Tog‘u toshlarni, qir-adirlarni kezishni yoqtiradigan bir ko‘zi ko‘r odam bor edi. Bir kuni, xilma-xil rangdagi g‘alati bir qishloqni ko‘rib qoldi. Qishloqqa yaqinlashdi. Bu yerning yo‘llari, uylari va hatto u yerda yashovchi aholi ham ajabtovur edi. Buning boisini qishloqqa kirgach, tushundi. Bu yer ko‘rlar qishlog‘i edi. Erkagu ayolning, hatto bolalarning ham ko‘zlari yumiq edi... Odam shu yerda yashashga qaror qildi.
– Hech bo‘lmasa, mening bitta ko‘zim bor. “Ko‘rlar o‘lkasida g‘ilaylar qirol
bo‘ladi”, deydilar. Men ham bularga boshliq bo‘lib yashayveraman, – deb o‘yladi.
Ko‘rlarning ko‘zi bo‘lmasa-da, qo‘llari, quloqlari, burunlari juda sezgir edi. O’zlari o‘ylab topgan qonunlar asosida yashar edilar. Odam ularning xatti-harakatlarini kuzatar ekan, hayron qolardi. Chunki, gapirishlari, yurishlari tamoman boshqacha edi.
Bir kuni ko‘rlardan bittasi sherigining narsasini o‘g‘irladi. Buni ko‘rib turgan bir ko‘zli odam: “Falonchi falonchining narsasini o‘g‘irladi” deya baqirdi. Buni eshitgan ko‘rlar:
– Qaerdan bilding? Shuncha uzoqdan eshitilmaydi-ku, – dedilar. Shunda u:
– Men eshitganim yo‘q, ko‘rdim. Men ko‘ra olaman, – dedi. Ko‘rlar esa na
ko‘zni, na ko‘rishni bilishardi. Ancha bo‘lgan edi bu hisni unutib yuborganlariga.
– “Ko‘raman” deganing nimasi? Qanday qilib ko‘rasan? Ya’ni
eshitilmaydigan masofadan nima bo‘layotganligini bilib turasanmi? – deb so‘radilar.
– Albatta, – dedi odam.
– Senga ishonmaymiz. Imtihondan o‘tishing kerak, – deyishdi ko‘rlar. Va
odamni o‘zlari turgan joydan ancha uzoqroqqa olib borishdi. Bu masofadan hech nima eshitilmasligi ularga ayon edi.
– Ayt-chi, biz hozir nima qilyapmiz? – deb so‘rashdi.
– O’tirib gaplashyapsizlar. Falonchi o‘rnidan turdi, bu qo‘lini qimirlatdi.
Mana bunisi esa, oyog‘ini qimirlatdi, – dedi odam. Shu payt ko‘rlar bir uyning ichiga kirib dodlashdi va:
– Endi-chi?.. – deyishdi.
– Ichkariga kirdingiz, ko‘rolmayapman...
Ko‘rlar buning farqiga bormagani uchun:
– Ichkariga kirsak, nima bo‘pti? Bor yo‘g‘i ellik santimetr farq qiladi.
– Ayt-chi endi, – dedilar va:
– Sen bizni laqillatyapsan. Boya tasodifan to‘g‘ri chiqdi. Mana endi aytolmayapsan.
– Tashqariga chiqing, aytaman, – dedi odam.
– Shuncha uzoqdan eshitganingdan keyin; xoh ichkarisi xoh tashqarisi bo‘lsin
nima farqi bor...
– Men eshitmayapman, men ko‘ryapman, – der edi odam.
– Bo‘lishi mumkin emas. Senda nuqson bor. G’alati gaplarni gapiryapsan.
Seni tabibga ko‘rsatib, davolash kerak, – deya odamni apil-tapil qishloq tabibiga olib bordilar. Tabib ham ko‘rlardan edi. Qo‘llari bilan paypaslab, odamni tekshira boshladi. Barmoqlarini uning yuzida aylantirdi. Va nihoyat:
– Topdim. Mana bu yerda nuqson bor ekan, – deya uning ochiq ko‘zini nazarda
tutardi, tabib. – Shuning uchun ham g‘alati gaplarni gapirgan. Qolgani mening ishim, uni o‘zim davolayman, – deya ishga kirishib ketdi.
Ko‘rlar qishlog‘iga hokim bo‘lishni niyat qilgan odam zo‘rg‘a u yerdan qochib qutildi.
Ko‘rlar ko‘zi ochiqlarni bilmaydilar. Shuning uchun ham, bir ko‘zi ochiq odamni o‘zlariga o‘xshatmoqchi bo‘ldilar.
“Sirli, ibratli va hayotiy voqealar” kitobidan