Qalam soyadagi so‘zlarni yorug‘likka olib chiqadi.
* * *
Qurigan favvoralar — obihayotning qabr toshlaridir.
* * *
Daryolar o‘z nomini bilmaydilar.
* * *
Kamalak — cho‘milib chiqqan tabiat sochini bog‘laydigan shoyi tasma.
* * *
G‘or — tog‘larning esnashi.
* * *
Toshlar kutishni biladilar.
* * *
Osmon shunday tusdaki, go‘yo yuzlab musavvir mo‘yqalamini artib olgandek.
* * *
Jirafa — qiziqqonlik qilib qiyofasini o‘zgartirgan ot.
* * *
Ko‘hna oynalar zaharli — ular marhumlar nigohi bilan to‘yingan.
* * *
Dengizlar yer yuzini suv bilan chaygani-chaygan — go‘yo uni hushiga keltirib bo‘ladigandek.
* * *
Ayollar oyog‘i poyafzal do‘konida o‘zini baxtli his etadi.
* * *
O‘ylash oson. Yozish qiyin.
* * *
Ayollar, barcha erkaklar bir xil, deb o‘ylaydilar va ularning kuchi ham shunda; erkaklarning esa, ayollar har xil ekaniga ishonchlari komil — bu ishonch ularni nobud qiladi.
* * *
Momo Havoning Odam Atoga iqrorini eshitgandan boshlab olmaning yonog‘i qizara boshlagan.
* * *
Qiz uchrashuvga qancha kech chiqsa, shunchalik tabassumli.
* * *
Qo‘shnimizning tokka ulangan changyutari bizning barcha fikrlarimizni so‘rib oladi.
* * *
Kitob — yolg‘izlik ummonida cho‘kib ketayotgan odam uchun qutqaruv belbog‘i.
* * *
Soqol qo‘yding va soching to‘kildi — materiyaning saqlanish qonuni bu.
* * *
Og‘ziga emizgich solingan go‘dak trubkada tamaki burqsitayotgan odamga katta akasidek qaraydi.
* * *
Fir’avnlar ehromlar yordamida o‘zlarini targ‘ib etishdi.
* * *
Aks-sado bilan bahslashma: baribir so‘nggi so‘zni u aytadi!
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 2014 yil 27-son