OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Lixtenberg

LIXTENBERG GEORG  KRISTOF
(1742-1799)


Nemis faylasufi, tabiiyotshunos olim, san’at bilimdoni Lixtenberg ruhoniy oilasida 17-farzand bo‘lib dunyoga keldi. O’shanda uning atigi 4 nafar opasi hayot bo‘lgan, xolos. 9 yoshida Georg otasidan judo bo‘ldi.
O’zi ketma-ket raxit xastaligi tufayli bukir bo‘lib qolgan.
U dastlab Darishtadt gimnaziyasida o‘qidi. Keyin yangi ochilgan Gyottingen universitetida fizika, riyoziyot va falakiyotshunoslikdan tahsil oldi.
Lixtenberg ko‘plab falsafiy hikmatlar muallifi. Uning quyidagi asarlari ma’lum: «Fiziognomika haqida» (1778 yil), «8» raqamli nutq…», «Hikmatlar».


* * *
Shunisi juda achinarliki, odamlarning yovuzlikni kamaytirishga bo‘lgan intilishi juda ko‘p yovuzliklarni keltirib chiqaradi.

* * *
Har kuni ko‘kka iltijo qilib shunday oliy baxt tilayman: faqat aqlli hamda olijanob odamlargina bilim va qudratda mendan o‘zib ketsinlar.

* * *
Aftidan, hech kimning baxti to‘kis emasligini yetarlicha yaqqol tasavvur etishning o‘zi ham to‘kis baxtga yetishmoqning yaqin yo‘lidir.

* * *
Insonning o‘z irodasiga qarshi yashashi ayanchli. Istakka qarshi ravishda barhayot qolish esa undan ham dahshatliroqdir.

* * *
Hamdardlik ahamiyatsiz sadoqatdir.

* * *
Inson fe’l-atvorini to‘g‘riroq tushunish uchun boshqa vositalar bo‘lmaganda uni ranjitadigan hazildan foydalanish mumkin.

* * *
Ko‘pchilik xatolardan qochishni emas, ulardan afsuslanishni ezgulik deb hisoblaydi.

* * *
O’ziga bino qo‘ygan odamning ustunligi shundaki, uning raqiblari oz bo‘ladi.

* * *
Qullarcha xatti-harakat faqat qullarning o‘zigagina xos emas.

* * *
Inson haqida o‘ta murakkab tasavvurda bo‘lma, balki oddiygina mulohaza yurit. Uni o‘ta yaxshi yoki o‘ta yomon deb hisoblama.

* * *
Birovni qoralashdan oldin doimo uni oqlash imkoni bor-yo‘qligini o‘ylash kerak.

* * *
Albatta, men: «Hamma narsa o‘zgacha bo‘lsa yaxshiroq bo‘ladi», — deya olmayman. Ammo shuni tasdiqlaymanki, hamma narsa yaxshiroq bo‘lishi uchun hammasi o‘zgacha bo‘lmog‘i joiz.

* * *
Ahmoqni donoga aylantirish qo‘rg‘oshinni oltinga aylantirish singari mushkul ishdir.

* * *
«Olim» so‘zi zamirida ba’zan faqat bir narsa – ko‘p narsaga o‘rgatilgan, ammo o‘zi hech narsa uqmagan odam to‘g‘risidagi tushuncha yotadi.

* * *
Hamma narsadan kamida bir marta shubhalan. Hatto «ikki karra ikki – to‘rt» degan oddiy haqiqat ham bundan xoli bo‘lmasligi mumkin.

* * *
Baxtsizligimizning umumiy manbai shundaki, biz narsalarni qanday qabul qilsak, ular haqiqatan ham shundayligiga ishonamiz.

* * *
Biz shunday olamda yashaymizki, bitta ahmoq ko‘plab ahmoqlarni, bitta donishmand esa juda oz donolarni yaratadi.

* * *
Shubha hushyorlikka teng bo‘lmog‘i joiz. Aks holda u xatarli tus oladi.

* * *
Odamlar ko‘pincha din yo‘lida urush boshlashlari, ammo diniy qoidalarga kamdan-kam hollarda amal qilishlari hayratlanarli emasmi?

* * *
O’zimizga ma’lum zaifliklarimiz bizga zarar yetkazmaydi.

* * *
Odamlardan o‘z istagimiz darajasida emas, balki ularning imkoniyatlari darajasida yordam so‘rashimiz joiz.

* * *
Donolikka ilk qadam – hamma narsaga hujum qilishdan, so‘nggi qadam esa – hamma narsani boshdan kechirishdan iborat.

* * *
Yangi narsani ko‘rish uchun qandaydir yangi narsa yaratish zarur.

* * *
Nima bo‘lganda ham, baribir, qabr taqdir zarbalariga qarshi eng a’lo qal’adir.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.