OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Keksa pahlavon

Kurash san’atining butun sir-asrorlarini o‘rgangan bir pahlavon bor edi. Bu borada unga teng keladigani topilmasdi. Kurashda uch yuz oltmish xil  o‘yin ko‘rsata olardi. Raqiblari uning aql bovar qilmas o‘yinlari qarshisida doim mag‘lub edilar. Bu mohir pahlavonning qo‘lida yaralanishni istagan kurashchilar oz emas edi. Uning bir talay shogirdlari bo‘lib, imkon boricha ularga  kurash san’ati sir-asrorlarini o‘rgatar edi. 
Vaqt o‘tgan sayin pahlavon ham sekin-asta keksaya bordi. Ammo, u mehnat qilishdan charchamadi. Ayniqsa, bir shogirdi uchun juda ko‘p ter to‘kdi. Chunki bu shogirdi boshqalariga qaraganda juda qobiliyatli, ancha baquvvat edi. O’zi bilgan o‘yin sirlaridan uch yuz ellik to‘qqiztasidan xabardor qildi. Va har ehtimoldan, bitta o‘yin sirini sir saqladi. 
Shogirdi kuragi yerga tegmaydigan, eng zo‘r pahlavon bo‘lib yetishdi. U tez-tez kurashlarda qatnashib, o‘ziga quvvat olar, tajribasini boyitar edi. Va nihoyat, yer yuzida  unga teng keladigani topilmay qoldi. Shundan so‘ng, u g‘ururga berilib, ustozi bilan olishish uchun jahonda undan ham yaxshiroq kurashchi qolmaganini aytib maqtana boshladi. 
Bir kuni podshoh huzurida olib borilgan kurashda u shunday dedi:
–Ustozimning quvvati uning yoshi ulug‘ligi va meni tarbiya qilganligi bilan o‘lchanadi. Kuch-quvvatda men undan kam emasman. Kurashning barcha sir-sinoatini uningdek bilaman. 
Bu havoli gaplardan podshoh sira xushlanmadi. Aksincha, unga  bir dars  berib qo‘yish kerakligini tushundi. Ustozi baribir shogirdini yengishiga ishonchi komil edi. Podshoh ustoz va shogirdning kurashga chiqishlarini istadi. Keksa pahlavon istar-istamas rozi bo‘ldi.  
Kurash maydoni hozirlandi. Davlat arboblari va eratroq kelgan tomoshabinlar old qatordan o‘rin oldilar. Butun xalq maydonni o‘rab oldi. Hammaga ovoza bo‘lgan kurashni ko‘rgani kelganlar, katta qiziqish bilan pahalvonlar chiqib kelishini kuta boshlashdi. Bir payt yosh kurashchi o‘kirgan fil kabi maydonga chiqdi. Uning shunday bir haybati bor ediki, xuddi turgan yeridan qalin daraxtlarni ham ildizi bilan qo‘porib olgudek ko‘rinardi. To ustozi maydonga chiqqunicha, nafaslar tin oldi. Keksa pahlavon  shogirdining quvvatda yuksalib ketganini ko‘rmagan edi. Uni osongina  yiqitaman deb o‘ylagandi...
Yosh kurashchi diqqat bilan ustoziga yaqinlashib kelaverdi. Keksa pahlavon zum o‘tmay, raqibini qopqonga bosdi. Va ancha vaqtdan beri yashirib kelgan uch yuz oltmishinchi usulni o‘yinda qo‘lladi. Shogirdi bu yangi usulning yechimini bilolmay garangsib qoldi. Ustozi uni ikki qo‘llab ko‘tarib oldi-da, oxiri nima bo‘lishini o‘ylab ham o‘tirmay, yosh pahlavonni yerga uloqtirdi. Shogird nima bo‘lganini anglay olmadi. Kuragi yerga tekkanini ko‘rdi, xolos. Atrofida xalqning hayqiriq ovozlari eshitilardi:
–  Yasha!.. Yasha, pahlavon!.. Barakalla!.. 
Podshoh bu natijadan nihoyatda mamnun bo‘ldi. Xursandchiligini yashirmay, tabriklash uchun kurash maydoniga, keksa pahlavonning oldiga keldi. G’olibni qutlab, unga hadyalar in’om qildi. Va havolanib ketgan yosh kurashchiga qarab:
–Hurmat chegarasidan oshib, ustozingni kamsitding. Uyalmasdan u bilan bo‘y o‘lchashga turding va ishni uddasidan ham chiqolmading. Bu senga saboq bo‘lsin!.. – dedi. 
Hamma tarqalgach, yosh kurashchi ustozining ortidan bordi. Ustoziga qarab:
–Demak, mendan yana bir o‘yinni sir tutgan ekansiz-da, ustoz? – dedi. To‘g‘risi, bu hech xayolimda yo‘q edi. Bugun, o‘sha o‘yin bilan meni mag‘lub etdingiz...
–Tajriba avloddir!  Demak, u o‘yin ham shunday bir kun uchun kerak edi. Donolar, “Do‘stingga senga dushmanlik qila oladigan darajada quvvat berma!” deganlar. O’z shogirdidan aziyat chekkan odamning ham shunday deganini eshitgan edim: “Yo bu olamda vafo yo‘q, yoki bu zamonda har bir odam vafosiz. Biri kamon otish ilmini mendan o‘rgansin-da, oxirida meni nishonga olmasin!”
Shogirdi bu so‘zlarni eshitarkan, o‘z-o‘zidan uyalib ketdi. Ustozining qo‘llarini tavof  qilib,  undan kechirim so‘radi. 

Hikmat


Inson o‘g‘liga, har zamon ishonib bo‘lmas. Kimni zamon sutsiz qila olsa, pastkashlarcha harakatda bo‘la oladi; yaxshilik ko‘rgan odamiga yomonlik qila oladi. Shunday ekan, dunyo ishlarini tadbir ila ko‘rgin.

"Guliston"dan
Kavsar Shodiyeva tarjimasi

 

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.