OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Oq Uyni zabt etish uchun "shturm"

AQShda respublikachilar va demokratlar o‘rtasida prezidentlik uchun kurash boshlandi
AQSh xalqaro maydonda anchayin obro‘sidan ayrilib, “xaloskorlik” mavqeini yo‘qotayotgan bir paytda mamlakatda navbatdagi prezidentlik sayloviga tayyorgarlik jadallashdi.

 

Jorj Bushning mohir siyosatchiga xos bo‘lmagan pala-partish harakatlari yoki Iroq, Afg‘oniston urushi tufayli mamlakat juda katta yo‘qotishlar qilayotgani sabab bo‘ldimi, ish­qilib, Qo‘shma Shtatlardagi siyosatdonlar bu safar saylov kampaniyasini juda erta boshlashdi.

AQShda davlatni ikki hukmron partiya — respublikachilar va demokratlar idora qiladi. Garchi mamlakatda yuzlab kichik partiyalar faoliyat yuritsa-da, mana 200 yildan oshdiki, ular katta siyosatga sezilarli ta’sir ko‘rsata olmay kelyapti. Odatdagidek bu gal ham prezidentlik saylovida ana shu ikki yirik siyosiy guruh raqobatga kirishadi. Hozirga qadar 10 ga yaqin nomzod prezident Jorj Bushning o‘rnini egallash niyatini ochiq-oshkora bildirdi. Xudo omonlik bersa, saylovga qadar hali bunday nomzodlarning yana necha o‘ntasini ko‘rish mumkin. Biroq nomzodlar qancha ko‘paymasin, baribir uloq xalqqa taniqli bo‘lgan siyosatchilarda ketadi. Xususan, aholi tabiatan siyosiy nomzodning ishiga emas, omma oldida chiqishiga qarab baho beradigan Amerika sharoitida har doim ham favoritlar g‘alabaga erishgan.

So‘nggi 6-7 yilda Amerikaga rahbarlik qilgan respublikachilar partiyasi ayni paytda sarosima holatiga tushib qolgan. O‘tgan yilning noyabrida Kongress uchun bo‘lgan saylovda demokratlarning mutloq g‘alabaga erishgani Jorj Bush yetakchiligidagi partiyaga juda katta zarba bo‘ldi. Boz ustiga, Iroq urushi tufayli partiya a’zolari o‘rtasida yuzaga kelgan ichki kelishmovchiliklar kun sayin kuchayib boryapti. Ana shunday murakkab bir vaziyatda mamlakat prezidentligi uchun respublikachilar tomonidan ikki yetakchi siyosatchi — Jon Makkeyn va Rudolf Juliani nomzodi ko‘rsatilgan.

Vetnam urushi qatnashchilaridan biri bo‘lgan qariya senator Jon Makkeyn prezident Jorj Bushga qarshi keskin tanqidiy fikrlari bilan tanilgan. Senatorning garchi bitta partiyadan bo‘lsa ham, amaldagi prezidentga jiddiy raqiblik kayfiyatida ekani bejiz emas. 2000 yili — Amerika hukumati tepasiga Jorj Bush kelgan saylov paytida Makkeyn respublikachilar partiyasi yetakchiligi uchun qat’iy kurashgan edi. Agar taqdirning inoyati bilan Jorj Bushga o‘sha paytda omad kulib boqmaganda, Oq uy sohibligi Jon Makkeynga nasib etishi ham mumkin edi. Bundan 7 yil oldingi mag‘lubiyat alamini hali unutmagan senator navbatdagi saylovlarga umid qilib turibdi. Biroq Makkeyn har qancha taniqli siyosatchi bo‘lmasin, respublikachilar tomonidan ilgari surilgan ikkinchi nomzod — Rudolf Julianining soyasida qolib ketishi ham hech gap emas.

Nyu-York shahrining sobiq meri Rudolf Juliani — Amerika xalqining yoqimtoy va sevimli siyosatchilaridan biri. Juliani hokimlik yillarida so‘nggi vaqtda shiddat bilan rivojlanayotgan Osiyo shaharlari oldida yetakchilik nufuzini yo‘qotgan Nyu-York obro‘sini tikladi. Shahar aholisi o‘rtasida avj olgan qashshoqlikni bartaraf etdi. Biroq Rudolf Julianini Amerika xalqiga manzur va maqbul qilgan asosiy omil... 11 sentyabr voqealari bo‘ldi. 2001 yilda ro‘y bergan o‘sha mash’um qo‘poruvchilik harakatlaridan keyin asosiy jabrdiydalardan biri bo‘lgan Nyu-York shahri aholisi butkul umidsiz va tushkun holatga tushib qoldi. O‘z mamlakati hududida urush ko‘rmagan millat dahshatli portlashlardan o‘zini yo‘qotib qo‘ydi. Ana shu og‘ir vaziyatda Rudolf Juliani go‘yoki millat xaloskori sifatida maydonga chiqdi va tiz cho‘kkan shaharni yana oyoqqa turg‘izdi.

Ochig‘i, agar 2004 yilgi prezidentlik saylovida Rudolf Juliani o‘z nomzodini ilgari surganda, g‘alabaga erishishi mumkin edi. Lekin Jorj Bushdan ham obro‘si balandroq bo‘lgan siyosatchi partiyadoshi foydasiga oldingi saylovdan voz kechdi. Galdagi umumxalq ovoz berish tadbirida esa Nyu-Yorkning sobiq meri respublikachilarning ishongan tog‘i bo‘lib turibdi.

Demokratlar ham raqiblaridan ortda qolmaslik uchun targ‘ibot-tashviqotni hozirdan boshlab yuborishgan. Amaldagi prezident­ga muxolifatda bo‘lgan partiyadan ham ikki asosiy nomzod ko‘rsatilgan: Hillari Klinton va Barak Obama.

Amerikaning sobiq birinchi raqamli xonimi Hillari Klinton birinchi raqamli rahbar bo‘lishga ko‘pdan beri harakat qiladi. Ayni paytda senatorlik bilan cheklanib turgan xonim Amerikaning eski shuhratini  tiklash tarafdori. H. Klinton ham xuddi turmush o‘rtog‘i Bill Klinton kabi o‘z siyosiy kursini “Amerikaga yangilanishlar kerak!” degan shior bilan belgilagan. Oxirgi yillarda xotin-qizlar, bolalar va jamiyatning ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini muhofaza qilish borasidagi ishlari bilan tilga tushgan senator xonim Jorj Bushning xalqaro munosabatlar, xususan, Iroq urushi borasidagi siyosatini keskin qoralaydi.

Illinoys shtati senatori Barak Obama ham o‘z siyosiy qarashlarini amaldagi prezident faoliyatiga tanqidiy yondashuv asosiga qurgan. Senatorning fikricha, Vashingtondagi siyosiy faoliyat pul va ma’lum guruhlarning ta’siri doirasiga tushib qolgan. Shu bois ham, muhim masalalarni to‘g‘ri hal qilish imkoni juda ham cheklangan. Obama ham qolgan nomzodlar kabi agar Oq uy “shturm”i muvaffaqiyatli yakunlanib, mamlakat prezidentligiga saylansa, bu to‘siqlarni bartaraf etish, poytaxtda sog‘lom siyosiy muhit yaratishga va’da bergan.

Saylov hali boshlanmasdan turib kim g‘alaba qozonishi xususida aniq bir fikr aytish qiyin. Biroq shunisi aniqki, demokratlar g‘alaba qilish yoki qilmasligidan qat’i nazar, har ikki nomzod nomi ham mamlakat saylov tarixida alohida sahifaga yoziladi: Hillari Klinton prezident­lik uchun kurashgan ilk ayol siyosatchi sifatida, Barak Obama esa davlat rahbarligi saylovida ishtirok etgan birinchi qora tanli fuqaro sifatida.

1988 yilgi saylovda g‘alabaga erishgan katta Jorj Bush o‘z nomzodini ovoz berish tadbiriga bir necha oy qolgandagina ilgari surgan edi. Hozir esa siyosiy yetakchilar hali saylovga ikki yilga yaqin vaqt bo‘la turib o‘z nomzodlarini e’lon qilishni boshlab yuborishdi. Harqalay, o‘zi shundoq ham tarang bo‘lib turgan siyosiy vaziyat yanada murakkablashyapti. Shunga yarasha saylov ham shiddatli kurashlar bilan o‘tsa ajab emas.

Sobirjon Yoqubov

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.