OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Prezidentlarni "qulatgan" maxfiy yozuvlar

Dunyoda katta siyosat kabi nozik va murakkab soha topilmasa kerak. Bu yo‘lga kirgan odam har bir so‘zi, har bir xatti-harakatini nazorat qilish shart. Chunki katta siyosat vakillari — davlat rahbarlari, arboblar har doim omma nigohida bo‘lishadi. Birgina aytilgan nojo‘ya so‘z, birgina tashlangan bejo qadam oxir-oqibat siyosatdonning obro‘sini yerparchin qilishi hech gap emas. Yaqindagina Vengriyada ro‘y bergan siyosiy inqiroz — butun mamlakatni qamrab olgan norozilik chiqishlariga ham mamlakat bosh vazirining birgina nut­qi sabab bo‘ldi. Hukumatning 2006 yil may oyida o‘tkazilgan yopiq majlisida Vengriya bosh vaziri Ferents Dyurchan mamlakatning rivojlanish holatini qattiq tanqid qiladi. Bosh vazir majlis yopiqligini inobatga olib, mamlakatdagi ahvol xususida hukumat rahbariga xos bo‘lmagan keskin va ochiq gaplarni aytadi: “Biz katta yo‘qotish qildik. Yevropaning birorta ham davlati biz kabi ahmoqona ishga qo‘l urmadi. Ahvolni yaxshilash o‘rniga ertayu kech yolg‘on so‘zladik. Mamlakat iqtisodi faqatgina Yaratganning ilohiy madadi, jahon iqtisodida pul vaznining yuqori bo‘lgani va yuzlab fokuslar vositasidagina saqlab qolindi”. Bosh vazir yopiq yig‘indagi ushbu ochiq bayonotni Vengriyada ahvolni yaxshilash maqsadida aytgan bo‘lishi ehtimol. Biroq u hukumat tarkibida muxoliflar ham borligini bir lahza unutib qo‘ydi. Oradan yarim yilcha vaqt o‘tib, bosh vazir nutqi maxfiy ravishda yozilgan 25 daqiqalik plyonka Vengriya radiosi xodimlari qo‘liga “tasodifan” tushib qoldi. Radio ijodkorlari ham shov-shuvli materialni saqlab o‘tirmay, namoyish qilib yuborishdi. Oqibatda, butun mamlakatni qamrab olgan norozilik namo­yishlari avj olib ketdi.

Vengriya bosh vaziri Ferents Dyurchan-ku, bir amallab o‘z lavozimini saqlab qoldi. Biroq tarixga bir nazar solganda, maxfiy yozuvlar tufayli ayrim davlat rahbarlarining iste’foga chiqishga majbur bo‘lganini ham kuzatish mumkin.

Maxfiy yozuvlarning eng katta qurboni — Amerika prezideti Richard Nikson. “Uotergeyt” nomi bilan mashhur bo‘lgan mojaro haqida ko‘pchilik gazetxonlar xabardor. 1970-yillarda Qo‘shma Shtatlarda kuchayib ketgan siyosiy kurashlar davrida Richard Nikson muxoliflari — demokratlarga qarshi kurashning noqonuniy yo‘lini tanlagan edi. O‘shanda prezidentning buyrug‘i bilan demokratlarning “Uotergeyt” mehmonxonasida o‘tayotgan yig‘inini tinglash uchun maxfiy uskuna o‘rnatilgan edi. Muxolif kuchlarning siyosiy rejalarini bamaylixotir tinglagan Richard Nikson ayni shu qilmishi sababli yaqin kunlarda ishdan ketishini kutmagandi. Biroq “Vashington post” gazetasining tinib-tinchimas muxbirlari Bob Vudvord va Karl Bernshteyn tekshiruvlar orqali prezidentning jinoiy harakatini fosh qilishdi. Pirovardida maxfiy yozuvlar tufayli Richard Nikson muddatdan oldin iste’foga chiqishga majbur bo‘ldi.

Oradan chorak asrcha vaqt o‘tib  shunga o‘xshash voqea Ukrainada ro‘y berdi. Tarixga “Kuchmageyt” nomi bilan kirgan mojaro Ukraina prezidenti Leonid Kuchmaning maxfiy so‘zlashuvlari bilan bog‘liq. Gap shundaki, prezident qo‘riqchilaridan biri davlat rahbarini muhofaza qilishdan tashqari uning hukumat mansabdorlari bilan suhbatlarini ham yozib yurgan. Keyinroq e’lon qilingan maxfiy yozuvlarda qayd etilishicha, o‘zini anchayin erkin va dadil tutgan, hattoki so‘kishlar bilan suhbatlarni “boyitgan” prezident o‘z qo‘l ostidagi organ xodimlariga muxolifatning ildizini qirqish borasida jiddiy ko‘rsatmalar bergan. Hammasidan ham Leonid Kuchma tomonidan maxsus xizmatlarga amaldagi hukumatga muxolifatda bo‘lgan jurnalist — Georgiy Gongadzeni yo‘q qilish haqida buyruq berilgani va shundan ko‘p o‘tmay erkin fikrli jurnalistning qatl etilgani Ukrainada katta siyosiy inqiroz boshlanishiga olib keldi. Va, aytish kerakki, Leonid Kuchmaning majburiy iste’fosiga ko‘p jihatdan ana shu maxfiy yozuvlar sabab bo‘ldi.

Yashirin yozuvlar “balosi”dan Yevropa rahbarlari ham omon qolishmagan. Margaret Tetcherdan keyin Buyuk Britaniyani idora qilgan bosh vazir Jon Meyjor mamlakati uchun ko‘p ezgu ishlarni qilgan. Biroq konservatorlar partiyasi yetakchisining hamma yaxshi ishlari u yoqda qolib hozirgacha inlizlar eng avval uning o‘z yaqin a’yonlarini so‘kkanini eslashadi.  Yevropa Ittifoqi bilan munosabatlarda o‘z qo‘l ostidagi rahbarlar bilan kelisholmagan bosh vazir ularni beixtiyor haqorat qilgandi. Keyinroq ma’lum bo‘lishicha, bosh vazirning og‘zidan chiqqan noxush so‘zlar audiotasmaga muhrlangan ekan.

Belorus prezidenti Aleksandr Lukashenko bilan bog‘liq hodisa ham ko‘p muhokamalarga sabab bo‘lgan. OAV xodimlari bilan uchrashgan paytida har bir so‘zi yozilayotganidan bexabar Belorus rahbari Adolf Gitler o‘rgansa va taqlid qilsa arziydigan prezident respublikasi modelini yaratgani haqida gapirib yuborgan edi...

Abdul Sobir
"Hurriyat" gazetasidan olindi

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.