OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Tilda va dilda

Uch musulmon Rum urushiga borib, tez orada dushmanga asir tushib qolibdilar. Rum qaysari vakillari orqali ularga shart qo‘yibdi: “Agar islom dinidan yuz o‘girib, masihiylikka o‘tsangiz, omon qolasizlar, aks holda sizlarni qatl etamiz”, debdi.
Asir jangchilar bu taklif va farmonni eshitib, o‘zlaricha o‘yga tolibdilar. Asir tushgan jangchilardan biri avval faqih bo‘lib, shariat qonunlarini (ahkomlarini) yaxshi bilar ekan. U o‘ylab ko‘rib, “Men dilimda emas, tilimda o‘z dinimdan kechsam, omon qolaman, bu gunoh bo‘lmas”, degan xulosaga kelibdi.
Ikkinchi jangchi hazrat Ali avlodiga mansub sayyidlardan ekan. U o‘ylabdi: “Men vaziyat taqozosi bilan, tilimda dinimdan voz kechsam, mahshar kuni buyuk ajdodlarim menga shafoat qilar”.
Uchinchi jangchi o‘z umrida ko‘p gunoh ishlar qilgan bezori odam ekan. U safdoshlarining fikrini eshitib, o‘yga tolibdi va debdi:
— Menga hech kim shariat ahkomlarini o‘rgatmagan, hech bir qarindoshim meni himoya qilmaydi. Shu sababli men dinimdan voz kechmayman va o‘limimga roziman. Oxiratda hech bo‘lmasa shu ishim — dinimdan qaytmagach o‘lib ketganim uchun menga rahm qilishsa kerak. Ming-ming gunoh bilan yashaganimdan ko‘ra, bitta savobli amal bilan yaxshi nom chiqarib o‘lganim yaxshi!

Abdul-Majid ibn Odam Sanoiyning “Haqiqat bog‘lari” asaridan Mahkam Mahmud tayyorladi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.