Abu Rayhon Beruniy dardga chalindi. Hoziq tabiblar imkon qadar muolaja qildilar, ammo bemorning ahvoli yaxshilanmadi. Aksincha dard kundan kunga kuchayib borardi. Bu dunyodan nasibasi uzilayotganini olimning o‘zi ham sezib turardi. Lekin uning jo‘shqin tabiati ilmu irfon ummonidan so‘nggi qatragacha olib qolish ilinjida edi.
Bir kuni uni ko‘rgani dil mahrami qozi Valvajiy qadam ranjida qildi. Xol-ahvol so‘rashgach, Beruniy dedi:
– Tunov kuni noto‘g‘ri daromad xususida bir nima deding, vale daliling chala qolib edi. O‘sha mavzuga qaytsak...
Qozi ajablandi.
– Hozir bu masalani munoqasha etmak mavridimi, Mavlono, – dedi u, – xalloqi olamdin sizga ofiyat tilaydurmen, inshoolloh, o‘shanday saodatli kunlarga qoldiraylik bul mas’alani.
Beruniy ranjigannamo dedi:
– Eh, do‘stim! Siz ham yaramga tuz sepmangiz. Bu foniy dunyodan bir masala yechimini bilmasdan o‘lib ketgandin ko‘ra, bilib ko‘z yumgan afzal emasmu? Ayting endi!
Qozi Beruniyning tovushidagi amrona ohangga bo‘ysunishga majbur bo‘ldi va noto‘g‘ri daromad borasidagi taxminlarini batafsil so‘zladi. Olim ko‘zlarini yumgancha tingladi va xo‘rsindi.
So‘ng Valvajiy ortga qaytdi. U uyiga yetar-etmas, ortidan shum xabar keldi. Abu Rayxon Beruniy olamdan o‘tgan edi.