OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Qadimgi hind maqollari (133)

Qadimgi hind tili – sanskrit va pali tillarining umumiy nomi. Sanskrit (yoki veda) – eramizdan avvalgi 2-ming yilliklarda yashagan qadimgi hind Vedalarining tili. Pali – o‘rta asrlarning adabiy va madaniy tilidir. Sanskrit va pali hind-evropa tillar oilasining g‘ind guruhiga kiradi.


• Kambag‘allik ― janjallar ildizi.
• Qiyinchiliksiz baxtga erishib bo‘lmaydi.
• Bekorchilik shaytoniy fikrlarni keltirib chiqaradi.
• Burni yo‘qqa oyna ko‘rsatsang jahli chiqadi.
• Boyga yashash maza, kambag‘alga nafas olish ham qiyin.
• Boylik bulutning soyasi kabidir.
• Boylik ― ahmoqning o‘yi, ezgulik ― yaxshining.
• Chang sochib, oyni to‘solmaysan.
• Tezda bitgan ish yaxshi bo‘lmaydi.
• Yo‘qchilikda do‘stlar bo‘lmaydi.
• Kuchsiz odam darg‘azab bo‘ladi.
• Qog‘oz qayiq bilan daryoda suzolmaysan.
• Suvda timsoh bilan olishma.
• Kuch ― birlikda.
• Kimning vijdoni bo‘lmasa, unga omad yor bo‘lmaydi.
• Qiyinchilikda vaqt sekin o‘tadi.
• Ko‘r kechqurunda uzoqni ko‘radi.
• Qarg‘a dono bo‘lgani bilan chiqindi titadi.
• Qarg‘ani atirgulli suvda cho‘miltirsang ham qora qanoti oqarmaydi.
• Tabibda burgutning ko‘zi, sherning yuragi, ayolning qo‘li bo‘lishi kerak.
• Hunarning osoni yo‘q.
• Timsohning og‘zidan qutulib, yo‘lbarsga tutildi.
• Qadrlovchi bo‘lmagan joyda gavharning qadri yo‘q.
• Qahramonlikni ko‘kka ko‘tarish shart emas.
• Sopol tuvak sopol ko‘zani maqtarkan.
• Axmoqlik qo‘rquv bilmaydi.
• Lablar, qo‘llar, ko‘kraklar ― hamma ayolda bir, ammo har birining o‘z yuragi bor.
• Agar hasharotlar ko‘p bo‘lsa, hatto kalondimog‘ ilonni ham nobud qiladi.
• Daryo bo‘yida yashasang ham timsoh bilan do‘st bo‘lolmaysan.
• Kun shafaq bilan tugaydi, tun tong bilan tugaydi. Xursandchilik g‘am bilan tugaydi, g‘am quvonch bilan tugaydi.
• Pulga Xudoga sajda qilgandan ko‘p egiladilar.
• Daraxt uni kesib tashlagani kelgan odamga ham soyasini ayamaydi.
• Daraxtni mevasidan biladilar.
• Bolalar bir otadan, lekin fe’li ko‘pchilikdan.
• Qimmatbaho toshga iflos tegsa ham bahosini yo‘qotmaydi.
• Axmoq gapirmasdan avval aqlli ko‘rinadi.
• Qalb bitta, xohishlar esa mingta.
• Shamol bo‘lmasa daraxt qimirlamaydi.
• Ayol, shamol va omad doimiy turmaydi.
• Bitta guldan chambar qilib bo‘lmaydi.
• O‘rmondagi bitta yomon daraxtga o‘t tushsa, hammasi baravar yonadi.
• Ba’zida ko‘r ham bedanani tutib olishi mumkin.
• Taqiqlangan narsaga yurak tortaveradi.
• Har narsaning o‘z vaqti bor.
• O‘z farzanding tarbiyasiz, xunuk, aqlsiz, buzuq bo‘lmasin ― baribir yuragingdan quvonasan.
• Baqalar gapga kirishganda, yaxshisi sen jim tur.
• Birovga maslahat berishga kelganda hamma dono bo‘lib ketadi.
• Quyosh chiqishi bilan yulduzlar g‘oyib bo‘ladi.
• O‘lim kelayotganda it ham ibodatxonaga shoshiladi.
• Xudo kimni jazolamoqchi bo‘lsa, uni aqldan qisib qo‘yadi.
• Go‘zallik uchun pardoz kerak bo‘lmaydi.
• Kim bedor bo‘lsa, unga xavf yo‘q.
• Chanqagan odam daryoning qurigan o‘zanini ham qazishga tayyor turadi.
• Kim jahlga jahl bilan javob bermasa, o‘ziniyam boshqaniyam saqlab qoladi.
• Sher yeyishga hech narsa qolmasa ham o‘t yemaydi.
• Xushomad ― eng bozori chaqqon mol.
• Ahmoq bilan do‘st bo‘lguncha, dono bilan dushman bo‘l.
• Bekorchilikdan tekinga ishlash afzal.
• Ahmoq do‘stdan aqlli dushman afzal.
• Odam uchun eng yaxshi dori ― odam.
• Kam gapirib, ko‘p fikr qil.
• Tabib o‘zi bemor bo‘lsa, boshqalarni qanday davolasin?
• Sukut yolg‘on so‘zdan afzal.
• Aqlli insonlar vaqtini nazm va fan bilan, ahmoqlar g‘iybat, tush va janjal bilan o‘tkazadi.
• Aqlli insonlar yo‘qotilgan, o‘lgan va o‘tgan narsalarga achinmaydilar.
• Toza joydagi kir xunuk ko‘rinadi.
• Tilida asal ― yuragida zahar.
• Ichkilik boshlanishi bilan aql yo‘qoladi.
• Shirinlikni bir o‘zing yema, bir o‘zing ishni hal qilma, bir o‘zing sayohatga chiqma, uxlayotganlar orasida bir o‘zing bedor bo‘lma.
• Joyiga ekilmagan ekin meva bermaydi.
• Shirin kalom asaldan shirin.
• O‘lmasdan jannatni ko‘rolmaysan.
• Muloyimlik terining yumshoqligi bilan emas, xulq-atvor bilan o‘lchanadi.
• Agar qalbingda zarracha ezgulik yo‘q bo‘lsa, hech bo‘lmasa o‘zingni yaxshilardek tut.
• Adolatdan ortiq ezgulik yo‘q, yolg‘ondan ortiq nuqson yo‘q.
• Odamni ezgu kalomdan ortiq hech narsa ruhlantirolmaydi.
• Yangi xizmatkor sherni ham o‘ldirishi mumkin.
• Umid ― kashfiyotning onasi.
• Bulut shamolga teskari yurmaydi.
• Bir gapirsa ― o‘n quloq soladi.
• Olmos ohaktoshdan farqlangani kabi, odam bilan odamning ham farqi bor.
• Bitta mash’al bilan dengizni yoqib bo‘lmaydi.
• Ikkita "men senga beraman"dan, bitta "ol" yaxshi.
• Oltindan bo‘lgan kishan ham og‘ir.
• Bedana uni osmonga otganning boshiga qo‘nadi.
• Vaqti kelganda ahmoqqa ham xushomad qiladilar.
• Avval o‘zingni yeng, so‘ng dushmanlaringni.
• O‘z-o‘zini yengish boshqalardan yengilishdan xayrlidir.
• Aybdor doim ikkilanishda yuradi.
• Vaqtlar o‘tadi, do‘st dushmanga, dushman do‘stga aylanadi.
• O‘z ishing uchun narigi sohilga ham suzib borasan.
• Toza ko‘ldan iflos suv oqadimi?
• Olifta ahmoq majlisda so‘z ochmasdan avval yarqirab ko‘rinadi.
• Sarf ozu, maqsadlar osmonda.
• Tashlandiq uy bilan aloqa qilmaydilar.
• To‘g‘riso‘z odam bilan do‘stlash, laganbardordan ehtiyot bo‘l.
• Eng muhimi ― o‘z ishing.
• Birovning boyligi va o‘zingning aqling doim orttirib ko‘rsatiladi.
• O‘z vaqtida bajarilmagan ish ― qilinmagan bilan barobar.
• O‘z uyida timsoh filni ham yengadi, uyidan chiqqanda esa itdan ham qochadi.
• Qancha soz bo‘lsa, shuncha musiqa yangraydi.
• Insonda qancha fazilat bo‘lsa, shuncha kamchilik ham bor.
• Odam qancha bo‘lsa, aql ham shuncha.
• Qancha urinsang ham qarqaraga gapirishni o‘rgatolmaysan.
• Ko‘r ko‘r bilan gaplashsa, doim xafa bo‘ladi.
• Oldin ishla, keyin talab qil.
• G‘am kelganda dalda bo‘lish qurg‘oqchilikda yomg‘ir yoqqanga o‘xshaydi.
• Qari to‘tini hech narsaga o‘rgatolmaysan.
• Halokat kelmasidan oldin undan qo‘rq.
• Nishon ikkita, o‘q bitta.
• Kamondan otilgan o‘q qaytmaydi.
• Butunga erishaman deb yarimdan qolma.
• Baxtliga hamma baxtli ko‘rinadi.
• Yo‘lbars va qo‘y bir daryodan suv ichadi.
• Guldurak bo‘lgan bilan yomg‘ir yog‘avermaydi.
• Haqiqiy usta tajriba bilangina mahoratga erishadi.
• Ajriqdan to‘qilgan arqon bilan filni ham jilovlash mumkin.
• Ahmoqning oqargan sochi quyoshdan.
• Zarba doim og‘riyotgan joyga tushadi.
• Qulay vaziyatni qo‘ldan boy berma.
• Mo‘tadillik ― katta boylik.
• Aqlliga ― ta’zim, ahmoqqa ― tarsaki.
• Charchagan tuya karvonsaroyga shoshiladi.
• Inson qadri o‘lgandan so‘ng bilinadi.
• Ibodatxonaga borgan bilan odam yaxshi bo‘lib qolmaydi.
• Ming marta o‘qitgandan bir marta ko‘rsatgan yaxshi.
• Yer ustida nima bo‘lsa, ostida ham shu bor.
• Uyga o‘t ketganda quduq kovlashdan foyda yo‘q.
• Tuhmat qilish uchun ham qobiliyat kerak.
• Birovning boshi oshqovoqqa o‘xshaydi.
• Oyoqdagi tikanni tikan bilan olinadi.
• Tilni yuganda ushlash kerak.
• Chaqimchining tilini tutolmaysan.

D.Tojialiyev tarjimalari

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.