Shayx Xaraqoniy Nishopurga keldi, yo‘lning azobi uni xasta qildi. Bir go‘shada jandasiga o‘ralib olib, och holda bir hafta yotdi. Birov uning holidan xabar olmasdi. Hafta oxirida Allohga nola qilib dedi:
- Ey Iloh, bir burda non ato et, to yeb quvvatga kiray.
G’aybdan oyuz keldiki:
- Nishopur maydonini supurib, tuproqdan tozala, agar maydon tuprog‘ini batamom supurib olsang, yarim arpa miqdorida oltin topasan, shunga non sotib olasan!
Xaraqoniy dedi:
- Agar supurgi va g‘alvirim bo‘lsaydi, non tilashimga hojat qolarmidi? Jigarim qurib, suv qolmadi, jigarsiz bo‘lsa ham non ber menga, qonimni ichib quritma.
G’aybdan yana ovoz keldiki:
- Bu osondir, agar non kerak bo‘lsa, tuproqni supurgil!
Shayx odamlar oldiga borib, supurgi va g‘alvir so‘rab iltijolar qildi. Tuproqni supurib, sur’at bilan ishlardi va supurgan tuproqlarni g‘alvirdan o‘tkazardi. Oxirgi tuproqni supurib, elaganda, o‘shal oltin parchasini topti. Oltinni ko‘rganda, nafsi quvnab ketdi. Novvoy oldiga borib non sotib oldi. Novvoy non berganda, supurgi bilan g‘alvirni shamol olib ketdi. Qariya bundan xafa bo‘lib, fig‘on qildi.
Dedi:
- Menday omadsiz sargardon dunyoda yo‘q, endi tovon to‘lash uchun oltinim ham yo‘q». Shunday deya, u devonalarday yo‘l yurardi, oxir bir vayronaga borib o‘tirdi. Shu vayronada xoru zor g‘amgin o‘tirgan edi, qarasa supurgi bilan g‘alviri yonida turibdi.
Shayx shodu xurram bo‘lib dedi:
- Ey AIlohim, nega bunday dunyoni menga qorong‘u qilding? Topgan nonimni jonimga zahar qidding, jonimni qaytadan olganday bo‘lding.
G’aybdan ovoz keldiki:
- Ey, yaxshilikni bilmagan odam, non nonxo‘rishsiz (nonga qo‘shib yeyiladigan narsalar) yaxshi emas. Nonning o‘zini qo‘yningga solding, men nonxo‘rish qo‘shib qo‘ydim, minnatdor bo‘l!
Abul-Hasan Xaraqoniy hikoyasi
"Mantiqut-tayr"dan (Fariduddin Attor)