Kommunizm dohiysi o`z a’yonlari tomonidan zaharlab o`ldirilgan!..
Kommunistlarning jahonga mashhur dohiysi, butun dunyoni Moskva qarshisida tiz cho`kishini orzu qilgan Iosif Stalin vafot etgani ham yarim asrdan ziyod vaqt o`tdi. Bu muddat davomida “xalqlar otasi”ning o`limi haqida turli taxminlar, mulohazalar bildirildi. Kimdir o`zi orzu qilgan davlatning inqirozini oldindan ko`rgan diktator o`zini o`zi o`ldirgan, degan fikrni aytdi. Yana kimdir Stalin o`limida xorij josuslarini aybladi. Rossiyalik tarixchi Edvard Radzinskiy esa yaqinda kutilmagan qarashni ilgari surdi. Olimning taxminiga ko`ra, Stalin o`z qo`l ostidagi mansabdorlar tomonidan zaharlab o`ldirilgan ekan...
1950-yillar boshidayoq temir boshqaruvga asoslangan va qon bilan sug`orib turilgan saltanatning tagiga suv ketib ulgurgandi. Ayni shu davrdayoq markaziy hokimiyatning o`zida bo`linish va dohiyga qarshilik kayfiyati paydo bo`la boshlagandi. Yuqori doiradagi mansabdorlar ham dohiyning porloq kelajak — kommunizm tantanasi haqidagi otashin nutqlariga allaqachon ishonmay qolishgandi. Bir paytlar Stalinning har bir so`zini ilohiy kalomday qabul qilgan amaldorlar mo`ylovdor dohiy tobora qarib borayotganini sezishardi va shu bois ham oldingidan bemalolroq, erkinroq harakat qilishardi. Bir paytlar Stalinning soyasiga salom bergan, “dohiyim”, “bobom”, “otam”, “otamdan ham ulug`im”, “baloyi battarim” deya ko`klarga ko`targan kishilar ham kommunizm me’morining so`nib borayotganini e’tirof etishardi. Kremldagi maxfiy suhbatlarda, yig`inlarda ham Iosif Vissarionovichning keksalarcha injiqliklari haqida ochiq gapirila boshlangandi.
Ayni shu paytlarda Stalin Siyosiy byuro majlisida bir necha marta AQSH bilan muhoraba olib borish va shu orqali yangi qirg`in — Uchinchi jahon urushini boshlash haqida gapirgandi. Biroq dohiyning urush haqidagi iddaolari “politbyuro”ning Malenkov, Xrushchev kabi a`zolari rangi qutini o`chirib yubordi. Hatto Stalinning 1937- va 1945-yillardagi qatag`on va qirg`inlarida tashkilotchi va ijrochi vazifasini bajargan Lavrentiy Beriyaday yovuz va qattol shaxs ham dohiyning urush to`g`risidagi rejalariga qo`shilmadi. Sababi, Ittifoq Ikkinchi jahon urushidan horib-charchab chiqqan, mag`lubiyatga teng g`alaba Moskvaga juda qimmatga tushgandi. Garchi matbuot nashrlarida sovet xalqlarining buyuk bunyodkorlik ishlari, baxtli-farovon hayoti haqida jo`rovozda ertak aytilayotgan bo`lsa-da, aslida urushdan keyingi tiklash juda ham qiyin kechayotgandi. Barcha jabru sitam yana o`sha avom gardaniga tushayotgandi.
Siyosiy byuro aúzolari Stalinning Uchinchi jahon urushi xususidagi shirin orzularini dastlab keksa rahbarga xos havoyi orzu deb o`ylashgandi. Biroq dohiy har bir yig`inda eski gapni qo`zg`ar, barcha rahbarlarni shu maqsad yo`lida hoziru nozir bo`lishga undardi. Lekin Stalinning shogirdlari endilikda yana bir bor it azobini tortish, o`lim tahlikasi bilan yuzma-yuz kelish, eng asosiysi, hokimiyatdan mahrum bo`lish xavfiga ro`baro` bo`lishni istashmasdi. Shu bois ular eng qaltis va murakkab yo`lni tanlashdi: Stalinni o`ldirishga qaror qilishdi!
Dahshatli hukm ijrosi esa tajribali jallod — Ichki ishlar vaziri Lavrentiy Beriyaga topshirildi. Beriya esa maxfiy topshiriqni bajarishni Stalin shaxsiy qo`riqchilari boshlig`i Xrustalevga yukladi. G`aroyib o`xshashlik: dohiy butun umri davomida odamlarni qo`rquv muhitida ushlab keldi, otani farzandga, farzandni otaga dushman qildi, barchani xiyonat, chaqimchilik, “quloqlik”ka o`rgatdi va oxir-oqibat eng ishongan va suyangan kishisi — muhofaza guruhi boshlig`i valine’matiga xiyonat qildi. Xrustalev 1953-yilning tun pardasi butun borliqni yopgan 4-mart kechasida dohiyga zahar berdi.
Stalinning shaxsiy soqchilaridan biri bo`lgan va so`nggi kecha dohiyga qo`riqchilik qilgan Pyotr Lozgachevning mulohazalari ham ma’lum ma’noda shu fikrni tasdiqlaydi. Lozgachevning xotirlashicha, 1953-yilning 4-mart kechasi juda ham g`alati va sirli o`tgan. Odatga ko`ra, Stalin soqchilar bilan alla-pallagacha suhbatlashib o`tirar, ularning ustidan kulib masxaralar va o`ziga xos ko`ngil ochishdan keyin qo`riqchilarga ruxsat berib uxlashga yotgan. Lekin o`sha kecha odatga xilof ravishda Stalin ular bilan suhbatlashmagan, boz ustiga soqchiga uning o`zi emas, Xrustalev ruxsat berib yuborgan. Odatda erta tongda turib davlat ishlariga sho`ng`iydigan Iosif Vissarionovich 5-mart kuni ertalab quyosh birgaz ko`tarilganda ham xonasidan chiqmagan. Xavotirga tushgan Lozgachev esa soat 10 larda Stalinniing xonasiga kirgan. Soqchining tasvirlashicha, u xonaga qadam bosganda, Stalin alanglagancha allaqanday tushunarsiz so`zlarni aytar — u gung bo`lib qolgandi — engil-boshi jiqqa ho`l bo`lib ketgandi. Yerda esa dohiyning sevimli cho`ntak soati va “Pravda” gazetasi yotardi.
Shundan keyin zudlik bilan Siyosiy byuro chaqirildi, biroq byuro a’zolari rejalashtirilganday Stalinni shifokorga ko`rsatishga shoshilishmadi. Xalqlar otasi kun bo`yi o`lim bilan olishib chiqdi va kechki soat 9.50 da jon berdi...
Muarrixning shahodat berishicha, Uchinchi jahon urushi qutqusiga uchragan Stalin bu maqsadga jiddiy kirishgan va ayni shu 5-mart kuni Moskvadan yahudiylarni majburiy ko`chirishni rejalashtirgan. Dohiy bu bilan AQSHning “qitiq pati”ga tegmoqchi va shu bahona urush boshlab yubormoqchi bo`lgan. Stalinning niyat-maqsadi shu darajada qat`iy va puxta rejaga asoslangandiki, hatto o`sha kuni erta tongda yahudiylarni tashish uchun transportlar ham buyruqqa shay holda turgan; Qozog`istonda esa siyosiy surgunga mahkum bo`lgan yahudiylar yashashi uchun maxfiy sur’atda baraklar ham qurilgan. Biroq Stalining so`nggi rejasi ro`yobga chiqmadi. Beriyaning fitnasi sabab, yana bir katta qirg`in to`xtatib qolindi. Erta tongda dohiy g`azabiga duchor bo`lgan qavmni qayerlargadir tashlab kelishni kutib o`tirgan haydovchilarga buyruq bekor bo`lgani yetkazildi. Ehtimol, bu STALIN BUYRUG'Ining birinchi marta bekor qilinishi edi...
Abdul SOBIR tayyorladi