OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Jamiyat va shaxs

Inson insonga har jihatdan zarur.
T. G. SHEVCHENKO

Kishi ko‘pgina narsalarsiz ham yashay oladi, lekin tanholikda yashay olmaydi.
L. BERNE

Biri mahv bo‘layotgan joyda ikki kishi birlashib biri-birini qutqarishi mumkin.
O. BALZAK

Kishi jamiyatda yashash uchun yaralgan; uni jamiyatdan ajratib, yakkalab qo‘ysangiz —fikrlari ham almoyi-aljoyi bo‘lib qoladi, xarakteri yomonlashadi, yuragida yuzlab noraso ehtiroslar tug‘iladi, xuddi cho‘lda o‘sgan yovvoyi tog‘olcha singari miyasida bema’ni g‘oyalar tomir yoyadi.
D DIDRO

Kishi odamlarning do‘sti bo‘lmog‘i kerak,— o‘zida va ularda mavjud fazilatlarning bari uchun u odamlardan qarzdordir.
M. GORKIY

Kishi jamiyat uchun yaralgan. U bir o‘zi yashashga layoqatli emas va bir o‘zi yashashga jur’ati yetmaydi.
U. BLEKSTOUN

Kishi uzlatda yashay olmaydi, unga jamoat kerak.
I. GYOTE

Sen qanchalik istaganingda ham, odamzod turmushidan o‘z hayotingni ajratib ololmaysan. Sen u bilan bir jonu bir tansan. Oyoq, qo‘l-ko‘z singari biz o‘zaro aloqa uchun yaralganmiz.
MARK AVRELIY

Odam tabiatan ijtimoiy mavjudotdir.
ARASTU

Tarix davomida hammavaqt va hamma joyda insonni xalq yaratgan.
M. GORKIY

Jamiyatsiz inson o‘zida kamolotga yetishish istagining ojizligi bilan g‘arib bir holga tushgan bo‘lardi. Lekin hammadan ham muhimi — bizning kamolotimiz jamiyatsiz deyarli maqsadsiz bo‘lur edi.
U. GODVIN

Faqat odamlar orasidagina kishi o‘z-o‘zini anglashga qodir.
I. GYOTE

Inson odamlar orasidagina odam bo‘la oladi.
I. VEXER

Muloqot kishini go‘zallashtirib, unga ulug‘vorlik baxsh etadi; jamoat ichida odam har qanday soxtagarchilikni yig‘ishtirib qo‘yib, o‘zini beixtiyor boshqacha tutadi.
L. FEYERBAX

Yakka odam uzlatda qolgan Robinzon singari ojizdir; faqat boshqalar bilan hamkorlikdagina u ko‘p ishlarni qila olishi mumkin.
A. SHOPENGAUER

Kishining tanho qolishi, ayniqsa, u yakka o‘zi ishlasa behad yomon; agar u biron-bir narsaga erishmoqchi bo‘lsa, unga ham-dardlik va ma’naviy yordam kerak.
I. GYOTE

Kishi agar faqat o‘z-o‘zi bilan yashashga majbur bo‘lsa va faqat o‘zi haqida o‘ylasa, u behad azob chekishi muqarrar.
B. PASKAL

Yerdan sug‘urib olinib, qumli sahroga tashlang‘an giyoh halok bo‘lganidek, shaxs baxti ham jamiyatdan tashqarida bo‘lmaydi.
A. N. TOLSTOY

Aynan boshqalarning xayrixohligidan bahra topg‘an holdagina hayot nash’ali bo‘ladi.
I. GYOTE

Agar odamlar senga xalaqit bersalar, u holda sen uchun yashashning ma’nosi qolmaydi. Odamlardan uzoqlashish esa o‘z-zini o‘ldirish bilan teng.
L. N. TOLSTOY

Ko‘pchilikdan ayrilib, o‘zini tan olinmagan iste’dod yoki olimaqom daho hisoblovchilarning holiga voy. Jamoa hamisha kishining martabasini ulug‘ qiladi va hayotini mustahkam izga soladi.
N. A. OSTROVSKIY

Shaxsiyatparastlik — oshkora ojizlikdir.
M. M. PRISHVIN

Shaxsiyatparastlik yoki o‘zicha jamiyatdan ayrilib qolish, bizning tasavvurimizcha, o‘z-o‘zini o‘ldirishdek bema’nilikdir.
A. N. TOLSTOY

Kim, boshqa odamlarsiz kunimni o‘tkaza olaman, desa xato qiladi, lekin kimki odamlarga mensiz qiyin bo‘ladi, deb o‘ylasa, undan battar xato qiladi.
F. LAROSHFUKO

Kishi qanchalik iste’dodli bo‘lmasin, baribir kollektiv hamisha donoroq va qudratliroqdir.
N. A. OSTROVSKIY

Tanholik bir me’yordagi qon aylanishiga muhtoj sog‘lom organizmga muvofiq kelmaydi. Kollektiv bilan birlashib ketishni o‘rganish kerak, bu esa o‘zlikni asrab qolishga xalal bermaydi.
R. ROLLAN

Kollektiv — qandaydir notayin to‘da emas. U o‘z shaxsiyatiga ega kishilarni birlashtirgan boy xazinadir.
V. A. SUXOMLINSKIY

Kollektivning tarbiyaviy kuchi haqida g‘amxo‘rlik qilish — bu kollektivdagi har bir kishining ma’naviy boyligi va kamoloti haqida, o‘zaro munosabatlarning boyishi haqida qayg‘urishdan boshqa narsa emas.
V. A. SUXOMLINSKIY

Shaxs kollektiv bilan qo‘shilib o‘zligini yo‘qotmaydi. Aksincha, u kollektivda ma’naviyat va kamolotning gultojiga aylanadi.
A. BARBYUS

Jamiyat boyligi uni tashkil etgan shaxslarning rango-rangligidan tarkib topadi, chunki tarbiyaning oliy maqsadi — insonning o‘zi.
V. A. SUXOMLINSKIY

Har qanday kishi ham odamlardan o‘zini ajratadigan emas, balki ularga bog‘laydigan ishlarni qilish zarurligini biladi.
L. N. TOLSTOY

Boshqa odamlardan o‘zini ayirgan odam o‘z baxtiga zomin bo‘ladi, chunki o‘zini qanchalik ayirsa, hayoti shunchalik yomonlashadi.
L. N. TOLSTOY

Biz hayotimizning har bir soniyasida boshqa odamlardan bizni nima ayirayotganini emas, balki ular bilan bizni nima uyg‘unlashtirayotganini qidirishimiz lozim.
J. RESKIN

Ayrim kishining yoxud ayrim millatning farovonligi barcha uchun mushtarak farovonlik bilan uzviy bogliq.
A. BARBYUS

Umum farovonligi uchun xizmat qilish istagi qalbning zaruriy ehtiyojiga, shaxsiy baxt shart-sharoitiga aylanishi kerak.
A. P. CHEXOV

Inson ijtimoiy, davlat manfaatlariga qanchalik keng naf keltirsa, u shunchalik kamolotga yetishgan bo‘ladi.
D. I. MENDELEYEV

Boshqalarga yorqin nur bo‘lish, o‘zingga ham nur taratishing — inson erishishi mumkin bo‘lgan oliy baxt shudir. Shundagina inson azobdan ham, og‘riqdan ham, g‘amdan ham, muhtojlikdan ham qo‘rqmaydi. Shundagina u hayotni chinakamiga sevishni endigina o‘rgangan bo‘lishiga qaramay, o‘limdan ham qo‘rqmaydi.
F. E. DZERJINSKIY

Xalq uchun mehnat qilish — kechiktirib bo‘lmaydigan vazifadir.
V. GYUGO

Agar kishi faqat o‘zi uchun mehnat qilsa, ehtimol, u mashhur olim, buyuk donishmand, ajoyib shoir bo‘lishi mumkin, lekin hech qachon tom ma’nodagi kamolotga erishgan ulug‘ inson bo‘lolmaydi.
K. MARKS

Kimning qalbi hamma uchun tepayotgan bo‘lsa, u odam chinakam buyukdir.
R. ROLLAN

Baxtimiz mukammal bo‘lishi uchun atrofimizdagi odamlarning xayrixohligi va yordamiga muhtojmiz, atrofimizdagi odamlar esa biz ularning baxti yo‘lida ter to‘kishga qay darajada tayyor tursak, ular ham shu darajada bizni sevish va hurmat qilish, rejalarimizda yordamlashish, bizning baxtimiz yo‘lida ter to‘kishga rozi bo‘ladilar, bu zaruriy aloqani ma’naviy burch, ma’naviy vazifa deb ataydilar.
P. GOLBAX

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.