Ruhoniy libosidagi... josus — Varshava diniy yetakchisi Stanislav Velgus iste’foga chiqarildi
Varshava shahri katolik cherkovi mitropoliti Stanislav Velgus bilan bog‘liq mojaro jahon matbuoti diqqat markazidagi voqealardan biri bo‘ldi. Sababi, bu birgina Polsha mamlakatiga emas, balki butun dunyodagi katolik cherkovi obro‘siga daxldor bo‘lgan ziddiyat edi. Shundoq ham Vatikan diniy boshqaruvi bir necha xalqaro mojarolarga sabab bo‘lib turgan bir paytda Varshavadagi hodisa tutab turgan o‘tni alangalatib yuborganday bo‘ldi.
HAMMASI poyoniga yetgan 2006 yilning dekabrida Rim papasi Benedikt XVI tomonidan Polsha poytaxti Varshava shahri diniy rahbarligiga Stanislav Velgus tayinlanishidan boshlandi. Agar tinib-tinchimas, yo‘q yerdan muammo tug‘diruvchi G‘arb jurnalistlari bo‘lmaganda, ehtimol, Varshava katta ibodatxonasida Velgus bemalol ishini davom ettirishi, “avliyo ota” sifatida va’z-nasihatlari bilan odamlarni xushnud qilib yurishi mumkin edi. Biroq kutilmaganda, ommaviy axborot vositalarida Varshava mitropolitligiga tayinlangan ruhoniy bir paytlar — dunyo ikkita lagerdan tashkil topgan davrda Polsha maxsus xizmati bilan hamkorlik qilgani to‘g‘risidagi xabarlar paydo bo‘ldi.
Oyni etak bilan yopib bo‘lmaydi. Stanislav Velgus o‘zi uchun shumxabar, kimlardir uchun xushxabar bo‘lgan bu gap tarqashi bilan, haqiqatan ham, bir zamonlar maxsus xizmatga ishi tushib turganini tan oldi. Biroq ruhoniy ehtiyot yuzasidan maxsus xizmat bilan hamkorlik qilgan bo‘lsa-da, hech kimga zarar yetkizmaganini ham pisanda qilib qo‘ydi. Ishning hozirgidek chuqurlashib ketishini kutmagan Rim cherkovi rahbari ruhoniyni yuqori lavozimga tayinlayotgan paytda uning o‘tmishidan xabardor bo‘lganini aytib yubordi. Bu esa butun dunyo katoliklarining noroziligini yanada kuchaytirdi. Boisi, Polsha maxsus xizmati bundan yigirma yillar muqaddam jahonga tahdid solgan, dahshatli qirg‘inlar sababchisi bo‘lgan, nomining o‘ziyoq kishilarni titroqqa tushirgan sovet KGBsining izdoshi, hammaslagi edi. O‘z davrida kommunistik partiya dastyorlari bo‘lgan polyak josuslari ham “yot unsur”lar, “xalq dushman”lariga qarshi qanday yovuzliklar qilgani faqat Yaratganga ayon.
ODAMLAR din deganda, soflik, pokizalik, yaxshilik, xullas, dunyodagi jamiki ezgu tushunchalarni tasavvur qilishadi. Bu jihatdan insoniyat tarixidagi aql bovar qilmas yovuzliklar “ijodkor”i bo‘lgan KGB bilan din yetakchisining hamkorlik qilishi odamlarning hayrat va noroziligiga sabab bo‘lishi mutlaqo tabiiy.
Dastlab Stanislav Velgus maxsus xizmat bilan aloqa qilgan bo‘lsa-da, biror insonga zarar yetkizmaganini iddao qilgan edi. Biroq bu da’vo ko‘pchilikning haqli e’tiroziga sabab bo‘ldi: unda nima uchun maqsadsiz biror ishga qo‘l urmaydigan, yer ostida ilon qimirlashidan boxabar maxsus xizmat katolik ruhoniysi bilan hamkorlik to‘g‘risida bitim imzoladi? Faqatgina “avliyo ota”ning va’zlarini eshitish uchunmi? Yo katolik yetakchisiga boshqa muhimroq ishlar ishonib topshirilganmi?..
O‘tgan muddat davomida bahslar tinmadi. Bu orada Polsha hukumati Vatikan so‘roviga binoan Stanislav Velgus to‘g‘risidagi 80 betdan iborat maxsus hisobotni taqdim etdi. Hisobot ruhoniy dindoshini faol himoya qilayotgan Rim papasi Benedikt XVI ning shashtini tushirdi. Vatikan tomonidan tashkil etilgan maxsus komissiya rad etib bo‘lmas hujjatlarga tayanib Velgus maxsus xizmat bilan ongli ravishda va sidqidildan hamkorlik qilgan, degan xulosaga keldi.
HUJJATLAR yonmaydi, deyishadi. Bu safar ham bir zamonlar maxfiy idora tomonidan saqlab qo‘yilgan hujjatlar unga dastyorlik qilgan odamning zarariga guvohlik berdi.
Komissiyaning salbiy xulosasidan keyin dastlab biroz shoshma-shosharlik bilan bayonot bergan Vatikan rahbari tilini tishlab qoldi. Chunki Rim papasi Stanislav Velgusni lavozimga tayinlayotganda uning o‘tmishidan yaxshi xabardorligini e’tirof etgan edi-da.
Biroq katta siyosatda kim o‘z so‘zida oxirigacha mustahkam turibdi deysiz. Rim papasi ham u ishongan ruhoniy bu qadar tuban ishlar bilan mashg‘ul bo‘lganidan bexabar ekanini aytdi. Harqalay, bildim deb tutilgandan bilmadim deb qutulgan yaxshiroq.
Shu tariqa Varshava diniy yetakchisi ixtiyoriy-majburiy ravishda iste’foga chiqdi. Biroq bu hodisa ortidagi bahsu munozaralar davom etyapti.
Stanislav Velgus maxsus xizmat bilan aloqada bo‘lgan birinchi ruhoniy emas (aniqki, uni diniy yetakchilik va josuslik faoliyatini birday olib borgan oxirgi shaxs ham deb bo‘lmaydi). Tarixchilarning xulosalariga qaraganda, “sovuq urush” davrida Polsha katolik arboblarining har o‘ntasidan bittasi maxfiy idoraga xizmat qilgan. Yuqorida zikr etilgan voqea munosabati bilan qilgan chiqishlaridan birida Rim papasi Benedikt XVI polyaklarni katolik ruhoniylarining kommunistlar bilan hamkorligiga toqat bilan munosabatda bo‘lish va ajdodlarga hurmatsizlik qilmaslikka chaqirgan edi. Ana shu da’vatning o‘zi ham tarixchilarning xulosalarini tasdiqlayotgandek...
DARVOQE, Vatikan rahbariyati Polshadagi hodisa ortida katolik cherkovi dushmanlari turgan bo‘lishi mumkinligidan ham xavotirda. Vatikan matbuot xizmati rahbari, kardinal Federiko Lombardining so‘zlariga ko‘ra, ketma-ket ro‘y berayotgan mojaroli voqealar cherkovga qarshi turgan tuzumlar tomonidan uyushtirilayotgan bo‘lishi mumkin. O‘ta ehtiyotkor kardinal cherkov g‘animlari to‘g‘risida ochiq aytmadi, albatta. Biroq siyosiy kuzatuvchilar diniy yetakchining so‘zlarini tahlil qilib, u dushman deganda, Polshaning amaldagi rahbarlari — aka-uka Lex va Yaroslav Kachinskiylarni nazarda tutgan bo‘lishi ehtimolini ta’kidlashmoqda.
Bu taxminda ma’lum asos mavjudligini inkor etib bo‘lmaydi. Ayni paytda Polsha bosh vaziri va prezidenti lavozimlarini egallab turgan Kachinskiylar ittifoqi yangi siyosiy islohotlar tarafdori sifatida maydonga chiqqan. Xususan, aka-ukalarning siyosiy dasturida davlat va jamoat tashkilotlarini sobiq maxsus xizmat josuslaridan tozalash maqsadi ham asosiy o‘rin tutadi...
E’TIBOR bergan bo‘lsangiz, oxirgi oylarda Vatikan juda ko‘p xalqaro mojarolar markazida qolmoqda. Rim papasi Benedikt XVI endigina katoliklar rahbari sifatida saylangan paytda jahon ommaviy axborot vositalarida asli germaniyalik bo‘lgan pontifik Ikkinchi jahon urushi davrida fashistlar armiyasi tarkibida xizmat qilgani to‘g‘risidagi xabarlar paydo bo‘ldi. Bill Klinton va Monika Levinskiy mojarosidan kam shov-shuvga sabab bo‘lmagan bu voqea bosdi-bosdi bo‘lib ulgurmay, yana Benedikt XVI bilan bog‘liq yangi ziddiyat yuzaga keldi: Germaniyaning Regensburg shahrida qilgan ma’ruzasida Rim cherkovi yetakchisi musulmonlarning haqli noroziligiga sabab bo‘lgan, islom dini sha’niga nomunosib so‘zlarni aytdi.
Bularning barchasi tahlilchilar tomonidan bildirilayotgan xulosalar to‘g‘riligini ko‘rsatmoqda: Vatikan xalqaro munosabatlar borasidagi siyosatini jiddiy asosda qayta ko‘rib chiqishi va to‘ldirishi kerak. Aks holda, siyosatdagi mavjud bo‘shliqlar yana ko‘p noxushliklarga olib kelishi mumkin.
Ruhoniy libosidagi... josus
Sobirjon Yoqubov