OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Gruziya: Fosh etilgan fitna

Gruziyada amaldagi hukumatga muxolifatda bo‘lgan siyosiy kuchlarga qarshi keng miqyosda operatsiyalar amalga oshirilgani Kavkazdagi mo‘’jazgina davlat nomini yana jahon matbuotining bosh sahifasiga olib chiqdi. Muxolifat vakillarining ommaviy ravishda hibsga olinishi “Atirgullar inqilobi” bilan Gruziya hokimiyati tepasiga kelgan va o‘zini demokratiya rahnamosi deb e’lon qilgan prezident Mixail Saakashvili ma’muriyatiga nisbatan jiddiy e’tiroz va gumonli savollar paydo bo‘lishiga sabab bo‘ldi. 

Kichik mamlakatda katta operatsiya


6 sentyabr kuni Gruziya maxsus kuchlari mamlakat miqyosida ulkan operatsiya o‘tkazishdi. 500 dan ziyod maxsus xizmat xodimi ishtirok etgan amaliyot davomida Gruziya siyosiy muxolifati yetakchisi, sobiq davlat xavfsizligi vaziri Igor Giorgadzening “Adolat” (Spravedlivost) partiyasi faollari va oppozitsiya lideri tarafdori bo‘lgan shaxslar hibsga olindi. Ichki ishlar vazirligi ma’lumotiga qaraganda, maxsus xizmat davlat to‘ntarishi qilishga uringan 29 nafar muxolifat yetakchisini qamoqqa olgan. “Rustavi-2” telekanali esa hibs qilinganlar soni 90 dan oshishi to‘g‘risida xabar tar­qatgan.

Mixail Saakashvili hukumatiga ochiq qarshi bo‘lgan “Antisoros” harakati rahbari Mayya Nikoleishvili o‘z dala-hovlisida qamoqqa olingan. Gruziya monarxiya partiyasi yetakchisi Temur Jorjoliani esa idorasidan olib ketilgan. Hibs qilingan muxolifat vakillari orasida “Adolat” partiyasi yoshlar qanoti rahbari Mayya Topuriya, “Gruzin harakati” tashkiloti raisi Vaxtang Talaxadze va Igor Giorgadze tarafdori bo‘lgan yana boshqa o‘nlab siyosiy yetakchilar bor.

Igor Giorgadze Eduard Shevernadze davrida xavfsizlik vaziri lavozimida ishlagan. Keyinroq prezident­ga qarshi suiqasdga aloqadorlikda ayblangan Giorgadze chet elga qochib ketishga majbur bo‘lgan. Igor Giorgadze siyosiy dasturida Rossiya bilan do‘stona aloqalarni tiklash asosiy o‘rin tutadi.  Shu bois ham, muhojirlikdagi gruzin siyosatchisi Kreml tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi. Ayni paytda Interpol tomonidan jinoyatchi sifatida qidirilayotgan siyosiy yetakchining Rossiyada bemalol yashayotgani ham balki shundandir.

Ommaviy hibslar paytida oppozitsiyadagi partiyalarning barcha idoralari tintuv qilindi. Tintuv paytida esa juda jiddiy ayblovlarga “tortadigan” dalillar topildi. Gruziya telekanallari muxolifat vakillarini hibsga olish va tintuv jarayonlari yozilgan tasvirlarni bir necha bor efirga uzatdi. (E’tiborli jihati, tonggi soat beshda boshlangan amaliyot­larni tasvirga olish uchun barcha davlat telekanallari vakillari hozir bo‘lishgan!)

Tintuv paytida “Adolat” partiyasi yoshlar qanoti rahbari Mayya Topuriyaning uyidan bir necha ming dollar pul chiqqan. Ichki ishlar vazirligi taxminiga ko‘ra, pullar Moskvadan — Giorgadze tomonidan Gruziyada davlat to‘ntarishi uyushtirish uchun yuborilgan.

“Adolat” partiyasi faollaridan biri Kaxaber Kantariyaning uyidan esa granatomyotlar chiqqan. Gruziya Ichki ishlar vaziri Vano Merabishvili amaldagi tuzumni qurolli yo‘l bilan ag‘darishga tayyorgarlik ko‘rayotgan siyosiy fitna fosh etilgani va jinoyatchilar hibsga olingani to‘g‘risida shoshilinch bayonot berdi. Vazirning taxminiga ko‘ra, 2006 yilning mayidan buyon davlat to‘ntarishini amalga oshirish uchun tayyorgarlik ko‘rib kelgan muxolifat mamlakatda ommaviy noroziliklar uyushtirish orqali prezident Mixail Saakashvilini hokimiyatdan ketkazib, Igor Giorgadzeni davlat rahbarligiga olib kelishni maqsad qilgan. Muxolifat ijrosidagi fitna boshida Rossiya maxsus kuchlari turganligi gumon qilinmoqda.
 

Uchinchi urinish


Aslida Gruziya hukumatining Rossiya xavfsizlik kuchlarini mamlakatga qarshi fitnada ayblashi Iroqda navbatdagi qo‘poruvchilik amalga oshirilgani kabi yangilik ham bo‘lmay qoldi. Birgina joriy yilda Gruziya hukumati Moskva tomonini uch bora davlat to‘ntarishi uyushtirishda aybladi. Dast­lab Gruziya qamoqxonalarida mart oyida ro‘y bergan mahbuslar isyoni qo‘shni davlat maxsus xizmatiga bog‘landi. Keyin esa Kodor rayonida prezident vakili bo‘lib ishlagan Emzara Kvitsiani ismli shaxs tomonidan amalga oshirilgan va bostirilgan qurolli qarshilik harakati ortida ham Moskva turgani taxmin qilindi. Muxolifat ishtirokida davlat to‘ntarishi to‘g‘risidagi da’volar esa uchinchi urinish...

Rasmiy Tbilisi taxminiga ko‘ra, Davlat devonxonasi oldidagi namo­yish paytida maxsus tayinlangan kishi granatomyotdan yig‘ilganlarni o‘qqa tutishi kerak bo‘lgan. Bu voqeadan esa hukumatning tinch aholiga qurol ko‘tarishi sifatida foydalanib, mamlakat miqyosida norozilik harakatlarini avj oldirish rejalashtirilgan. Rasmiy taxminga ko‘ra, fitnada ishtirok etgan har bir kishiga 3000 dollardan mukofot va’da qilingan.

Biroq bularning bari Gruziya hukumati, rasmiy shaxslar ilgari surayotgan taxminlar, iddaolar. Ular haqiqiy ayblov bo‘lishi, hozircha gumondor bo‘lgan muxolif vakillari jinoyatchi deb topilishi uchun tergov-sud jarayonida taxminlar o‘z isbotini topishi kerak.

Hozircha hibsga olingan muxolifat faollarining 14 tasiga, jumladan, “Antisoros” harakati rahbari Mayya Nikoleishvili, monarxiya partiyasi yetakchisi Temur Jorjoliani, “Adolat” partiyasi yoshlar qanoti rahbari Mayya Topuriyaga davlat tuzumini zo‘rlik yo‘li bilan o‘zgartirish va vatanga xiyonat ayblovlari qo‘yilgan.

Ayblanuvchilardan faqatgina “Antisoros” harakati rahbari Mayya Nikoleishvili o‘z aybini tan olgan va mamlakat qonunlariga ko‘ra uzoq  muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi berilishi ko‘zda tutilgan jinoyat bilan ayblanayotgan siyosatchi xonim... sudgacha qo‘yib yuborilgan.

“Umid” (Nadejda) siyosiy partiyasi rahbari Irina Sarishvili muxolifat vakillariga qo‘yilayotgan ayblovlar yolg‘on, keltirilayotgan dalillar soxta ekanini ta’kidlamoqda. Bir vaqtning o‘zida Giorgadze xayriya fondi rahbari ham bo‘lgan, biroq bir bor so‘roq qilinib, negadir hibsga olinmagan Sarishvilining aytishicha, rasmiy hukumat fitna to‘g‘risida kelishuv bo‘lgan deya iddao qilayotgan

26 may kuni muxolifat vakillari turli shaharlarda bo‘lgan. Ayrim shaxslar hatto Gruziyadan ham tashqarida bo‘lgan. “Umid” partiyasi yetakchisi “Antisoros” rahbari Mayya Nikoleishvilining aybiga iqror bo‘lgani holatiga izoh berarkan, qattiq bosim ostida shunday qilishga majbur bo‘lganini bildirgan.

“Saylovoldi chigal yozish mashqi”


Voqealarning asosiy qahramoni Igor Giorgadze esa Gruziya rasmiylarini muxolifatning faol siyosiy ishtiroki va tobora oshib borayotgan nufuziga toqatsizlikda ayblagan. Shuningdek, oppozitsiya yetakchisi Mixail Saakashvili hukumati siyosiy qatag‘onlarga kirishganidan xavotir bildirgan. “Adolat” partiyasi yetakchisining  fikricha, ommaviy hibslardan ko‘zlangan maqsad bitta — aholini qo‘rquvga solish va allaqachon yo‘qotilgan obro‘-e’tiborni qatag‘onlar hisobiga qaytarish.

Muxolifatning amaldagi tuzumga qarshi jinoyatga hozirlik ko‘rgani yoki bu ayblov soxta va uyushtirilgan ekanini aniqlash jurnalist vakolatiga kirmaydi. Biroq muxolifatga qarshi amaliyotlar aynan shu kunlarda amalga oshirilganini tasodif emasligini ham aytib o‘tish joiz. Gap shundaki, kelgusi oyda — oktyabrning 5 kuni Gruziyada mahalliy kengashlar uchun saylov bo‘lib o‘tadi. Saylov borasida esa muxolifat va amaldagi hukumat o‘rtasida jiddiy qarama-qarshiliklar yuzaga kelgan. Dastlab saylov vaqti joriy yilning dekabriga belgilandi. Muxolifatning tog‘li hududlarda qish mavsumida aholining saylovda qatnashishga imkoni yo‘qligi to‘g‘risidagi e’tirozlari hukumatni o‘ylashga majbur qildi. Pirovardida, “Atirgullar inqilobi” yetakchisi Mixail Saakashvili saylov muddatini 5 oktyabrga ko‘chirib go‘yoki muxolifatga yon bosganini namoyish qildi. Amalda esa... Amalda saylov vaqti o‘zgargani to‘g‘risida prezident farmoni e’lon qilinishi bilan muxolif partiyalarga ro‘yxatdan o‘tish uchun bor-yo‘g‘i bir necha kun muddat berildi. Prezidentning “Milliy harakat” partiyasi esa ustun imkoniyatga ega bo‘lib qolaverdi.
 

Stalin davri qaytmoqdami?


Gruziyadagi hibslar oxirgi paytda shundoq ham boshi berk ko‘chaga kirib qolgan Moskva-Tbilisi  munosabatlarini yanada chigallashtirib yubordi. Boisi, fitna deb da’vo qilinayotgan voqealar fosh etilishi bilan Gruziya rahbariyatining yetakchi rahbarlari qurolli davlat to‘ntarishida Rossiya xavfsizlik kuchlarini ochiq-oshkora ayblashdi.

Gruziya parlamenti raisining o‘rinbosari Mixail Machavariani “Bizda “Adolat” partiyasi va uning tarafdorlari Rossiya maxsus xizmati tomonidan moliyaviy ta’minlanayotgani to‘g‘risida ma’lumotlar bor”, deya dahanaki kimo‘zar munozarani boshlab berdi. “Gruziya huquq-tartibot idoralari oldindan rejalashtirilgan fitnani fosh etib, Rossiya maxsus xizmatiga kuchli zarba berishdi”, degan yana bir deputat olovga moy purkaganday bo‘ldi. Prezident Mixail Saakashvilining bayonoti Rossiyaga qo‘yilayotgan ayblovlar faqatgina tor doiradagi siyosiy guruhlar fikri emasligini ko‘rsatganday bo‘ldi. 36 yoshida Gruziya rahbarligiga saylangan mamlakat rahbari Rossiyadagi ma’lum kuchlar Gruziyani tor-mor etish uchun rejali harakat qilgani, biroq barcha g‘arazli maqsadlar oldi olingani, raqiblar barmoq tishlab qolganini ma’lum qildi.

Darvoqe, Gruziya maxsus xizmati ana shunday vazifalarni uddalagan o‘sha 6 sentyabr kuni Mixail Saakashvili Polshadagi xalqaro forumda bo‘lgan. Uchrashuvda unga “Markaziy-sharqiy Yevropa odami” unvoni berilgan...

O‘z navbatida Rossiya tomonidan Gruziya xavfsizlik kuchlarining muxolifatga qarshi harakatlari keskin qoralandi. “Saakashvili hukumatga noqonuniy yo‘l bilan keldi va endi ayni shu yo‘l bilan hokimiyatdan mahrum etilishidan qo‘rqmoqda”. Bu aksariyat rus siyosatdonlari bildirgan munosabat. Rossiya Davlat dumasi MDH masalalari qo‘mitasi raisi Andrey Kokoshinning fikrlari esa yanada og‘irroq bo‘ldi: “Bu voqea gruzin tuprog‘ida stalinizm ruhi tiklanayotganidan dalolat bermoqda”.

Janubiy Osetiya va Abxaziya masalasida Kreml bilan Tbilisi bir to‘xtamga kelolmayotgan bir paytda muxolifatga bog‘liq siyosiy mojaroning kelib chiqqani yaxshi bo‘lmadi. Boz ustiga, ayrim kuzatuvchilar Gruziyadan mustaqil ekanini da’vo qilayotgan, biroq hali tan olinmagan Janubiy Osetiya va Abxaziya hududida harbiy to‘qnashuvlar yuzaga kelishi mumkinligidan ham xavotir bildirishmoqda.

So‘nggi paytlarda Gruziyada kuzatilayotgan holat harbiy harakatlar oldidan tayyorgarlikni eslatadi. O‘tgan hafta Gruziya parlamenti yangi milliy xavfsizlik kontseptsiyasini tasdiqladi. Bunga ko‘ra, endilikda harbiy xizmat mudofaa xizmatchilari bilan birga 20 dan 50 yoshgacha bo‘lgan zahiradagi fuqarolarga ham majburiydir. Mudofaa vaziri o‘rinbosari Mamuka Kudavaning: “Mamlakat yuqori tashqi tahdid qarshisida turibdi”, deya bayonot bergani esa yuqoridagi fikrlarni tasdiqlayotgandek...

Sobirjon Yoqubov

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.