OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

O‘g‘rilik

Tamg‘och nomli hukmdorga qallob bir yigit guldasta taqdim qildi. Tamg‘och u yigitdan gullarni qaerdan olganini so‘ragandi, yigit gulzordan keltirganini aytdi. Tamg‘och yana:
— O’z gulzoringdanmi?— deb so‘radi. Yigit o‘zining gulzori yo‘qligini, gullarni boshqa bir kishining gulzoridan olganini so‘zlab berdi. Tamg‘och yana:
— Gulzor egasini rozi qilib, gullar haqini to‘ladingmi?—deb so‘radi. yigit:
— Gulzor egasi yo‘q ekan, bir necha gul olganim uchun egasi xafa bo‘lmas,— dedi.
Tamg‘och g‘azablandi:
— Demak, o‘g‘rilik qilgansan. Birovning mulkiga kirib, egasidan so‘ramay-netmay uning narsasiga qo‘l tekkizish eng yaramas ish ekanini bilmadingmi? Keltirgan guldastangni ol, guldasta egasini topib undan kechirim so‘ra, uzgan gullaringning haqini to‘lab, uni rozi qil. Bu gal yosh bo‘lganing uchun seni kechirdim, yana yaramas yo‘llarga yursang, qattiq jazo beraman,— dedi.
Yigit Tamg‘och huzurida tovba qildi, bundan keyin halol mehnat qilishga va’da berdi, gul egasini izlab topish uchun chiqib ketdi.
Aytishlaricha, kunlardan bir kun bezorilar Tamg‘ochning darvozasiga:
— «Ey, hokim, bizlar shunday sabzi ko‘katlaridirmizki, boshimizni uzishga har qancha urinsangiz ham yana ham ko‘proq ko‘karamiz»,— deb yozib ketdilar. Tamg‘och ularning xatlari yoniga: «Bizlar juda mohir, usta bog‘bonlardirmiz. Sabziman deb bekorga lof urmang. Sizlar devpechaksiz, zararli begona o‘tlarni tag-tomiri bilan yulamiz»,— deb yozdirib qo‘ydi:

Bayt:
Har devpechak bosh chiqarsa mamlakat gulzoridan
Osilmasdan qolmagay hech usta bog‘bon doridan.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.