(1741-1794)
Frantsuz faylasufi Shamfor klermonlik ruhoniyning farzandi bo‘lib, kollejda tarbiya olayotgan chog‘idayoq zukkoligi bilan boshqalardan ajralib turardi. Shamfor kollejni bitirgach, abbatlik martabasiga ega bo‘lgan, ammo bu uni zarracha quvontirmagan.
Faylasuf muhtojlik nimaligini juda erta anglab yetdi. U 1761 yildan boshlab Kyolnda, keyinroq Parijda aslzoda xonadonlarda o‘qituvchilik qilgan. Garchi boshlagan ishi katta ruhoniylik martabasiga erishish uchun munosib bo‘lsa-da, Shamfor yozuvchilikni ma’qul ko‘rgan.
U bitgan qasidalar, quvnoq qissalar, fojia asarlar aslzodalar jamiyatiga yo‘l ochdi: Frantsiya qiroli va qirolichasining iltifotiga ko‘ra, unga maosh tayinlandi. Shahzoda esa Shamforga kotiblik lavozimini taklif etdi. 1781 yilda Shamfor Frantsiya akademiyasiga a’zo bo‘ldi. Bora-bora kiborlar jamiyatining chin vakiliga aylandi. Saroyning e’tiborli kishilari faylasufga hurmat bilan qarashgan.
Shamforning baxtli, g‘am-tashvishsiz hayoti uzoq cho‘zilmaydi. Frantsiya inqilobining ta’siri uni ham chetlab o‘tmadi.
Na muayyan tartibga ega jamiyat, na o‘z qarashlari va yumushiga ega bo‘lgan odamlar o‘tkir aql sohibi Shamforni inqirozdan asray olishdi.
Hurfikrligi va teran kinoyalari Shamforning ishsiz qolishiga sabab bo‘lib, turma ostonasiga yetaklab keldi. U og‘ir yaralanib halok bo‘lgani tufayligina ikkinchi marta qamalishdan qutulib qoldi. Shamforning asosiy asari «Hikmatlar va fikrlar, dono iboralar va latifalar» deb nomlanadi.
* * *
Agar odamlar o‘zlarida ezgulikka muhabbat va maqtovga loqaydlik, mehnatga tashnalik va shuhratga beparvolik kabi qarama-qarshi sifatlarni jamlay olganlarida juda yaxshi bo‘lardi.
* * *
Jiddiy ishlar chog‘ida odamlar o‘zlarini qanday lozim bo‘lsa, shunday tutadilar. Mayda ishlarda esa ularning asl qiyofasi ko‘rinib qoladi.
* * *
Tarbiya ikki narsaga: axloqqa va mulohazakorlikka tayanmog‘i kerak. Axloq ezgulikka tirgak bo‘lsa, mulohazakorlik yomonlikdan asraydi. Agar siz faqat axloqqa suyansangiz, anqov va jafokashlarni, faqat mulohazakorlikka tayansangiz, o‘ziga pishiq xudbinlarni tarbiyalab yetishtirasiz.
* * *
Ezgu ishimiz uchun mukofotlash asnosida savobni bizdan tortib olishadi.
* * *
Biz ko‘pchilik orasida emas, yolg‘izlikda baxtiyorroqmiz. Buning boisi tanholikda jonsiz narsalar haqida, odamlar orasida esa ular to‘g‘risida o‘ylaganimizdadir, balki?
* * *
Haddan ortiq yuksak fazilatlar ham ba’zan insonni jamiyat uchun yaroqsiz holga keltirib qo‘yadi. Zotan, bozorga ham katta oltin yombi bilan bormaydilar. U yerda tanga, ayniqsa, mayda chaqalar kerak bo‘ladi.
* * *
Yomonligi bilan jamiyatni bezdirgan odamni tuzatish arzirli ishmi? Buning o‘rniga unga duch kelgan odamlardagi ko‘ngil siniqligini davolash osonroq emasmi?
* * *
Olijanoblik — oliyhimmat qalbning hamdardligidan o‘zga narsa emas.
* * *
Donishmandlarga nisbatan tentaklar ko‘p. Va hatto donishmandlarning o‘zida ham donolikka nisbatan tentaklik mo‘lroqdir.
* * *
O’z dushmanlaridan nafratlanish uchun insonning aqli yetarli bo‘lishi kerak.
* * *
Tabiat shunday yo‘l tutganki, xomxayollik nafaqat telbalarga, balki donishmandlarga ham xosdir. Aks holda, donishmandlar o‘z donoligidan qattiq aziyat chekkan bo‘lishardi.
* * *
Biz atrofdagilarga kulgili ko‘rinmasligimiz uchun qancha aql kerakligini hatto tasavvur ham etolmaymiz.
* * *
Aqlli, ammo kuchli fe’l-atvorga ega bo‘lmagan odamga qiyin.
* * *
Kambag‘al, ammo erkin odam o‘z ehtiyoji uchun faqat o‘ziga-o‘zi yugurdaklik qiladi. Badavlat, ammo qaram odam esa o‘zga odamga va hatto bir yo‘la bir necha kishiga yugurdak bo‘ladi.