OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Davlat deb tan olinmagan... davlatlar

yoki geosiyosiy manfaatlar yo‘lida kurashayotgan Rossiya hamda ikki tomonlama standartlardan voz kecholmayotgan G‘arb raqobati xususida


Xalqaro siyosatda qiziq bir  holat mavjud: ma’lum hududlarga egalik uchun o‘zaro kurashayotgan mamlakatlar talashilayotgan joy arzimas bo‘lsa-da, katta yo‘qotish va xarajatlar evaziga raqibga yon bermaslik payida bo‘lishadi. Bu yo‘lda mamlakatlar hatto talash bo‘layotgan hududdan bir nechtasini bemalol sotib olishga yetgulik mablag‘ni ham ko‘z yumib sarflab yuborishadi. Ya’ni hududlar uchun kurashlarda moddiy manfaat emas, uzoqni ko‘zlagan siyosiy maqsadlar birinchi planga chiqadi. Ko‘pdan buyon katta mojarolarga sabab bo‘lib kelayotgan Pridnestrove, Abxaziya, Janubiy Osetiya kabi hududlar borasida ham ana shu fikrni aytish mumkin.

Pridnestrovye ko‘pdan buyon Moldova rahbariyatining «osh­qozonidagi yara» bo‘lib qolmoqda, deyish mumkin. Mana necha yildirki, o‘zini allaqachon mus­taqil davlat deya e’lon qilgan hudud Moldova Respublikasidan rasman suverenitet berishni talab etib charchamaydi. O‘z nav­batida rasmiy Kishinyov ham gagauzlarga (mazkur hududda asosan gagauz millatiga mansub aholi istiqomat qiladi, shu bois Pridnestrove Gagauziya deb ham ataladi) rad javobini berish, ularni ayirmachilik kayfiyatidan ayblashdan to‘xtamaydi. Moldova prezidenti Aleksandr Voronin Pridnestrove masalasiga shu qadar jiddiy ahamiyat berdiki, u hatto yaqin ittifoqchisi bo‘lgan Rossiya bilan bu borada «sen-men»ga borishgacha yetdi.

Moldova rahbariyati hududni respublika tarkibida saqlab qolish uchun nimalar qilmadi deysiz. Kishinyov tomonidan Tiraspol (Pridnestrove ma’muriy markazi)ga diplomatik bosim o‘tkazildi, iqtisodiy taqiqlar qo‘yildi, bojxona va chegara borasida cheklovlar ham joriy etildi. Biroq iqtisodiy jazo ko‘rinishidagi chora-tadbirlar shu paytgacha biror ijobiy natija bermadi. Hududning mustaqillik uchun harakati kuchaysa kuchaydiki, susaymadi. 2006 yil oxirida o‘tgan prezidentlik saylovida mustaqillik tarafdori bo‘lgan Igor Smirnovning Pridnestrove rahbarligiga saylanishi hudud aholisi o‘z ahdida mustahkam turganini ko‘rsatdi. Eng qizig‘i, Moldova tomoni qo‘lida qo‘g‘irchoq bo‘lib qolishdan istihola qilgan amaldagi prezidentning muxolifatlari ham saylovda qatnashishmadi... 

Janubiy Osetiya Mixail Saakashvili rahbarligidagi Gruziya davlatiga tuganmas tashvish keltiryapti. Eduard Kokoyta prezident bo‘lib turgan hudud Gruziya tarkibidan chiqib, Rossiya safiga o‘tishni ko‘pdan buyon orzu qiladi. Ochig‘i, Gruziya tepasida Rossiyaning eski qadrdonlaridan Eduard Shevernadze turgan paytda Janubiy Osetiya mojarosi hozirgidek keskin tus olmagan edi. Hokimiyat tepasiga «Amerikaning kuyovi» (M. Saakashvili) kelgach, barcha xalqaro masalalar, xususan, Rossiya bilan bog‘liq mojarolarni shartakilik bilan hal etishga kirishildi. Biroq Gruziya kabi mo‘’jazgina davlat Rossiyadek ulkan davlat bilan siyosiy raqobatga dosh berolmasligi aniq edi. Shu tariqa go‘yoki Rossiyaning Gruziyada davlat to‘ntarishi uyushtirishga hozirlik ko‘rayotgani, keyinroq josuslikda ayblangan rus harbiy zobitlarining qamalishi kabi mojarolar qatori Janubiy Osetiya masalasida ham Tbilisi mag‘lubiyatga uchradi. Yangi yilni Janubiy Osetiya ma’muriy markazi Sxinvalida nishonlashga tantanali va’da bergan Gruziya mudofaa vaziri Irakliy Okruashvilining shirin orzulari armon bo‘lib qoldi. Rasmiy Tbilisi 2006 yil oxirida Janubiy Osetiyada o‘tgan prezidentlik saylovini umid bilan kuzatgandi. Harqalay, mo‘’jiza ro‘y berib hokimiyat tepasiga Gruziya hukumatining  so‘zlariga quloq osadigan arbob kelib qolishi ham mumkin edi-da. Biroq qizil qor yog‘madi, mo‘’jiza ro‘y bermadi. Ashaddiy mustaqillik kurashchisi sifatida tanilgan Eduard Kokoyta yangi muddatga Janubiy Osetiya prezidenti bo‘lib qoldi...
Abxaziya — xalqaro hamjamiyat davlat deb tan olmagan... davlatlardan biri. Gruziya garchi Abxaziyani o‘z amloki sifatida iddao qilsa-da, amalda hudud allaqachon iqtisodiy mus­taqil bo‘lib ulgurgan. Ya’ni ko‘plab mojaroli hududlar qatori Abxaziya ham de-yure — Gruziya tarkibida, de-fakte — o‘ziga xon, o‘ziga bek. Darvoqe, hududda mustaqillik uchun umumxalq ovoz berish tadbiri (referendum) ham o‘tkazilgan. Biroq aholining asosiy qismi Gruziya tarkibidan chiqish uchun ovoz bergan bo‘lsa-da, prezident Sergey Bagapshning mustaqil davlat qurish yo‘lidagi harakatlari hozircha ijobiy samara bermayapti.

Tajribadan ma’lumki, hududlar bilan bog‘liq mojarolarni bosim o‘tkazish, qurolli yo‘llar bilan hal etish imkonsiz. Gruziya va Moldova tomonidan Prid­nestrove, Janubiy Osetiya, Abxaziyaga bu tariqa siyosiy bosimning kuchaytirilishi ham ixtilofni chuqurlashtirishdan boshqa oqibatga olib kelmaydi. Eng yomoni, iqtisodiy-siyosiy ta’qib va taqiqlar mazkur hududlardagi demokratik islohotlarni ham orqaga suradi. Ayni paytda uchala mojaroli hududda ham avtoritar hokimiyatni yodga soluvchi tartib-qoida hukmron, boz ustiga, tan olinmagan davlatlarda ko‘pdan buyon tanlangan siyosiy arboblar rahbarlik qilib kelishmoqda.

Rossiya va G‘arbning aksariyat xalqaro masalalar qatori Abxaziya, Janubiy Osetiya va Prid­nestrove borasida ham qarashlari turli qutblarda. G‘arb mamlakatlari (Yevropa Ittifoqi va AQSh) nazdida uchala hududning mustaqillik da’vosidagi urinishlari ayirmachilik (separatizm)ning aynan o‘zginasi.

Kreml esa Rossiyadan oshkora yordam so‘rayotgan hududlarning mustaqil davlat tuzish yo‘lidagi harakatlarini xalqaro huquq me’yorlarida mustahkamlangan erkinlikdan foydalanish deya talqin qiladi. Bu o‘rinda mojaroli hududlar yonini olayotgan Rossiya ilgari surayotgan dalil xalqning asosiy qismi — ko‘pchilik aholi xohish-istagini ro‘yobga chiqarish talabidir.

Sayyoramizdagi barcha davlatlar ham, eng avvalo, milliy manfaatni bayroq qilishi shubhasiz. Aslida ham xalqaro munosabatlarda o‘z manfaatidan voz kechib, og‘zidagi oshini hamkor mamlakatga berib qo‘yadigan mard (yoki ahmoq) topilmasa kerak. Bu yog‘ini so‘rasangiz, mojaroli hududlar borasida ham dunyo davlatlarini xolis, adolatli deb bo‘lmaydi. Misol uchun, Abxaziya, Janubiya Osetiya, Pridnestrove masalasida mus­taqillik talab qilayotgan hududlarni tanqid qilayotgan G‘arb mamlakatlari siyosatini tahlil qilib ko‘raylik.

Kosovo hududi mana necha yillardan beri xuddi yuqorida nomi zikr etilgan davlatchalar kabi sobiq Yugoslaviya (hozirgi Serbiya) tarkibidan chiqishni talab qilib kelmoqda. Yevropa Ittifoqining katta arboblari ushbu mojaroda Kosovo tomonini yoqlashmoqda, Serbiya hukumatini esa milliy ozchilik manfaatlari va huquqlarini buzishda ayblashmoqda. Aslini olganda, Kosovo masalasi bilan Abxaziya, Janubiy Osetiya, Pridnestrove mojarosi o‘rtasida biror jiddiy farq yo‘q. Har ikkala holatda ham kichik ma’muriy hududlar suverenitetga ega bo‘lish va o‘zi istagan davlat tarkibiga o‘tishni niyat qilishmoqda. Biroq, eng hayratlanarlisi, aynan bir xil bo‘lgan masalada G‘arb davlatlarining munosabati turlicha bo‘lyapti. Bu esa ko‘pdan buyon G‘arb mamlakatlarini ikki xil standartlarga rioya etishda ayb­lab kelayotgan mutaxassislarning qarashlarini tasdiqlaydi, xolos.  

Mojaroli hududlar borasida Rossiya ham, AQSh ham, Yevropa Ittifoqi ham o‘z to‘rida haq. Albatta, qaysi tomon mutlaq haqligini belgilash jurnalist­ning vakolatiga kirmaydi. Biroq bu o‘rinda asosiy masala BMT hujjatlarida, umuman, xalqaro huquq me’yorlarida milliy  suverenitet va davlatning hududiy daxlsizligi tushunchalari aniq ajratilmagani, bu ikki murakkab istiloh mohiyati puxta ochib berilmaganini aytib o‘tish joiz. Ayni shu sababli mojaroli hududlar borasidagi ixtiloflar ko‘paygandan ko‘payib boryapti. Masalan, Tayvan Xitoydan suverenitet talab qilsa, Pekin rahbariyati davlatning hududiy yaxlitligini ro‘kach qilib bemalol ma’muriy hudud so‘rovini rad etishi mumkin. Ya’ni xalqaro huquq me’yorlari bunday ziddiyatli vaziyatlarni bartaraf etishda ko‘p bora pand berib qo‘yyapti. Bu jihatdan, xalqaro me’yorlarning aniq ishlash mexanizmini amalga tatbiq etish haqida gapirayotgan mutaxassislar ming karra haqlar.

Sobirjon Yoqubov

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.