OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Bir ko‘za suv

Cho‘lda faqir bir sahroyi xotini bilan birga yashar ekan. Bir kuni kechasi xotini:
— Barcha kambag‘allik va jafoni biz cheknpmiz, boshqalar umrini rohatda o‘tkazmoqda. Faqat biz faqirmiz.
— Nonimiz yo‘q, boshqa ozuqalarimiz ham kam. Ko‘zamiz yo‘q, suvimiz esa ko‘z yosh. Kunduzi kiyimimiz quyosh, kechasi ko‘rpa to‘shagimiz oy nuri. Oyni non deb o‘ylab osmonga intilamiz. Bizning holimiz bundan buyon qanday kechadi?  deb dardini so‘zlabdi.
Sahroyi:
— Ey xotin, qachongacha dunyo molini istab yurasan? O’zi qancha umrimiz bor. Aqlli inson boylikka ruju qo‘ymaydi. Yoshligingda anchayin qanoatli eding, endi esa boylikka hirs qo‘yding, oltin istaysan, holbuki, o‘zing oltin kabi eding. Senga nima bo‘ldi?  debdi. Xotini bu gaplarga quloq osmas, iddaosi kuchayib borardi.
— Ey nomusdan boshqani bilmagan! Sening na’sihatomuz so‘zlaringdan to‘ydim. Undan ko‘ra ahvolimizdan uyalgin. Menga qanoatni o‘rgatyapsan. Qancha paytdan beri shu hol, yana qanchagacha davom etadi, axir?! Sen qachongacha qanoat ila jon saqlamoqchisan? O’zingga kel va bu holdan voz kech
— Sen xotinmisan yoki balomisan? Kambag‘alligim bilan men faxrlanaman. Boshimni ko‘p qotirma. Mol mulk boshdagi kuloh singaridir. Kulohga yukingan kaldir... Boyning barcha ayblari moli bilan yopiladi. Kambag‘allik sen aytayotgan narsa emas, unga past nazar bilan qaramagin. Mening birovga hasadim yo‘q. Qalbimda qanoat deb atalguvchi bir bebaho olam bor. Ey xotin noshukrlikni, shikoyat va janjalni bas qil, hech bo‘lmasa, meni o‘yla. Men yaxshi bilan ham, yomon  bilan ham janjal qilmayman, janjal bilan ishim io‘q. Urush u yoqta tursin, yuragim tinchlikdan ham qo‘rqyapti. Jim bo‘lsang, jim bo‘lding, bo‘lmasa hozir uyni tashlab, bu erdan bosh olib ketaman.
Xotin erining g‘azabini ko‘rgach, yig‘lay boshlabdi. O’zini go‘yo  pushaymondek ko‘rsatibdi va shunday debdi:
— Men sening oyog‘ing tuprog‘iman. Jismim, jonim senikidir, hukm ham senda, farmon ham... Kambag‘allik sabab sabrim tugab nolisam ham, o‘zim uchun emas, sen uchun noliyman. Sen yomon kunlarimda dardimga davo bo‘lding; muhtoj bo‘lishingni xoxlamayman. Faqat sen men haqimda yomon fikrga borma. Mana, insofga keldim. Qalb va ko‘ngil hukmiga bo‘yin egaman...
Sahroyi xotinining ko‘zyoshlariga chiday olmadi va aytganlaridan pushaymon bo‘ldi.
— Ne qilayin, senga tanbeh berdim xotin, chunki seni sevaman va sendan ajrashni istamayman,  dedi.
Xotin fursatni boy bermay:
— Rostdan meni sevasanmi? Yoki...
— Xudo haqqi, seni sevaman.
— U holda senga bir tilagim bor. Bag‘dod shahrida xalifa yashaydi. Undan yordam so‘rashing mumkin. Iqbol soxiblarining do‘stligini qozonganlar iqbolga erishadilar. Shuning uchun sen ham Bag‘dodga bor, u podshohni top Yaxshi, lekin men bechora, faqir bir sahroyiman. U buyuk sulton huzuriga qanday boraman. Buning uchun biror sabab kerak, sababsiz ziyorat bo‘lmaydi.
Xotin eriga shunday nasihat berdi:
— Ko‘zamizda tiniq yomg‘ir suvi bor. Bor molu mulkimiz ham shu. Shu ko‘zani ol, borib podshohlar sardorining huzuriga kir, sovg‘ani taqdim et. Aytginki: "Bizning bundan boshqa molu  mulkimiz yo‘q, cho‘lda bundan ham yaxshisi topilmas... Podshohimizning xazinalari
bo‘lsa ham, bunday suvi yo‘q. Bunday suv kam topiladi.
Bechora xotin Bag‘dodning o‘rtasidan suvi shirin Dajlaning oqib o‘tishini qaerdan bilsin, bundan bexabar o‘z  ko‘zasidagi suvni maqtardi.
Eriga ham bu gap ma’qul keldi:
— Kimning bundanda ortiq sovg‘asi bo‘lishi mumkin . Chindan ham bizning ko‘zamizdagi tiniq yomg‘ir suvi faqat podshohlarga loyiq..., dedi.
Sahroyi ko‘zasining og‘zini mahkam bog‘ladi. Saharlab Bag'dodga yo‘lga tushdi..Ko‘zani sinmasin,o‘g‘rilar o‘g‘irlamasin deb kecha kunduz ko‘z qorachig‘iday asradi. Kunlar, haftalar o‘tib, Bag‘dodga  yetib keldi. So‘ray so‘ray xalifaning saroyini topdi. Eshikka suyandi. Soqchilar undan maqsadini so‘rashdi. Sahroyi:
— Ey yuzlaridan ulug‘lik nishonasi porlagan.  Ey podshohlar sardorining axloqi bilan bezangan kishilar. Men g‘arib bir sahroyiman. Poddyuhdan lutf ilinjida sahrodan kedim. Bu sovg‘ani sultonga olib boring, podshohtan  lutf  tilaganning ehtiyojin qondiring. Bu totli va lazzatli suv... Ko‘zam ham chiroyli va yap-yangi...
Xalifani  odamlari bu sof ,toza yurakli sahroyini  sovgasini jon deb qabul qilishdi. Sahroyi saroyning ortida shildirab oqqan Dajladan hamon bexabar edi.
Sahroyining bir ko‘za suvi xalifaga olib borilgandan so‘ng xalifa bundan juda mamnun bo‘ldi, sahroyini huzuriga chorladi. Ko‘nglini oldi, yangi kiyimlar kiydirdi. so'‘ng odamlariga:
— Ko‘zani oltin bilan to‘ldirib bering. Qaytayotganida uni kema bilan Dajladan olib o‘ting. U cho‘l yo‘lidan kelibdi. Dajla yo‘li yurtiga ancha yaqin, bu yerdan mamlakatiga qaytsin..., deya amr berdi.
Sahroyi kemaga chiqqach, Dajlani ko‘rib lol qoldi.
Asl hayrati esa suvi mo‘l ko‘l Dajla daryosi bo‘la turib, xalifaning cho‘l suvidan yig‘ilgan bir ko‘za suvni qabul qilgani bo‘ldi.
Va Allohga shukrlar qildi...

Jaloliddin Rumiyning “Masnaviy”sidan

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.