OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Darvesh va muttaham xizmatchi

Bir darvesh sayohatga chiqdi.Aylanib borib darveshlar xonaqosida qo‘noq bo‘ldi.
Uning eshagini xizmatchilar og‘ilxonaga bog‘ladi, darveshni ham xonaqoning to‘riga o‘tqizdilar. Maroqli suhbat bo‘ldi, so‘ngra dasturxonlar yig‘ildi. Darvesh shu payt juda sevadigan, zahmatkash eshagini esladi va xizmatchiga eshagini yaxshi parvarish qilib, unga yem berishlarini aytdi. Xizmatchi:
 "Lahavla, bu nima deganingiz. Albatta bu mening vazifam, parvarish ham qilaman, arpa ham beraman",dedi.
Darvesh, ko‘ngli to‘lmay qayta: "Aybga buyurma, u sening ishing ekanini bilaman. Faqat eshagim biroz qarigan, tishlari ham sog‘lom emas. Avval arpani ivit, biroz yumshasin, keyin somon bilan aralashtir".
Xizmatchi yana:
 "La havla...",  dedi.
Qisqasi darvesh qaysi payt ish buyursa, xizmatchi La havla..." ni qayta-qayta aytar, ammo eshakka na somon, na bir hovuch arpa berardi. Bechora eshak och, suvsiz, og‘il xonada bazo‘r tong ottirdi. Darvesh esa xizmatchidan ko‘ngli to‘q, xotirjam uyquga ketdi.
Tushida xaddidan oshgan bir bo‘ri eshagiga hamla qilayotganini ko‘rdi va shu zahoti ko‘zini ochdi.
"Ishkilib, yaxshilikka bo‘lsin!" deb, yana uyquga ketdi. Bu safar eshagining yotib qolganini ko‘rdi. Shu tariqa tunni ming bir vasvasa bilan o‘tkazdi.
Tong paytida xizmatchi eshakni eslab, og‘ilxonaga bordi. Qarasa, eshak ochlik va suvsizlikdan paripyun bo‘lib yerda uzanib yotardi. Xizmatchi qo‘liga tayoq olib eshakni ura ketdi. Eshak bazo‘r oyoqqa turdi. Xizmatchi tezda eshakning to‘qimini to‘g‘rilab, qayishini bog‘ladi. So‘ng xonaqo oldiga olib bordi. Darvesh mezbonlar bilan xayrlashdi, so‘ng eshagini niqtadi.
Eshak bir oz yo‘rg‘alagach qoqilib erga yiqildi ko‘rganlar yugurib kelib darveshni ham, eshagini ham turg‘izdilar. Ammo, eshak yana yotib oldi. Kimdir eshakning bo‘ynidan tortdi, kimdir qulog‘ini bukdi. Foydasi bo‘lmadi... Darveshga: "Bu ne hol? Eshagingni bir dardi bordirki, yotib qoldi", dedilar.
Darvesh holatni tushundi va bunday dedi: "Kechasi bilan "la havla..." yegan eshak yursa, shuncha yuradida. Ozig‘i kechasi "la havla..." bo‘lsa, tasbeh o‘girib tursa, kunduzi mana shunday sajda qiladi..."

Jaloliddin Rumiyning “Masnaviy”sidan

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.