Fors shohlari orasida bittasi juda qudratli, lekin o‘ta yovuz edi.
Bir kuni shohning bosh oshpazi unga yegulik olib kirganida ovqatning bir tomchisi dasturxonga tomibdi. Shoh oshpazga qarabdi. Oshpaz o‘sha zahoti uni qatl jazosi kutayotganini sezibdi. Shunda u qo‘lidagi ovqat to‘la idishni bir yo‘la dasturxonga ag‘daribdi-da, jo‘nab qolibdi. Shoh uni huzuriga chaqirtirib, so‘rabdi.
— Nega bunday qilding? Men ko‘rdim, sen ovqatni dasturxonga ataylab tomdirganing yo‘q, bunda sening yomon niyating bo‘lmagandi. Lekin keyin nima uchun bor ovqatni ag‘darib ketding?
— Podshoh uchun men uyalib ketdim, — deb javob qildi oshpaz. — Chunki meni qatl etadi deb o‘yladim. Tasodifan tomib ketgan bir tomchi ovqat uchun shohim o‘zining keksa, sodiq va tajribali xizmatkorining qonini to‘kadi. Shu boisdan men kattaroq gunoh qilishni lozim topdim. Shohga meni qatl ettirish uchun chinakam bahona bo‘lsin, dedim-da.
— Gunohingni tan olishing seni qatl ettirishdan qutqaradi, — rahm qildi shoh, — lekin jazodan asrab qololmaydi.
Shoh shunday dedi-da, oshpazga yuz darra urishni, keyin esa lozim darajada mukofotlashni buyurdi.
Bir tomchi ovqat
Ibrohim al-Xusriyning “Adabiyot gullari” kitobidan