Sulton Mahmud lashkari bilan ovga chiqdi. Bir muddat u lashkaridan ajralib chetga chiqdi va atrofni kuzatdi. Bir o‘tinchi cholni ko‘rdiki, eshagiga o‘tin ortib, haydab borardi. Birdaniga o‘tinlari eshakdan tushib ketdi va chol nima kilishini bilmay, boshini qashladi. Mahmud o‘tinlari ag‘anab ketgan, o‘zi bu noilojlikda qolgan bechora odamni ko‘rib, unga yaqinlashdi va dedi:
- Ey, beqaror odam, yordamlashib yuboraymi?
Chol xursand bo‘lib, rozi bo‘ldi:
- Ey, otliq mard, menga yordam bersang, Alloh senga yordam beradi, bundan men foyda ko‘raman, ammo senga ziyon yetmaydi. Yuzingdan yaxshiliging ko‘rinib turibdi, yuzi yoqimlilardan lutfu karam kelsa ajablanmas-lik kerak.
Shohning qalbida karam jo‘sh urib, otdan tushib, sochilib ketgan tikanli o‘tinlarni nozik qo‘llari bilan qayta bog‘lab, eshakka ortdi va mahkam qilib bog‘ladi.
Keyin uchqur otiga minib lashkari oldiga kelib dedi:
- O’tinchi cholni ikki tomondan shunday o‘rab olingki, toki menga yuzlanmaguncha boshqa yo‘l topmasin, - dedi. Lashkarlar cholning orqa-atrofini o‘rab oldilar va u shoh o‘tovi tomon yurishga majbur bo‘ldi.
Chol o‘ziga-o‘zi:
- Bu zolim lashkar menga boshqa yo‘llarni to‘sdi, nima qilsam ekan, shohga ro‘baro‘ bo‘lishdan boshqa chora yo‘q endi, - derdi. Chol eshagini haydab podshoga yaqinlashdi, shohni ko‘rib tanidi va xijolatda qoldi. Soyabon ostida o‘ziga tanish yuzni ko‘rib, uyatdan qiynalib, boshin yerga qo‘ydi. Ichida dedi:
- Yo Rab, holimni kimga aytay, Mahmudni o‘z hammolim — xizmatkorimga aylantirib qo‘yibman-ku!
Shoh unga qarab dedi:
- Ey mening darveshim, mening oldimda nima uzring, nima talabing bor?
Chol dedi:
- Mening ishimu ahvolimni bilasan, o‘smoqchilab, o‘zingni bilmaslikka olma. Men bir ayolmand, o‘tin, tikanaklar terib, sotib kun ko‘ruvchi cholman. Kecha-kunduz cho‘lu tog‘ kezib, tikan yig‘aman. Tikan sotib non olaman, agar qo‘lingdan kelsa, menga bir parcha non ber.
Sulton dedi:
- Ey zahmatkash qariya, tikanlaringning narxini ayt, sotib olaman!.
Chol dedi:
- Ey shoh, buni mendan arzonga olma, bir hamyon oltindan kamiga sotmayman». Lashkar ahli cholga o‘dag‘aylab dedilar:
- Og‘zingni yum, ey ablah, bu tikanlaring ikki pulga qimmat, arzonroq narx qo‘y!
Chol dedi:
- Hay, mayli, bu tikanlar ikki pulga qimmat bo‘lsin, ammo bunday yaxshi xaridor kam uchraydi. Xushbaxt bir inson bu o‘tinga qo‘l tekizdi va bu tikanlar gulzor gullariga aylandi. Kimki bundayin tikanni sotib olmoqchi bo‘lsa, har bir alohida tikan novdasini bir dinorga sotib oladi. Bu inson qo‘liday qutlug‘ qo‘l tikanimga tekkuncha behad azoblar ko‘rdim. Garchi bu arzimas bir tikandir, ammo Uning qo‘lidan olganim uchun ming jonga arziydi.
Mahmud va o’tinchi chol hikoyati
"Mantiqut-tayr"dan (Fariduddin Attor)