OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

«Non ulug‘, xonim»

Muhammad Rahimxon Feruzning yaxshi bir odati bor edi. U goho-goho arkoni davlat birla shahar aylanar, ahli raiyatning holidan xabar olardi. Bir kuni xon mahramlari ila shahar sayriga chiqdi. Yonida xos mulozimi Hasan qayg‘ichi ham bor edi. Bir ko‘chadan o‘tayotib, Feruzning ko‘zi torgina hovliga tushdi. Hovlida ko‘tarma tandir, tandir oldida bir ayol qo‘llariga lappak kiyib non yopardi. Feruz otining boshini tortib, bir lahza to‘xtatdi. Taomilga ko‘ra, Xon o‘tarda shaharni jarchining hayqirig‘iyu karnay-surnaylarning tovushi bosib ketar, barcha xalq yumushini tashlab ko‘chaga otilar, saltanat sohibi o‘tib ketguncha ikki bukilib ta’zim qilib turardi.
G‘aribona hovlidagi bu xotin esa dunyoni unutib non yopardi.
Xon Hasan qayg‘ichiga o‘girildi:
– Bul nechuk jondirki, mamlakat shohi birla ishi yo‘qdir. Karmi, gungmi?
– Ul xotun non yopayotir, xonim, – dedi Hasan qayg‘ichi asta.
Feruzning andak jahli qo‘zidi:
– Xon ulug‘mi, non ulug‘mi?
– Non ulug‘, shohim, – dedi Hasan, – mamlakat xonsiz yashasa bo‘lar va lekin nonsiz yashay bilmas.
Muhammad Rahimxon indamay otiga qamchi urdi.

Sa’dulla Siyoyev to‘pladi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.