Tog‘lar ortida faqat ko‘zi ojizlar yashaydigan bir qishloq bor ekan. Bir podshoh shavkatli lashkari bilan o‘tib ketayotib, qishloq yaqinida vaqtincha qo‘nib, chodirlarini tiklabdi. Podshohning qo‘shinida ko‘p janglarda dushmanlarni qiyratgan bir jangovar fil ham bor ekan. Filning ovozasini eshitgan ko‘zi ojizlar jamoasi u qanday hayvon ekanligini bilib kelish uchun uch vakilini yuboribdi.
Vakillar kela solib, hayvonning turli joylarini paypaslab, ushlab ko‘rishibdi. Bittasi filning oyog‘ini, bittasi xartumini, bittasi qulog‘ini ushlab ko‘rib, filning qandayligini bildim, deb o‘ylabdi.
Vakillar o‘z jamoasiga qaytganida qishloq ahli yig‘ilib, fil nimaligini tezroq bilgisi kelib, ularni savol-javobga tutishibdi. Filning yapaloq katta qulog‘ini ushlab bilgan vakil:
— Fil gilamga o‘xshash, yapaloq kigizga o‘xsharkan, — debdi.
Filning xartumini ushlagani bo‘lsa:
— Fil — uzun, egiluvchan ichakday ichi bo‘sh, lekin juda kuchli narsa ekan, — debdi.
Hayvon oyog‘ini ushlagan vakil:
— Fil ustun kabi yo‘g‘on va mustahkam bir narsa, — debdi.
Ko‘zi ojizlar har biri o‘zi bilgan qismni ayni haqiqat deb bilib, qat’iy ishonch hosil qilibdi. Hech biri filni bus-butun tasavvur qilolmagani sababli, u haqda ayni haqiqatni bilolmabdi. Chunki, haqiqiy bilimni ko‘zi (qalb ko‘zi) ochiqlargina biladi. Ilohiy olamning bir butunligini bilish ham (qalb ko‘zi) ko‘rlarga nasib etmaydi.
Abdul-Majid ibn Odam Sanoiyning “Haqiqat bog‘lari” asaridan Mahkam Mahmud tayyorladi.