Bir ayol aeroportda samolyot uchishini kutardi. Ammo, hali erta edi. Bekor o‘tirishni yoqtirmagan ayol do‘kondan bitta kitob va pechenye sotib oldi. Bo‘sh kursilardan biriga o‘tirib, kitobini o‘qiy boshladi. Kitobni berilib o‘qir ekan, nogoh yonida o‘tirgan odam pechenyesidan olishga jur’at qilayotganini sezib qoldi. Ammo, birgina pechenye uchun nazokatsizlik qilgisi kelmadi.
Dam-badam u ham soatga qarab qo‘yardi. Kitob o‘qib, bittadan pechenye o‘g‘irlayotgan odamga ko‘z qirini tashlar ekan, asabiylashmaslikka urinardi. Pechenye o‘g‘risi, sekin-sekin pechenyelarini olayotganida, unga e’tibor bermaslikka va soat millari yurishini kuzatib, uning chiqqillashini eshitishga harakat qilardi. O’ziga o‘zi: “Agar madaniyatli bo‘lmaganimda, shu odamni ko‘zlarini ko‘kartirardim”, – deb qo‘ydi. Har gal pechenye olaman deganida, u ham qo‘lini uzatardi. Oxiri paketda bitta pechenye qolgach, “Qani endi nima qilasan?”, – dedi ichida. Odam istehzoli kulimsirab, oxirgi pechenyeni oldi va ikkiga bo‘lib, yarmini og‘ziga soldi; yarmini esa ayolga uzatdi. Ayol illat bilan pechenyeni olar ekan, “Bu qanday bezbetlik! Bunchalar qo‘pol bo‘lmasa, bu odam. Bir og‘iz rahmat ham demadi!” – deb gapirib ketdi o‘z-o‘ziga.
Ayol hech qachon bunday asabiylashmasdi. Samolyotning uchish vaqti yetgach, chuqur tin oldi. Yuklarini olib, eshik tomon yurdi. “Pechenye o‘g‘risi”ga qayrilib ham qaramadi. Samolyotga chiqdi va o‘rniga joylashdi. “Pechenye o‘g‘risi”dan qutulganiga shukr qildi. Bir ora, uning adabini bermaganiga afsuslandi. “Janob, – deyishi kerak edi u. – Shukr qiling, sizdek nazokatsiz emasman. Aks holda yuzingizga shapaloq tushirgan bo‘lardim. Ammo, siz qilgan ish rasman o‘g‘rilik sanaladi. Pechenye o‘g‘riligi... Bildingizmi?!”
Shularni xayol qilib, qo‘lini sumkaga uzatdi. Chala qolgan kitobini olib o‘qimoqchi bo‘ldi. Ammo, ne ko‘z bilan ko‘rsinki, do‘kondan sotib olgan bir paket pechenyesi uning sumkasida turardi. Bir og‘iz ham gapirmay, eng oxirgi pechenyesini ham u bilan baham ko‘rgan odamdan borib uzr so‘rashga endi kech edi...
Qo‘pol va jur’atli “pechenye o‘g‘risi”ning samolyoti osmonga ko‘tarildi...
“Sirli, ibratli va hayotiy voqealar” kitobidan