Nafs iti doimo akillab turadi.
* * *
Qo‘l yoki oyoqni nojo‘ya ishlatsang — falokatga, tilni nojo‘ya ishlatsang — halokatga yo‘liqasan.
* * *
Eru xotinning farog‘at ila yashashlari uchun aqlni ham, jahlni ham farosat bilan ishlatish lozim bo‘ladi.
* * *
Boshqalar ishonib topshirgan ishni yaxshi ado etolsam — rohatlanaman. Boshqalar ishonqiramasdan, ikkilanibroq topshirgan ishni bajarolsam —lazzatlanaman.
* * *
Maqsadga eltadigan yo‘lning tekis-notekis, tor-keng, uzoq-yaqinligi muhim, lekin uni qoqilmasdan, chalg‘imasdan jadal bosib o‘tish yanada muhimroq.
* * *
Bir-kishining aniq maqsad sari yo‘naltirilgan qat’iyatli mehnati, ko‘pchilikning faqat istaklargagina asoslangan urinishidan nafliroqdir.
* * *
Adolatli tanqid — kelajakning mevasi, undan chiqarilgan to‘g‘ri xulosa — bugunning mevasi.
* * *
Ba’zan birpaslik noo‘rin ehtirosga berilish odamni bir umr izzatdan judo qiladi.
* * *
Yovuzlik, yomonlik zaharli alafga o‘xshaydi, uni maysaligidayoq tag-tomiri bilan sug‘urib olib, yuqotib tashlanmasa, urug‘idan ko‘payib, atrofni bosib ketadi.
* * *
Ehtirosning tabiati shamol kabidir: kuchsiz shamol – shabada, u olovni alanga oldiradi, kuchli shamol – dovul,alangani so‘ndiradi va o‘chiradi.
* * *
Agar og‘ir ishlar aql-idrok bilan emas, fakat kuch-qudrat yordamida hal qilinganda edi, filning qadri yanada yuksak bo‘lardi.
* * *
Kimki shoshilib, mulohaza bilan ish yuritmasa, uning boshiga qizdirilgan temirning kuni tushadi: qizigan temir tepadan bolg‘aning zarbasiga, pastdan sandonning karshiligiga uchraydi.
* * *
Osuda hayot — suvi limmo-lim chelakka o‘xshaydi: ehtiyot bo‘lmasang suvi chayqaladi va to‘kiladi.
* * *
Nafsni tiyishni ham o‘rganish kerak, aks holda, bir kun kelib, u bizni “tiyib” qo‘yishi mumkin. Chunki nafs nafaqat yeyish-ichishga bo‘lgan maylni, balki boylikka, amalga yoki shon-shuhratga bo‘lgan ishtiyoqni ham alanga oldiradi.
* * *
Ko‘plar, biz uchun barcha narsa joiz, deb adashib turganida, kimdir qaysidir narsalar nojoiz ekanini aytib turishi ham lozim.
* * *
Eng yomon narsa insonga bo‘lgan ishonchning yo‘qolishi: mengami, sengami yoki ungami — farqi yo‘q.
* * *
Odamlarni odamgarchilikdan chiqaradigan odamlar ham bor, deyishadi. Bu gap qaysidir darajada to‘g‘ri bo‘lsa, to‘g‘ridir. Ammo bundaylarni odam deyish noto‘g‘ri.
* * *
Cho‘qqini kimdir qadami bilan, kimdir qalami bilan zabt etadi.
* * *
Rost gap chegaralangan, unga bitta ortiqcha so‘zni qo‘shib ham, olib ham bo‘lmaydi. Yolg‘on gapning chegarasi yo‘q, shu bois unga yolg‘on so‘zlar qo‘shilib borgani sayin ko‘pirib boraveradi. Achinarlisi ko‘pirma yolg‘onga ko‘proq ishonadilar.
* * *
Keksayib qolgan otamdan hol-ahvol so‘rasam, shunday derdi: “Uydan o‘z oyog‘im bilan chiqib ketyapman, uyga o‘z oyog‘im bilan qaytib kelyapan”.
Muhammad Toshboltayev,
professor
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 2014 yil 6-son