OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Eng yaxshi nutq

Bir kuni turli kasb egalari yig‘ilib gurunglashardi. Ularning har biri o‘z hunariga xos bo‘lgan so‘zamollik haqidagi fikrini bayon qildilar.
Gapni zargar boshladi:
— So‘zlarni nozik ipga termoqning eng yaxshi usuli — ularni ziyraklikning o‘tkir tig‘i bilan teshib, undan tafakkur ipini o‘tkazib, ular ma’no-sining yorqin durlarini nutq marjoni shodasiga birlashtirmoq va uni gapirayotganning bo‘yniga ilmoqdir.
— Eng xushbo‘y nutq, — deya gapni ilib ketdi mushki anbar bilan  savdo qiluvchi, — so‘zlarining muattar hidi fikr mushki bilan omuxta qilingan nutqdir. Ana shunday fikrni eshitganingda xush bo‘yini his etasan va muattar iforidan nafas olasan. So‘zamol notiqlar uning atrini yaxshi ko‘radilar, nazokatli kishilar uning xush bo‘yidan o‘zlariga oro beradilar.
— Yaxshi nutq, — gapga qo‘shildi tilla buyumlar yasovchi usta, — fikr alangasida qizdirib, zukkolik qozonida qaynatilgach, unda teran ma’noning toza oltini yaltirab turish uchun serso‘z lanjligidan tozalangan va’zdir.
Suhbatga sarrof aralashdi:
— Yaxshi nutq, yaroqli tanganing yaroqsizidan ajratadigan tajribali qo‘lga o‘xshaydi. Bunday qo‘lda so‘zlarga donolik nigohi bilan sayqal beriladi va suxandonlik tarozisida shunday tortiladiki, hech kimning ko‘zi soxtalik ko‘rmaydi, hech kimning qulog‘i yolg‘onni eshitmaydi.
Gal temirchiga keldi:
— Eng chiroyli nutq ong bosqonida dam berilib, iste’dod qo‘rida yaxshilab toblanib, sukut ko‘mirida tutib turib, anglash bolg‘asida toblangan nutqdir, — dedi u.
— Yaxshi nutq, — dedi duradgor, — ma’nosi muhokama o‘roq-randasida yaxshilab yo‘nilib, tushunish boltasida tekislangan bo‘lishi kerak, toki u aniq bo‘g‘in xonadonida eshik va toza hamda ajoyib til uyida to‘sin bo‘lib xizmat qilsin.
— Eng go‘zal nutq, — dedi gilamdo‘z, — ma’no naqshlari bilan bezalgan so‘zlardan to‘qilgan gilamdir. Ana shunday gilamgina uni tomosha qilayotgan ko‘zlarni quvnatadi, tinglayotgan quloqni nafis tovushlari bilan zavqlantiradi.
Gapni charxpalak mirobi davom ettirdi:
— Eng tushunarli nutq so‘zlar chelagi ma’no g‘ildiragiga osilgan charxpalakdir. O‘sha chelak donolik qudug‘iga tushiriladi-da, undan obi hayotga to‘ldiriladi. Bu suv esa barcha noaniqliklarni yuvadi, nutq ma’nosini ravshan qiladi va qiynalayotganlar tashnaligini qondiradi.
So‘z navbati bo‘yoqchiga keldi:
— Eng yoqimli nutq, — dedi u, — qisqalik jilvasi xira tortmagan va so‘zga chechanlik rangi o‘chmaydigan nutqdir; chunki tafakkur qo‘li unga jilo beradi.
— Eng yaxshi nutq, — dedi to‘quvchi, — matodir. Zero, matoda so‘z orqog‘i hamda ma’no asosi chambarchas chatishib ketgandir. Shuning uchun u zich va yaltiroq bo‘lib chiqadi, go‘zalligi bilan ko‘zingizni qamashtiradi.
Gapga gazmol bilan savdo qiluvchi aralashdi:
— Yaxshi nutq — so‘zlariga haqiqat tamg‘asi bosilgan, ma’nosi esa ko‘z oldingga yoyib tashlangan nutqdir; bunday nutqning rangi-ro‘yi u o‘rog‘lik bo‘lsa ham, yoyilgan bo‘lsa ham, yaqqol ko‘rinib turadi.
— Yaxshi nutq, — dedi suhbatga qo‘shilgan sayis, — minishga o‘rgatilib sovutilgan va yo‘rg‘alashdan yelib chopishga o‘ta oladigan arg‘umoqdir.
Tuyalar karvonining sarboni ta’kidladi:
— So‘zamol odam — nutqni jilovidan ushlab, fikr vohasida tuyani cho‘kishga majbur etadi, uni lo‘ndalik bilan kishanlab, qisqalik maydoniga qo‘yib yuboradi.
Musallaspaz ham bo‘sh kelmadi:
— So‘zning eng uzoq saqlanib yetilgan musallasi bilan qozonida yaxshilab sirkalanib, tushunish dokasidan o‘tkazilgan va donolik xumiga qo‘yilganidir. Uning xushbichimligi lazzat beradi, nozikligi — chanqog‘ingni qondiradi, o‘ylari esa mast qiladi.
Salqin ichimliklar sotuvchi unga qo‘shimcha qildi:
— Yaxshi nutqning so‘zlari bema’ni shubhalardan xolis etib, kishini tetiklashtiradi. Uning o‘ylarini ichish esa oson va shirindir.
Tabib dedi:
— Yaxshi nutq dori-darmondir. Uning tiniqligi xira fikr yuritishdan davolaydi, kishidan kaltafahmlikni haydab chiqaradi. Sog‘lom fikr baxsh etadi.

Ibrohim al-Xusriyning “Adabiyot gullari” kitobidan

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.