Har bir ishda ehtiyotkorlik va ziyraklikni qo‘ldan bermaslik lozimdir. Bu xislatlarni yo‘qotgan kishi hiylakor, dog‘uli, tovlamachilikni o‘ziga kasb etib olgan firibgar, qalloblarga aldanib, keyin pushaymon bo‘ladilar. Vaqti o‘tgandan keyin pushaymon bo‘lish foyda bermaydi.
Qadim zamonda Eron shaharlarining birida Alouddin nomli mo‘tabar bir kishi yashardi. Kunlardan bir kun kechasi yaxshi kiyingan xushbichim bir yigit xizmatchisiga bir sandiqni ko‘tartirib Alouddinning uyiga keldi, uning xizmatchisini chaqirib:
— Hojangga ayt, meni qabul qilsin, unga aytadigan yashirin so‘zim bor,— dedi. Xizmatchi yigitning iltimosini hojasiga yetkazdi. Alouddin kirishga ruxsat berdi. Yigit sandiq ko‘targan xizmatchisi bilan Alouddinning huzuriga kirib, ta’zim bilan salom berdi. Alouddin yigitni izzat-ikrom bilan qabul qilib, nima ish bilan qadam ranjida qilganini so‘radi. Yigit ta’zim qilib:
— Men qaroqchi, o‘g‘rilardanman. Shu kasbimning yaramasligini bilib tavba qildim. Mana bu sandiq ichida ellik ming oltin bahosida bo‘lgan narsalar bor, bularni sizga nazr etib keltirdim. Bularni olib, o‘z halol pulingizdan ming oltin bersangiz, uni dastmoya qilib ishlataman,— dedi va sandiqni ochib ko‘rsatdi.
Sandiq ichi oltin idishlar, la’l, yoqut, gavharlar bilan liq to‘la edi. Alouddin buni ko‘rib hayratda qoldi. Darhol u yigitga ming oltin sanab berdi. yigit ming oltinni olgandap keyii Alouddin bilan xayrlashib, xizmatchisi bnlan birga chiqib ketdi.
Ertasi kun ertalab Alouddin gavharshunoslarni chaqirib, ularga sandiqdagi narsalarni ko‘rsatdi.
Hamma oltin, gavhar idishlar, la’l, yoqutlar oltin halli shisha ekanligi bilindi. Alouddin qallobning ishidan juda ranjib xizmatchilariga uni topib keltirishni buyurdi. Xizmatchilar u yigitni surishtirdilar, izladilar, lekin hech yerdan darak topmadilar. Hatto Alouddindek kishi ham ehtiyotsizlik tufayli aldanib qoldi.
Bayt:
Ehtiyot bo‘l har ishingga bo‘lma qallob o‘rtog‘i,
Yo‘q esa, tushgay boshingga bir kuni qayg‘u tog‘i.