Bir odam aytar edi: Ishqning ko‘zi ko‘rdir, oshiq jinni, majnundir, aql-hushi o‘ziga kelsa ishqidan ayriladi. U fikrini quyidagi hikoyat bilan dalillar edi.
Bir oshiq har kuni ma’shuqasini ko‘rish uchun Dajla daryosini suzib o‘tar ekan. Ammo, u bir kun ma’shuqasining yuzida bir dog‘ borligini ko‘rib qolibdi. So‘ng u daryodan yana suzib o‘tayotganida ma’shuqasining yuzidagi dog‘ haqida o‘ylab, jasorati tugabdi va cho‘kib ketibdi.
Chin oshiq ishqda xayolini boshqa narsaga chalg‘itmasligi kerak. Bir go‘zal sevgilisini ishqda vafodorligini sinab ko‘rish uchun bunday debdi:
— Ey yigit, men unchalik chiroyli emasman, opamning go‘zalligini bir ko‘rsang edi...
Yigit qizning opasi qanday ekan, deb u yoq, bu yoqqa qaragan ekan, ishqi chin emasligi fosh bo‘lib qolibdi.
Abdul-Majid ibn Odam Sanoiyning “Haqiqat bog‘lari” asaridan Mahkam Mahmud tayyorladi.