Bir guruh qaroqchilar tog‘ panasiga kelib o‘rnashgan, shu yerda kuchlarini birlashtirib karvon o‘tishini poylab yotardilar. Tog‘ tepasini maskan tutgan qaroqchilar, oldilariga kelgan sulton askarlarini bila turib yakson qilishdi. U yerga yaqin bo‘lgan shahar xalqi, ulardan juda qo‘rqadigan bo‘lib qolishgan edi. Nafaqat u shaharliklar, balki boshqa mamlakat xalqlari ham ulardan juda bezib ketishgan edi. Shu sababdan mamlakat boshliqlari qaroqchilar zulmiga barham berish uchun bir yerga to‘planib maslahatlashishdi.
–Agar bu to‘dani bir muddat o‘z holiga tashlab qo‘ysak, ular o‘zlaricha bosh ko‘tarmaydilar. Ya’ni, salan daraxti bir odamning kuchi bilan qo‘poriladi. Agar uni shunday qoldirsang, tomiri bilan sug‘urib ololmaysan.
Yig‘ilganlar o‘zaro kelishib, nihoyat qaroqchilar ichiga josus qo‘yadigan bo‘lishdi. Josuslarini qo‘ydilar ham. Ortidan payt poylab kutishdi. Ancha vaqtdan so‘ng qaroqchilar bir qabila ustiga hujum uyushtirib, maskanlarini tark etishdi. Shaharliklar ham qilich ko‘targan, tayyorgarlik ko‘rgan, buning utstiga oldingi janglarda ishtirok etgan yigitlar bu gal qaroqchilar makoniga yuborilgan edi.
Odamlar yashirinib kechuv yo‘llarini poylab turishardi. Kech kirishi bilan qaroqchilar ortlariga qaytishdi. O’ljalarini keltirib otarishdi, qurol-aslahalaridan xoli bo‘lishdi. O’sha kuni juda qattiq charchab qaytishgani ahvollaridan ma’lum edi. Ko‘zlariga uyqu g‘olib kelib yarim kechasi hammasi qattiq uxlab qolishdi. Shunda yigitlar yashiringan joylaridan chiqib, birin-ketin tungi qo‘riqchilarini yo‘qotishdi. So‘ngra bitta-bitta qaroqchilarni xibsga olib ularni shaharga olib kelishdi. Sulton xalqning ko‘z o‘ngida ularni o‘limga buyurdi. Ammo oralarida mo‘ylovi endi sabza urgan bir yosh yigit ham bor edi. Navqiron yigitlikning ayni bahorida edi. Vazirlardan biri bu yigitga juda achindi va shohdan uning uchun shafqat qilinishini so‘rab shunday dedi:
–Bu bola, hali hayot bog‘idan meva yemagan, azamatlik davriga to‘ymagan. Agar hazrati oliylari shu bolaning qonidan kechsa, qulingiz minnatdor bo‘lur edi...
Shohga bu gap ma’qul tushmadi. Qoshlarini chimirib:
–Zoti yomon bo‘lgan kimsa yaxshilarning nurini qabul qilmaydi. Noqobilni tarbiya qilish, qubba gumbazda yong‘oq chaqqan kabidir. Yaxshisi bularning urug‘-aymog‘i bilan yo‘q qilib yuborgan ma’qul. Olovni o‘chirib qo‘rini olib qolish, o‘zini o‘ldirib naslini saqlab qo‘yish aqllilarning ishi emas.
Vazir sultonning so‘zlarini eshitdi. Istar-istamas podshohga tan berdi, uning chiroyli fikrlarini maqtab:
–Podshohimning amri haqiqatning ayni o‘zginasidir, – dedi. Haqiqatan, bola yomon kimsalar orasida qolib tarbiya olganida ularga o‘xshar edi. Lekin yaxshi insonlar ichida tarbiya qilinsa, aqlli kishilarning tabiati, xulq-atvori buni qoplab ketishiga umid bog‘lash mumkin. Chunki u hali bola. U to‘daning zolim va qo‘rs tabiati bola mijoziga hali singib ketmagandir.
Vazirning so‘zlariga bir necha saroy a’yonlari ham qo‘shilib shohdan shafqat so‘rashdi. Oxiri podshoh yigitning qonini to‘kishdan voz kechdi. Vazirga:
–Munosib ko‘rmasam ham bag‘ishladim, – dedi.
Vazir bolani uyiga olib keldi. Nozu ne’matlar bilan uni katta qildi. Uning uchun yetuk bir tarbiyachi yolladi. Go‘zal so‘zlarni, chiroyli muomalani o‘rgatdi. Bola har tomonlama kamolga yetib odamlar orasida hurmat va e’tibor qozondi. Bir kuni vazir, sulton huzurida bolaning go‘zal tabiatidan gapirdi. Podshohga:
–Olayotgan darslari unga ta’sir qilibdi; eski odatlarini, johilliklarini so‘kib uloqtirdi, – dedi.
Podshoh kulimsirab:
–Insonlar orasida yashasa ham bo‘rining bolasi baribir bo‘ri bo‘ladi, – dedi.
Oradan roppa-rosa ikki yil o‘tdi. O’sha shaharda yashagan va uni tanigan daydi va bezorilar uning oldiga kelishdi. Yigit ham ularga qo‘shildi. U shunchalik tez o‘zgarib ketgan ediki, natijada sheriklari bilan fursat topib vazir va uning ikki o‘g‘lini o‘ldirishdi. Uydagi hamma boyliklarni o‘marib, otalari makon tutgan eski joylariga borib o‘rnashishdi; isyonkor qaroqchilar to‘dasiga aylanishdi.
Podshoh bu voqealarni eshitarkan, hayratlanib barmog‘ini tishlab qoldi. Atrofidagilarga qarab:
–Inson yomon temirdan yaxshi qilich yasay oladimi? Tagi past odam tarbiya bilan ham inson bo‘lmaydi! Aytganlar-ku: “Yarim tuproq sumbul o‘stira olmaydi. Amal tuxumini o‘rtada yo‘qotma. Yomonlarga yaxshilik qilish, yaxshilarga yomonlik qilish kabidir”, – dedi.
Har bir jon, ozmi ko‘pmi asl zotiga tortadi. Yomon urug‘dan chiqqan, o‘zi bilan birga yomon izni ham olgan bo‘ladi.
Kavsar Shodiyeva tarjimasi