OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Boks: Qirol Marko

 
Ismi: Marko Antonio Barrera
Tug’ilgan yili: 17.01.1974
Tug’ilgan joyi: Itstakalg’ko, Meksika
Bo’yi: 170 sm
Unvonlari: birinchi yarim yengil vaznda WBO chempioni (1995-96, 1998-2000), birinchi yengil vaznda WBC va IBF chempioni (hozirda)

QIROL MARKO

Marko Antonio Barrera 1974 yilning 17 yanvarida Meksikaning Itstakalg’ko shahrida dunyoga kelgan. Qisqagina davom etgan havaskorlik boksidagi faoliyatidan so’ng u 15 yoshida professional ringdagi dastlabki jangini o’tkazadi. Barrera raqibi Devid Feliksni ikkinchi raundda texnik nokaut bilan yengadi.Ikki yarim yildan so’ng Barrera Jozefino Suaresga qarshi birinchi o’rta vaznda Meksika chempioni unvoni uchun ringga chiqadi va chempionlikni qo’lga kiritadi. U unvonini besh marta muvaffaqiyatli himoya qilgach, 1993 yilning avgustida NABF chempionligiga sazovor bo’ladi.

1994 yilda Barrera WBC reytingida birinchi o’ringa ko’tarildi va Karlos Salazar bilan chempionlik unvoni uchun kurash olib borish huquqini beruvchi jang o’tkazdi. Ammo vazni cheklovdan ortiqcha bo’lgani uchun g’alaba qozonsa-da, chempionlik uchun kurash olib borish unga nasib etmadi.

1995 yilning martida unga chempionlikni qo’lga kiritish imkoniyati berildi. o’shanda Barrera yarim yengil vaznda WBO chempioni Daniel Ximenes bilan uchrashdi. Barrera uni yengib, chempion nomiga sazovor bo’ldi. o’sha yilning o’zida u unvonini to’rt marta muvaffaqiyatli himoya qildi.

1996 yil 3 fevralda Marko Antonio Barrera o’sha davrning eng kuchli bokschisi - IBF sobiq chempioni Kennedi Makkinni bilan uchrashdi. Barrera raqibini besh marta nokdaunga uchratishga erishdi, bu orada o’zi ham bir marta polga quladi. Makkinni so’nggi raundda taslim bo’ldi. Shundan keyin Barrera uch marta unvonini himoya qildi.

Barrera va Junior Jons o’rtasidagi jang 1996 yilning noyabrida bo’lib o’tdi. Barrera tezkor Jonsning har bir zarbasiga munosib javob qaytardi va to’rt raund davomida ustunlik qildi. Hammasi beshinchi raundga kelib o’zgardi. Jons Barrerani kuchli zarb bilan yiqitdi. Barrera o’rnidan turib jangni davom ettirdi. Ammo Jonsning navbatdagi hujumidan so’ng yana ag’anagach, Barreraning sekundantlari jangni to’xtatishdi. Besh oydan keyin Marko revansh jangini o’tkazdi. Bu safar ham Jonsning qo’li baland keldi.

o’n oylik tanaffusdan so’ng Barrera Anxelo Rosariosga qarshi ringga chiqib, uni beshinchi raundda texnik nokaut bilan yengdi. Yana ikkita raqibini nokautga uchratgach, u WBO chempionligi uchun jang qilish huquqiga ega bo’ldi.

1998 yilning 31 oktyabrida Barrera Richi Ventonni uch raund ichida yengib, chempionlik unvoniga ega bo’ldi. 1999 yilda esa u unvonini ikki marta himoya qildi.

2000 yilning 19 fevralida Barrera WBC va WBO yo’nalishlari chempionligi uchun birinchi yarim yengil vazn chempioni Erik Moralesga qarshi ringga chiqdi. Ikkala chempion ham jang davomida qonga belanishsa-da, hech qaysisi taslim bo’lgisi kelmasdi. Hakamlarning ikkitasi Moralesni g’olib deb topdi. KO’pchilik sharhlovchilar bu qarorni noto’g’ri deb izohlashdi, WBO rahbariyati esa Barreraning chempionlik unvonini tikladi.

2001 yilning 7 apreli dunyo boks muxlislarining uzoq kutilgan kuni bo’ldi. Shu kuni Marko Antonio Barrera «boksning yengilmas sha’zodasi» Nasim Hamidga qarshi ringga chiqdi. Barrera uchun bu jang barcha vazn toifalarida eng yaxshi bokschi bo’lish va Meksikada misli ko’rilmagan obro’ga ega bo’lish uchun imkoniyat edi. Raqiblarini hurmat qilmaydigan «Sha’zoda» odatdagidek Barrerani ham nokautga uchratishga vahda berdi. Hamid dastlabki daqiqalardanoq raqibini nokautga uchratish uchun oldinga tashlandi, lekin uning zarbalari nishonga yetib bormas yoki to’siqqa uchrardi. Barrera esa o’z navbatida qarshi hujumda muvaffaqiyatli harakatlanardi. Tez orada Hamid Markoning himoyasini yorib o’tolmasligi mahlum bo’lib qoldi. Nihoyat, jang tugadi. Barrera hakamlar xulosasiga ko’ra, g’olib deb topildi. U «Shahzoda»ni tojidan mahrum etdi va yarim yengil vaznning qiroliga aylandi. Barrera WBO yo’nalishining superchempioni unvonini qo’lga kiritdi.

Shundan so’ng Marko hamyurti Enrike Sanchesga qarshi jang o’tkazib, uni oltinchi raundda texnik nokaut bilan mag’lubiyatga uchratdi. 2002 yilning iyunida Erik Morales bilan revansh jangi o’tkazildi. Bu safar u ishonchli g’alabaga erishdi. Navbatdagi jangini u do’sti Jonni Tapia bilan o’tkazdi. Barrera dastlabki raunddayoq tashabbusni qo’lga oldi. U uch daqiqa ichida Tapiaga 35 marta zarba berdi va mana shu zarbalar jangning keyingi mazmunini belgilab berdi. Barrera qolgan raundlar davomida Tapiani o’ziga yaqinlashtirmadi. Hakamlar bir ovozdan Markoni g’olib deb topishdi.

Keyinroq, Barrera IBF chempioni Xuan Manuel Markesga qarshi ringga chiqishni ko’zlab, filippinlik Menni Pakg’yao bilan jangga chiqdi... va dahshatli mag’lubiyatga uchradi. Jang o’n birinchi raundda, Barreraning sekundantlari uning to’xtovsiz do’pposlanishiga chidolmay ringga sochiq tashlaganlaridan so’ng to’xtatildi. Mana shu mag’lubiyatdan so’ng Barrera bir necha oyga boksni tark etdi.

2004 yilning iyunida u chapaqay boks-chi Pol Ayyalaga qarshi ringga chiqdi va o’ninchi raundda texnik nokaut bilan g’alaba qozondi. Qattiq tayyorgarlikdan so’ng u nihoyat WBC va IBF yo’nalishlari chempioniga aylandi.

U kelasi yilning martida yengil vaznda IBF chempioni Xesus Chavesga qarshi ringga chiqadi.

Javohirbek tayyorladi

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.