OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Boks: Ishi yurishmagan Korri

 
Ismi: Kornelius Iogann Sanders
Tug’ilgan yili:07.01.1966 y.
Tug’ilgan joyi: Pretoriya (JAR)
Bo’yi: 193 sm.

ISHI YURISHMAGAN KORRI

Korri Sanders sakkiz yoshga to’lganida sobiq professional bokschi bo’lgan otasi uni boks maktabiga olib boradi. o’shandan boshlab u boks bilan jiddiy shug’ullanishga kirishadi.

U 1979 yilda o’smirlar o’rtasida mamlakat chempioni bo’ladi. Keyinroq esa olti marta yoshlar va kattalar o’rtasida chempionlikka erishadi. Havaskorlar boksidagi faoliyati davomida u 180 marta g’alabaga erishib, 11 marta mag’lubiyatga uchraydi. Ammo u xalqaro miqyosda muvaffaqiyat qozona olmaydi, chunki o’sha paytlarda JAR BMT jazo choralari ostida bo’lib, shu sababli uning sportchilari xalqaro musobaqalarda qatnasha olishmasdi.

1989 yilda Sanders havaskorlik faoliyatini yakunladi, besh yildan buyon ishlayotgan politsiya mahkamasidan bo’shadi va professional bokschilik ruxsatnomasini oldi. o’zining birinchi jangini u King-Kong Dyubelega qarshi o’tkazdi va birinchi raunddayoq raqibini nokautga uchratdi. Keyin esa u yana bir qator g’alabalarga erishdi, ammo Sandersga birinchi marta 1993 yilda, amerikalik bokschi Bert Kuperni uch raund ichida taslim qilganidan so’ng ehtibor qaratishdi. To’qqiz oy ichida u yana to’rtta raqibini nokautga uchratdi va endigina u haqda bo’lajak chempion deb gapira boshlashganida Korri Neyt Tabbs (o’ta og’ir vaznda sobiq jahon chempioni Toni Tabbsning ukasi)ga yutqazib qo’ydi. Kuchli zarbaga ega bo’lgan Tabbs Korrini ikkinchi raundda nokautga uchratdi.

Ammo Sandersning keyingi jangi u hali ko’p narsaga qodirligini ko’rsatdi. U birinchi og’ir vaznda sobiq jahon chempioni Karlos De Leonni birinchi raundning o’zida uch marta qulatdi. Navbatdagi jangida esa u Gering Leynni sakkiz raund davomida do’pposladi.

1995-97 yillarda bir nechta jang o’tkazgan Sanders 1997 yil noyabrida Ross Pyurittini yengib, o’ta og’ir vaznda WBU chempionlik unvoniga ega bo’ldi. Unvonini uch marta himoya qilgach, Korri Hasim Rahmonga qarshi ringga chiqdi. U uchinchi ra-undda Hasimni ringdan chiqarib yubordi. Lekin Rahmon jangni davom ettirdi va bir necha raunddan keyin San- dersni nokautga uchratdi.

Ushbu mag’lubiyatdan so’ng Sanders bir yarim yil davomida boksdan uzoqda yurdi. 2001 va 2002 yillarda bittadan jang o’tkazdi. 2002 yil oxirida uning menejerlari PABA chempionligi uchun Nikolay Valuevga qarshi jang o’tkazish haqida kelishishdi, ammo keyinroq balandroq unvon uchun kurashish imkoniyati paydo bo’lgach, bu kelishuv bekor qilindi.

Bu safar Sandersning raqibi WBO chempioni, ko’pchilikning nazdida Lennoks Lyuis taxtining merosxo’ri Vladimir Klichko edi. Barcha Vladimirning osonlik bilan g’alaba qozonishini bashorat qilardi. Klichkoning o’zi ham jangga tayyorlanar ekan, Sanders haqida emas, Lyuisga qarshi ringga chiqishi haqida o’ylardi. Ammo Sanders jang boshidanoq birovlarning fikri uni tashvishlantirmasligini va kichik Klichkoning g’alabalari uni qo’rqita olmasligini ko’rsatib qo’ydi. U birinchi raunddayoq Vladimirni ikki marta nokdaunga uchratdi. Ikkinchi raundda Korri raqibini yana ikki marta polga qulatgach, hakam jangni to’xtatdi.

Vladimir Klichko bilan bo’lgan jangdan keyin Sandersning ishi yurishmadi. Moliyaviy jihatdan foydasi kam bo’lgan WBO chempionligiga dahvogar Leymon Bryuster bilan jang o’tkazishni istamagan Korri chempionlik kamaridan voz kechdi. Biroq Roy Jons va Devid Tuaga qarshi ringga chiqishni juda istasa-da bu istagiga yeta olmadi. Sanders uzoq vaqt davomida promouter va menejerlari, sobiq xotini bilan sud jarayonlarida o’ralashib qoldi. Faqatgina 2004 yil fevralida Lennoks Lyuis boksdan ketganidan so’ng uning oldida yana chempionlik uchun jang o’tkazish imkoniyati paydo bo’ldi. Endi u Vitaliy Klichkoga qarshi ringga chiqdi.

U bu jangda ham ilgarigi muvaffaqiyatiga erishishini o’ylagandi. Ammo «doktor» Klichko ukasining xatosini takrorlamadi va Sanders bu jangda qaqshatqich mag’lubiyatga uchradi. Shundan so’ng u boshqa jang o’tkazmadi.

Dilshodbek tayyorladi

 

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.