Bu odam ko‘p gunoh qilgan edi, gunohlaridan uyalib, tavba qildi va to‘g‘ri yo‘lga kirdi. Ammo nafsi g‘alaba qilib, tavbani unutib, yana shahvatga berildi. Yana bir muddat yo‘ldan adashib, har xil gunoh ishlarni qilardi. Shundan keyin dilida shunday bir dard paydo bo‘ldiki, xijolatdan o‘zini qaerga qo‘yishni bilmasdi. Harakatlari natija bermasdi, tavba qilay desa, yana buzib qo‘yaman, deb qo‘rqardi. Kecha-kunduz qozonda qovurilayotgan bug‘doy donasiday dilida o‘t, ko‘zlaridan qonli yosh oqizardi. Agar yo‘lida chang-g‘uborlar qo‘nsa, uning ko‘z yoshi yuvib tashlardi. Bir kuni saharda qulog‘iga g‘oyibdan ovoz kelib, mushkulini oson etdi.
Ovoz dedi:
- Allohvandi jahon deydiki, ey falonchi, avvalda tavba qilding, afv etdim. Sen tavbani buzding — jazolashim mumkin edi, lekin jazolamadim. Ikkinchi marta tavba qilding va yana buzding. Muhlat berdim, g‘azab qilmadim. Endi xayolingda yana tavba qilish bor, ey bexabar. Yana tavba qilib, Men tomon qayt, eshiklarim ochiq, sen - jinoyat qiluvchi, Biz - kechiruvchimiz.
Gunohkor odam hikoyati
"Mantiqut-tayr"dan (Fariduddin Attor)