OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Norboy Xudoyberganov. XX asrning eng yaxshi asarlari

http://ziyouz.uz/images/norboy_xudoyberganov.jpgNorboy Xudoyberganov — munaqqid.

1. XX asr jahon adabiyotining 10 eng yaxshi asari deb qaysi asarlarni tilga olasiz?

Olloh bandalaridan biri sifatida hur tug‘ilib, erkin va mustaqil yashash, ijod qilishga, aniqrog‘i, ko‘zimni ochib, o‘zligimni anglashga Kafkaning «Qo‘rg‘on», «Jarayon», Chingiz Aytmatovning «Qiyomat», «Asrga tatigulik kun», Markesning «Buzrukning kuzi», «Yolg‘izlikning yuz yili», Mixail Bulgakovning «Usta va Margarita» romanlari, Soljenitsinning «Ivan Denisovichning bir kuni» qissasi, Fridrix Dyurrenmattning «Fiziklar» pesasi kabi bugun dunyo so‘z san’atining mashhur asarlari (ulardan anchasi o‘zbekchalashtirilgan) juda salmoqli ta’sir ko‘rsatdi va shuning uchun bir umrlik ma’naviy, adabiy-badiiy hamkorlarim bo‘lib qoldi. O‘qiganlarimdan xotiramda muhrlanib qolganlarini tilga olayapman.
XX asr badiiy adabiyotida bundan oldingi davrning daholari hisoblangan Alisher Navoiy, Shekspir, Tolstoy, Dostoevskiy kabi ijodkorlar an’analari ularda ijodiy o‘zlashtirilib, yangicha usulu uslublarda, xilma-xil tovlanishlarda rivojlantirilganini alohida qayd etgim keladi.

2. XX asr o‘zbek adabiyotidagi eng yaxshi 10 asarni tilga oling.

Jahon adabiyotining hozir tilga olingan va olinmagan namoyandalariga muayyan darajada ijodiy hamohangligi bilan ajralib turadigan Cho‘lponning «Kecha va kunduz», Qodiriyning «O‘tkan kunlar», Abdulla Qahhorning «O‘tmishdan ertaklar», Odil Yoqubovning «Diyonat», Omon Muxtorning «F-fu», «Ayollar mamlakati va saltanati» asarlarini, shuningdek, Nazar Eshonqulning bir qancha hikoyalarini, Shodiqul Hamroning «Qora kun» qissasini, ayni chog‘da Abdulla Oripovning «Tilla baliqcha», «Olomonga», «Yuzma-yuz», Rauf Parfining «Turkistonni kimlar sevmaydir», Abduvali Qutbiddinning «Xayol kechasi», Bahrom Ro‘zimuhammadning «Davsaman» to‘plamlarini qadrlayman.
Albatta, jahon va o‘zimizning milliy adabiyotimizda menga bahra beradigan asarlar faqat shulardangina iborat emas. Savolda o‘n asar ro‘yxati berilsin, deyilgani uchun anchasi bu yerda tilga olinmadi.

Manba: «Hurriyat» gazetasi, 1999 yil, 12-18 may soni.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.