Jak Shirak butun jahonga uddaburon rahbar, o‘z nuqtai nazari, o‘zgarmas va mustahkam pozitsiyasiga ega siyosatdon arbob sifatida tanilgan. Frantsiya prezidentining tarjimai holiga nazar solganda, bir jihat alohida ko‘zga tashlanadi. Dastlab 1957 yilda siyosat maydoniga kirib kelgan Jak Shirak deyarli yarim asr davomida qarshiliksiz va inqirozlarsiz mansab pillapoyalaridan ko‘tarilib bordi. Biror marta ham ishonchsizlikka uchramadi, biror marta ham xizmat vazifasidan quyiga “sho‘ng‘imadi”.
Jak Shirak 1932 yilning 29 noyabrida Frantsiyaning azaliy poytaxti Parijda xususiy kompaniya rahbari oilasida dunyoga keldi. Uning bolaligi juda ham tahlikali va notinch davrga to‘g‘ri keldi. Yosh Jak 7 yoshga to‘lgan vaqtda mamlakat “yuragi” — Parij Gitler armiyasi tomonidan bosib olindi. Hukumatning qo‘rqoqligi va no‘noqligi tufayli Frantsiyaning tarixiy shon-sharafi yer bilan yakson bo‘ldi. Mamlakatning bir necha asrlik o‘tmishi davomida birorta sarkardaga Parij ko‘chalarida bemalol sayr qilish nasib etmagandi.
Shirak oilasi Gitler bosqinidan qochib Frantsiya janubiga ketishga majbur bo‘ldi. Bo‘lajak prezident beg‘ubor bolagidan mahrum qilindi, 7 yoshida hayotning achchiq-chuchugini totib ko‘rishga mahkum etildi. Jak Shirak, ehtimol, o‘sha paytda — ona shahrini, do‘stlarini tark etib noma’lum tomonga ketayotganda, qo‘rqoq va xudbin yurt og‘alari xatosini to‘g‘rilash hamda Frantsiyaning tarixiy shuhratini tiklash uchun o‘z-o‘ziga so‘z bergandir...
1945 yilda — natsistlar qo‘shini tor-mor bo‘lib, Parij istilochilardan xalos bo‘lgani to‘g‘risidagi xabar yashin tezligida butun mamlakatga tarqaldi. 5 yillik muhojirlik davrini boshdan kechirgan Shirak oilasi yana qadrdon poytaxtga qaytdi. Fashistlar bosqini va oilaning bir necha yillik sargardonligi yosh Jak ko‘nglida o‘chmas iz qoldirdi. Mazkur voqealar ta’sirida juda erta voyaga yetgan bolakay maktabda qunt bilan o‘qishga intildi. Maktabda qo‘yilgan bilim poydevori unga Frantsiyaning yuqori tabaqa — elita vakillari tahsil oladigan Karno va Lui-Gran litseylari talabasi bo‘lish imkoniyatini tuhfa etdi. Katta rahbar bo‘lishni ko‘ngliga tukkan poytaxtlik yigit mamlakatdagi yetakchi oliygoh — Parij siyosiy fanlar institutida tahsil oldi. Keyinroq AQShning jahonga mashhur Garvard universitetida bilimlarini chuqurlashtirdi.
Shirakning bolalik do‘stlari u yoshligida juda ham tortinchoq, uyatchan bo‘lganini eslashadi. Mustahkam va bukilmas iroda sohibi bo‘lgan parijlik intilishi hamda harakati bilan inson o‘z fe’l-atvorini ham o‘zgartirishi mumkinligini isbotladi. Shu tariqa Jak Shirak — onasining erkatoy va uyatchan farzandi, maktabda suratga tushishdan ham uyalib yurgan bolakay katta hayot ostonasiga yetib keldi.
1957 yilda kichik ma’mur vazifasida ish boshlagan Shirak besh yil ichida Jorj Pompidu hukumatining yetakchi mansabdorlari qatoriga o‘tdi. 1972 yilga kelib qahramonimizga birinchi marotaba vazirlik maqomi nasib etdi va u parlament bilan aloqalar bo‘yicha hukumatning ishonchli vakili bo‘lib qoldi. Oradan ko‘p o‘tmay, Shirak vazirlik portfelini alishtirdi: unga mamlakat qishloq xo‘jaligini ko‘tarish vazifasi ishonib topshirildi. Bu orada siyosatdon arbob mamlakat ichki ishlar vaziri lavozimida ham xizmat qildi.
Jak Shirak 1974 yilda Frantsiyadagi yetakchi siyosiy harakat — respublikachilar partiyasining rahbari etib saylandi. Ayni o‘sha yili o‘tgan saylovda partiya g‘alaba qozondi va Shirak muvaffaqiyatga erishgan siyosiy harakatning rahbari sifatida hukumat boshlig‘i lavozimiga loyiq ko‘rildi. U bosh vazir vazifasida ikki yil ishladi va ko‘pchilik kutmagan bir vaziyatda Parij meri lavozimi uchun bo‘layotgan saylovga o‘z nomzodini qo‘ydi. Bu paytda mamlakatdagi yetakchi arboblardan biri bo‘lib qolgan Shirak osonlik bilan g‘alabaga erishdi.
Ko‘pchilik bosh vazirning bu harakatiga tushunolmadi. Do‘stu dushman endilikda Parij meri unvoniga ega bo‘lgan rahbarning xatti-harakatini taajjub bilan qabul qildi. Biroq hammasi keyinroq ayon-oshkor bo‘ldi.
Bu paytga kelib, Yevropaning eng qadimiy va go‘zal shahri iflos va tartibsiz bir maskanga aylangandi. Shoshmashosharlik bilan qurilgan binolar, maishiy chiqindilar bilan to‘lib-toshgan dahalar va atrof-muhitga tonnalab zaharli moddalar chiqarayotgan zavod-fabrikalar qadimiy Parij husniga dog‘ bo‘lib tushayotgandi.
Katta hayotiy tajribaga ega bo‘lgan Shirak oz fursat ichida hammasini joy-joyiga keltirdi. Minglab zamonaviy uy-joylar qurildi, atrof-muhit tozaligi bo‘yicha ommaviy tadbirlar olib borildi va oradan ko‘p o‘tmay Parij yana avvalgiday Yevropaning eng obod va go‘zal shahriga aylandi. Poytaxt meri lavozimida u 18 yil ishladi.
1995 yil qahramonimiz hayotida juda katta o‘zgarish yuz berdi. Mamlakatning birinchi raqamli rahbari —prezidentlik uchun saylovda ishtirok etgan Jak Shirak ulkan g‘alabaga erishdi. Ana shunda 20 yilcha avval Shirak tomonidan qilingan tavakkalchilik mohiyatiga ko‘pchilik tushundi...
Dunyo jurnalistlari Jak Shirakning davlat rahbariga xos bo‘lmagan bir xislati haqida ko‘p bora yozishgan. Frantsiya rahbari aksariyat siyosiy yetakchilardan farq qilib rasmiyatchilik, rasmiy qabul va uchrashuvlarni unchalik ham yoqtiravermaydi. Ko‘proq samimiy ochiq muloqotlar o‘tkazishga harakat qiladi.
Frantsiya rahbari diplomatlarga, siyosatdonlarga unchalik ham mos kelavermaydigan qaysar xarakterga ega. 1992 yilda — hali Parij meri lavozimida xizmat qilayotgan paytda Shirak Pekinga rasmiy tashrif bilan kelgandi. O‘shanda bir qancha Xitoy rasmiylari bilan uchrashgan Frantsiya vakili negadir hamkasbi — Pekin hokimi bilan uchrashuvni bekor qilgan va vataniga jo‘nab ketgandi. Keyinroq ma’lum bo‘lishicha, 1989 yili Pekinning Tyananmin maydonida bo‘lib o‘tgan talabalarning tinch namoyshini qonga botirgani uchun Shirak poytaxt rahbariga shu tariqa o‘z noroziligini bildirgan ekan.
Ko‘pchilikning yodida qolgan yana bir hodisa. 1994 yili butun dunyo Xristofor Kolumb tomonidan Amerika qit’asi kashf etilganining 500 yilligini tantana qilayotgandi. Jak Shirak tantanalarning asosiy mezboni Ispaniya qiroliga kutilmagan murojaat bilan chiqdi. Frantsiya rahbari ispan taxti sohibiga uch milliondan oshiq begunoh odamning qirg‘in bo‘lishiga sabab bo‘lgan voqea munosabati bilan qilinayotgan tantanada umuman ishtirok etmasligini ma’lum qildi va mubolag‘asiz butun dunyoni hayron qoldirdi. O‘shandan ba’zilar Shirakni siyosatdan uzoq rahbar deb ham atashdi. Lekin, qizig‘i, cho‘rtkesarlik ortidan berilgan baho doim siyosat ichida bo‘lgan va, ta’bir joiz bo‘lsa, siyosat bilan nafas oladigan Frantsiya rahbarining obro‘siga salbiy ta’sir ko‘rsatmadi.
Jak Shirak san’atga juda ham qiziqadi va, ta’kidlash o‘rinliki, bu qiziqish fanatlik darajasida. Prezidentlik uning Sharq san’ati namunalariga qiziqishi, qimmatbaho tarixiy yodgorliklar —haykallar, surat va qo‘lyozmalarni yig‘ishiga xalaqit bermaydi, bil’aks yordam beradi.
Yoshligidanoq Yevropa klassikasi bilan oshno bo‘lgan Jak Shirak adabiyotga haddan ziyod ixlos qo‘ygan. Rus tilini ham mukammal o‘rgangan prezident hatto Pushkinning mashhur “Yevgeniy Onegin”ini ham frantsuzchaga tarjima qilgan.
Jak Shirak Frantsiyaning tarixiy shuhratini tiklashga katta hissa qo‘shdi. Bir muddat xalqaro maydondagi yetakchilik rolini yo‘qotgan mamlakat yana o‘z o‘rni, mavqeni tikladi. Jahon taqdiriga daxldor muhim voqealarga o‘z munosabatini erkin bildira boshladi. Dunyo Frantsiya so‘ziga yana quloq tutishga ko‘nikdi.
Sobirjon Yoqubov