ziga qarashli bo‘lgan barcha hududlarga egalik qilishini istaydi.
Isroil rahbariyati har doim jangari guruhlarning garovga olish amaliyotlarini qoralab kelgan. Biroq xalqaro kuzatuvchilar ta’kidlayotganidek, so‘nggi paytlarda Olmert hukumatining o‘zi jinoyat sifatida e’tirof etilgan garov usulidan foydalanmoqda.
Yahudiy askari Gilad Shalit o‘g‘irlab ketilganidan buyon Isroil hukumati Falastinga qarshi muntazam harbiy amaliyot o‘tkazib kelmoqda. “Yoz yomg‘iri” deb atalgan harbiy operatsiya hali qor ko‘rmagan muxtoriyat aholisiga go‘yoki sovuq qish havosini keltirganday bo‘ldi.
Isroil armiyasi oxirgi paytlarda ko‘priklar, aholi yashash joylarini portlashish, otishmalardan tashqari boshqa bir yangi amaliyot turini ham faol qo‘llamoqda: maxsus xizmatlar Falastin hukumati rahbarlarini birin-ketin hibsga olmoqda va ularga jinoiy ish ochmoqda.
Bundan ikki hafta muqaddam Falastin qonun chiqaruvchi idorasi rahbari, doktor Abdulaziz ad-Duvayk qamoqqa olindi. Isroil tomonidan oltinchi bora hibs qilinayotgan Falastin qonunchilik kengashi spikeri salomatligi yomonlashgani sababli og‘ir ahvolda Isroil harbiy shifoxonasiga yotqizilgan.
O‘tgan hafta shanba kuni Isroil armiyasi tomonidan Falastin bosh vaziri o‘rinbosari Nosir al-Shahir ham Ramallohdagi uyidan olib ketilgan. Umuman, shu kungacha Isroil maxsus xizmati tomonidan Falastinning 8 ta vaziri, 28 ta deputati — jami 60 dan ziyod siyosatchisi qamoqqa olingan. Shuningdek, Tel-Avivdan bosh vazir Ismoil Xoniya nomiga yuborilgan maktubdagi kimyoviy moddadan hukumatning 7 a’zosi zaharlangan.
Hibsga olingan arboblarga terrorchilikka aloqadorlik aybi qo‘yilmoqda. Biroq shu kungacha hibsga olingan 8 nafar vazirning uchtasi aybi isbotlanmasdan qo‘yib yuborildi.
Bugun hattoki bosh vazir Ismoil Xoniya ham qo‘shni mamlakat maxsus xizmatidan yashirinib yurishga majbur. Aks holda, hushyor va ziyrak Mossad xodimlari Xoniyaning o‘zini ham hibsdagi do‘stlari oldiga olib borib qo‘yishlari hech gap emas.
Isroil tashqi ishlar vaziri Sipi Livni o‘z bayonotida Falastinning yuqori lavozimlari shaxslari hisbga olinayotgani kapral Gilad Shalitning garovga olinganiga javob emasligini bildirdi. Biroq Isroil tashqi siyosat mahkamasi rahbari bo‘lgan xonim keyingi chiqishlarida Gilad Shalit ozodlik qilinsa, hibslar to‘xtashi mumkinligini bildirib, baribir asl maqsadni oshkor qilib qo‘ydi.
Xalqaro donor davlatlardan Falastinga berilayotgan moliyaviy ko‘makning kamayib ketgani va siyosiy-iqtisodiy inqiroz sababli, muxtoriyat aholisining turmush darajasi keskin tushib ketgan. Tinch hayot kechirayotgan davlatlar ham katta iqtisodiy qiyinchiliklarga duch kelayotgan hozirgi davrda urush holatidagi yurtlarda ahvol nechog‘li og‘irligini tasavvur qilish mumkin. Ma’lumotlarga qaraganda, bugungi kunda Falastin xalqining 56 foizi qashshoqlikda hayot kechirmoqda. Agar muxtoriyatda hozirgi og‘ir vaziyat o‘zgarishsiz qoladigan bo‘lsa, oradan ikki yil o‘tib, qashshoqlar “armiya”si 75 foizga yetadi.
Boz ustiga, hozirgi holatda Falastin muxtoriyati hukumati va parlamenti tarqab ketish arafasida turibdi. Vazirlar va deputatlar hibsda bo‘lgan sharoitda vaziyatni o‘zgartirish esa Ismoil Xoniyaning qo‘lidan kelishi amri mahol. Falastindagi inqiroz shu darajada chuqurlashganki, muxtoriyatda 1993 yildan oldingi kabi Isroil ma’muriy boshqaruvi joriy etilishi mumkin.
Isroilning Falastin arboblarini qamoqqa olayotganiga qarshi birgina rasmiy Moskva munosabat bildirdi. Qonunchilik kengashi spikeri Abdulaziz ad-Duvayk hibsga olingani munosabati bilan Rossiya tashqi ishlar vazirligi tarqatgan bayonotda Falastin milliy muxtoriyatining xalq tomonidan saylangan rahbarlari hibsga olinishi xalqaro huquq me’yorlariga zid ekani ta’kidlanadi.
Darvoqe, o‘tgan hafta davomida AQSh, Frantsiya, Buyuk Britaniya, Avstraliya kabi davlatlarda Olmert siyosatini qo‘llab-quvvatlayotgan hukumatlarga qarshi norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi. Norozilik to‘lqiniga hattoki Ikkinchi jahon urushidan keyin Isroil haqida faqat ijobiy fikr aytish qoidasi shakllangan Germaniya ham qo‘shildi.
P. S. Boshi berk ko‘chaga kirib qolgan bosh vazir Ismoil Xoniya Isroilning saylab qo‘yilgan shaxslarga qarshi noqonuniy amaliyotlarini bartaraf etish va hibslarni to‘xtatish borasida xalqaro hamjamiyatdan yordam so‘ragan. Biroq hozircha BMT ham, katta sakkizlik davlatlari ham Falastindagi og‘ir ahvol xalqaro hamjamiyat aralashadigan darajada emas, degan qarashda. Xalqaro hamjamiyat aralashishi uchun esa Falastin hukumati va parlamentining jamiki a’zolari hibsga olinishi, muxtoriyat boshboshdoqlikda qolishi, xalqning yarmi emas, 60-70 foizi ochlik iskanjasiga tushishi zarurga o‘xshaydi.