Amerika tarixida yetakchi o‘rin tutgan shaxslardan biri, shubhasiz, Franklin Delano Ruzveltdir. Yaqinda xorij matbuoti elektron saytlarida u haqda qiziqarli ma’lumotlar e’lon qilindi. Ular Yalta konferentsiyasi bilan bog‘liq.
Ma’lumki, 1945 yil 4—11 fevral kunlari Qrimda tashkil etilgan konferentsiyada SSSR, Buyuk Britaniya va AQSh hukumati rahbarlari o‘zaro uchrashishdi. Stalin, Cherchil va Ruzvelt yig‘inda deyarli yakunlanay deb qolgan II jahon urushi yuzasidan bir qator masalalarni ko‘rib chiqishdi.
Manbalarga asoslanadigan bo‘lsak, aynan shu kunlarda AQSh prezidentining aqliy faoliyati ma’yorida bo‘lmagan. Natijada, Stalin bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralarda Ruzvelt urushdan keyingi holat uchun qimmatga tushadigan ko‘plab xatoliklarga mualliflik qilgani aniqlandi. Garchi shifokorlar uning kasalligi haqida bilishsa-da, aniq tashxis qo‘ya olmaganlar yoki qo‘yishni xohlamaganlar. Yalta konferentsiyasidan 60 yil o‘tib, amerikalik psixiatr kasallik Ruzveltni bir nechta diplomatik va siyosiy xatolar qilishiga sababchi bo‘lganini aytib o‘tdi. Bunga Stalinning Manjuriyani bosib olishi va Polshada sovet nazoratini o‘rnatish uchun qilgan harakatlariga AQSh tomonidan munosabat bildirilmaganligi yaqqol misol bo‘la oladi.
Aslida AQShning 32-prezidenti o‘z ishiga jiddiy mas’uliyat bilan yondashadigan rahbarlardan biri bo‘lgan. Lekin nima uchundir muhim hujjatlarni e’tiborsiz qoldirgani, «kommunizm dunyosi yalovbardori» faoliyatiga qarshilik ko‘rsata olmaganidan ko‘pchilik ajablanib kelmoqda edi.
«Biz o‘sha paytda prezidentning miya faoliyati me’yorida emasligini va ma’lumotlarni aniqlik hamda diqqat bilan tahlil etish qobiliyati susayganligini tasdiqlaymiz, — deydi (FBI) Federal qidiruv Byurosining katta maslahatchi-ruhshunosi Flen Saleren. — Tibbiyot hujjatlari biz uchun asos bo‘la oladi”. Muammolar Ruzvelt to‘rtinchi bor hokimiyat tepasiga kelganda (1944 yil) yanada ko‘paygan va bu boradagi ma’lumotlar qayd etib borilgan.
Qrim konferentsiyasidan ikki oy o‘tgach, Franklin Ruzvelt miyaga qon quyilishi natijasida vafot etgandi. Salerenning aytishicha, dastlabki ruhiy tahlillarning o‘ziyoq haqiqiy ahvoldan to‘liq voqif qila oladi. Mutaxassis tibbiy hujjat va arxivlar yordamida prezidentga bir qadar aniq tashxis qo‘yish mumkinligi bilan o‘z fikrini asoslashga harakat qiladi. Garchi u o‘z “bemori” bilan suhbatlashmagan va unga kerakli savol hamda maslahatlar bermagan bo‘lsa-da, so‘nggi prezidentlik muddati davomida F.Ruzvelt gipertoniya va yurak qon tomirlarida qon harakatining berkilib qolishidan aziyat chekkanini ta’kidlab o‘tadi. Uning fikriga ko‘ra, bunga gipoksiya, ya’ni miyaga kislorod yetishmasligi sabab bo‘lgan. “Delanoning miya to‘qimalari yetarlicha kislorod moddasi bilan to‘yinmagan, — deya ma’lumot beradi Saleren «Independent» gazetasiga, — miya esa me’yorida ishlay olmagan. Uning intellektual salohiyati va fikrlash layoqati yo‘qolib borgan”.
Uch davlat hukumat rahbarlari o‘rtasidagi uchrashuvda, bizga ma’lumki, nafaqat Germaniya va Yaponiyaning taqdiri hal qilindi, balki xalqaro tashkilotlar uchun ham tamal toshi qo‘yildi. Katta shov-shuv bo‘lgan “Sovuq urush” kitobi mualliflari Teylor Dauning va Jeremi Ayzekslarning talqiniga qaraganda, konferentsiya ittifoqdoshlar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun qo‘yilgan muhim qadam vazifasini bajarib bergan va ayni vaqtda “Buyuk Alyans”ni bo‘laklarga bo‘lib yuborgan.
O‘shanda Ruzvelt BMTni tashkil etish g‘oyasi bilan chiqib, SSSRning Yaponiyaga qarshi urushga kirish rejasini qo‘llab-quvvatlagandi. Yevropa AQSh prezidentini unchalik xavotirga solmagan. Stalin esa sobiq ittifoq savlati va shavkatini yanada kengroq yoyish, ko‘z-ko‘z qilish maqsadida g‘arbiy chegaralarida ham bir qator davlatlar tashkil etish fikri bilan yashagan.
Saidjon MAXSUMOV, Zohidjon XOLOV tayyorladi.