Qadimgi Eron shohlaridan Anushervon har yili navro’z kunida bir ziyofat tashkil qilib, xalqni da'vat qilardi. Bir yil navro’z kunida tashkil qilgan ziyofatga kelganlar orasida tur-mushdan juda qiynalgan kambag’al bir kishi ham bor edi. U o’z-o’ziga:
— Shu yerdagi idishlardan birini olib ketib sotsam, muhtojlikdan ancha qutulaman. Mening chorasizlikdan qilgan bu gunohimni, shoyad kechirar, — deb qimmatbaho idishlardan birini kiyimi orasiga o’rab oldi.
Anushervon uning qilib turgan ishini ko’rib turgan bo’lsa ham, indamadi. Ziyofat tamom bo’lib, xalq tarqalishga hozirlandi. Idish-tovoqlarni saqlaydigan xizmatchi idishlarni sanab, qimmatbaho bir idishning yo’qligini bildi. Darhol bu haqda Anushervonga arz qilib, hammani tekshirib chiqarish kerakligini aytdi. Anushervon unga:
— Tekshirib hech kimni uyaltirma, u idishni muhtojlikdan ezilgan bir kishi olgan bo’ladi. Uning olganini ko’rgan kishi ham chaqimchilik qilmaydi, — dedi.
Idishni olgan kishi uni sotib, turmushiga yaratdi, o’ziga yangi kiyimlar tiktirdi. Keyingi yil bo’lgan ziyofatga yasanib-tusanib, yangi kiyimlarni kiyib keldi. Ziyofatdan keyin Anushervon uni imlab yoniga chaqirdi. Xoli yerga olib borib:
— Bu yangi kiyim o’sha idish puliga kelgan emasmi? — deb kulib so’radi. U kishi qizarib:
— Sizning soyangizda shu kiyimlarga ega bo’ldim. Muhtojlik meni shu gunoh ishga majbur qildi, meni kechiring. Shu qilgan aybimdan vijdonan azob tortaman, — deb kechirim so’radi. Anushervon unga tasalli berib:
— Bundan so’ng egasidan so’ramasdan birovning narsasiga qo’l tegizmay, ehtiyojingni menga kelib ayt, yordam qilaman, — deb in'om-ehson qilib, uni shodlantirdi.