OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

«Sovuq urush» ostonasida?! Rossiya-Yevropa Ittifoqi-AQSH munosabatlari qanday asosga qurilishi kerak

Yangi Rossiya mag‘rur va yakkahukmronlik siyosati bilan Yevropani kurashga chorlamoqda. Mazkur strategik raqobat esa xoh energetika sohasi, xoh siyosiy sahnada bo‘lsin, tobora kuchaymoqda. Energetika manbalari mamlakati  — Vladimir Putin Rossiyasi jahon siyosiy maydonida an’anaviy yetakchilik rolini o‘ynash istagini oshkora bildirmoqda. Bunday da’vo uchun mamlakat jiddiy asosga ega. Yangi geosiyosiy ixtilof bilan ro‘baro‘ bo‘lgan G‘arb va Yevropa esa xavotir hamda hadik izhor qilmoqda, go‘yoki butkul kutilmagan hodisa ro‘y bergani kabi.

Rossiya o‘z energetika manbalaridan mohirlik bilan foydalanayotgani nima uchun g‘azab aralash tahlika uyg‘otayotganini tushunish mumkin. Biroq mavjud haqiqatni tan olish biroz qiyinroq: agar Yevropa Ittifoqi hozirga qadar yagona tash­qi siyosatni ishlab chiqqanida edi, Rossiyaning Yevropa bilan munosabat borasida g‘animlarcha ishonch­sizlikka asoslangan tarixiy siyosatini diqqatdan qochirmagan bo‘lar edi. Gorbachyov umid qilgan umumiy Yevropa uyiga qo‘shilgan Rossiya to‘g‘risida orzular esa allaqachon tutun kabi tarqab ketgan.

Ochig‘ini aytganda, Sovet Ittifoqi kutilmaganda parchalanib ketgach, Yevropa Rossiya qaddini ko‘tarolmay, juda uzoq vaqt zaifligicha qolishiga ishonib qoldi. Bugun  esa G‘arb Rossiyaning tashabbusni qo‘lga olish uchun qilayotgan jiddiy harakatlariga taajjub bilan, ishonqiramasdan nazar tashlamoqda. Nahotki, Yevropaning uzoqni ko‘ra biladigan siyosiy yetakchilari mamlakat sarhadlaridagi ulkan energiya zahiralari Rossiyaga qanday kuch berishini o‘z vaqtida bilmagan bo‘lsalar?

Ushbu mamlakat o‘n yillik vayronagarchilikdan so‘ng Vladimir Putin siymosidagi rahbarni topdi va u sinalgan usullar vositasida yurtni sovet o‘tmishidan tezkor taraqqiyot va yangilanishga boshlamoqda. Prezident­ni Soljenitsin ham olqishlab, G‘arb demokratiyasi inqirozda turgan bir paytda u Rossiyani botqoqlikdan olib chiqadi, deb aytgan edi.

Xo‘sh, bu holat yaqindagina Litvada o‘tgan uchrashuvda AQSh vitse-prezidenti Dik Cheyni tilga olgan “sovuq urush” haqida gapirishga asos bo‘la oladimi? Moskvaga ochiq ogohlantirish sifatida yangragan bayonot Rossiya tomonidan uyushtirilgan fitna sifatida baholandi. Ayrimlar esa buni o‘z vaqtida bildirilgan tanbeh sifatida qabul qilishdi. Matbuot esa Cheyni nutqi bilan Cherchilning Fultondagi bayonoti o‘rtasidagi bog‘liqlikni qidirib qoldi (Izoh: Britaniya bosh vaziri  Uinston Cherchil 1945 yili AQShning Fulton shahrida qilgan chiqishida ilk bor “sovuq urush” atamasini qo‘llagan edi). Butun Yer sharini ta’minlaydigan gaz trubalari tizimi uchun xalqaro  miqyosida ketayotgan shafqatsiz raqobat sharoitida bunday quruq chaqiriqlar urushni keltirib chiqarishi qiyin. Biroq bunday yuqori jangovar ohang Yevropani xavotirga solayotgan ekan, demakki, masalani yechishda faollik ko‘rsatish vaqti kelgan. Yagona energetika siyosatini haligacha ishlab chiqa olmayotgan Ittifoq bu ziddiyatda tomoshabin rolidan xalos bo‘lishi mumkin. Buning uchun u har qadamda ustunligini namoyish qilishga urinayotgan Rossiya bilan muloqot o‘rnatishi, Kreml “tili”ni topishi zarur. Faqatgina har qanday muloqot hamkorning iqtisodiy va siyosiy manfaatlarini hisobga olgan holda, aniq hamda aqlga asoslangan bo‘lishini unutmaslik darkor.

Bu birgina iqtisodiyot yoki energetikagagina taalluqli emas: Rossiya o‘z ostonasida NATOning paydo bo‘lib qolganidan ma’lum darajada tashvishga tushgani bor gap. Bu holatda ko‘pchilik harbiy ittifoqni Vashington ko‘rsatmasi bilan Rossiyani o‘rab olish va uning suverenitetini yo‘qotishga urinishda ayblamoqda. Rossiya chegarasiga qadar yoyilgan NATO mamlakatni ochiq dengizga chiqish borasidagi asosiy imkoniyatlaridan mahrum etdi va bir paytlar hukmronlik qilgan hududlarda uning ta’sir kuchini yo‘qqa chiqardi. Bu esa Rossiyani tahlikaga solib qo‘ydi. Amerika harbiy bazalarining Markaziy Osiyo davlatlari hududiga joylashtirilishi va Vashington tomonidan hududdagi gaz va neft zahiralarini nazorat qilish yo‘lidagi urinishlar esa ishonchsizlik hamda ziddiyat iqlimini kuchaytirdi, xolos.

Boshqa tomondan, G‘arb tomonidan Ukrainadagi “norinj inqilobi”ning faol va uzoqni o‘ylamasdan qo‘llab-quvvatlangani Moskva tomonidan salbiy qabul qilinishi aniq edi. Albatta, Ukrainaning ayrim qism aholisi Moskva rahnamoligidan voz kechib, G‘arb bilan yaqinlashish yo‘lini xohlayotganini inobatga olmaslik to‘g‘ri emas. Biroq Ukraina qadimiy Kiev Rusi davlati davrlaridan buyon Rossiya milliy tafakkurida qanchalik katta o‘rin tutganini nazardan qochirish mumkinmi? Putin Rossiyasi Ukrainani o‘z ta’sir doirasida saqlab qolish ishiga birinchi darajali vazifa sifatida qarashi — ko‘rinib turgan haqiqat.  Yevropa bu holatni o‘z tamoyillaridan chekinmagan holda tushunishi kerak.

Yevropa Chechenistondagi qatag‘on siyosatini tanqid qilishga haqli. Biroq bu jarayonda Rossiya rahbariyati Federatsiyaning hududiy yaxlitligiga tahdid solishi mumkin bo‘lgan milliy ixtiloflar chiqmasligi uchun kurashayotganini ham e’tiborda tutishi kerak.

Nyu-Yorkda ro‘y bergan 11 sentyabr voqealari kuniyoq Vladimir Putin prezident Jorj Bush bilan hamfikrligini bildirdi va terrorizmga qarshi kurash borasida aynan Chechenistondagi harbiy harakatlarni bayroq qildi. Biroq bu borada Rossiya va Amerika strategiyasi o‘rtasidagi lahzalik yaqinlashish Eron masalasi paydo bo‘lishi bilan yo‘qqa chiqdi...

“Sovuq urush” davridan keyingi zamonaviy dunyo butkul o‘zgacha qiyofa kasb etmoqda. Rossiya o‘ta aniq shakllangan ambitsiyasi bilan demokratiya­ga boshlovchi yo‘ldan bormaydi, bil’aks, barqarorlikni ta’minlovchi avtoritar tizimni tanlaydi. Shu o‘rinda shiddat bilan taraqqiy etayotgan, dunyo energiya manbalari uchun kurashayotgan avtoritar boshqaruvdagi Xitoy va Rossiya Federatsiyasini muqoyasa qilib o‘taylik.

Rossiya va Xitoy ayrim masalalarda yagona to‘xtamda bo‘lmasa-da, mazkur ikki davlatning umumiy manfaatlari juda ham ko‘p. Rossiya va Xitoy — bu ikki avtokratik buyuk davlat xalqaro siyosatda kutilmagan holatlarni keltirib chiqarmoqda. Eng qizig‘i, tobora muhim ahamiyat kasb etayotgan bu omil hattoki terrorizmga qarshi kurash kontseptsiyasi ishlab chiqilayotgan paytda ham inobatga olinmagan. Yagona tashqi siyosat tizimini yaratishi zarur bo‘lgan Yevropa oldidagi vazifa shundaki, u mazkur katta o‘yindagi o‘z o‘rnini topishi kerak.

“La Libre Belgique” (Belgiya) gazetasi materiali asosida Abdul Sobir tayyorladi
"Hurriyat" gazetasidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.