Sulton Mahmud G’aznaviy bir kun ovga chiqdi. Yo‘lda bir ohuni ko‘rdi va orqasidan ot choptirdi. Ohu tog‘larni, vodiylarni.oshib borardi. Sulton Mahmud ohuning izidan qolmadi. Banogoh Turkman qishlog‘iga yetib bordi. Terga botgan edi. Bir eshikni taqillatdi, eshikni ochgan ko‘rkam yigitdan suv so‘radi. Yigit Sulton Mahmudni tanib;shunday dedi:
— Bosh ustiga, sultonim. Biroq uyimizda suv yo‘q. Ogam buloq boshiga ketdi. halizamon keladi. Siz ichkariga kiring, dedi va sultonni gapga tutdi. Keyin o‘rnidan turib uyidan bir kosada suv keltirdi. Sulton:
— Sen menga uyda suv yo‘q deganding. Hozir olib kelyapsan. sababi nima? deb so‘radi. Yigit javob berdi:
— Sultonim mendan suv so‘ragan vaqtingizda juda terlagan edingiz. haroratingiz baland edi. Agar o‘sha vaqtda sizga suv bersam, sog‘lig‘ingizga zarar bo‘lardi. Sizning biroz haroratingiz tushishini kutdim.
Bu javob sultonga xush yoqdi. Yigitning ismi Ayoz edi. Uni onasining roziligi bilan saroyga olib ketdi va yangi liboslar kiydirdi. Ayoz choriq va po‘stindan iborat eski kiyimlarini tashlamay, bir xonaga qulflar va har kun bu xonaga kirarkan:
— Ey Ayoz, bu po‘stin va choriq senikidir... Eski holingni ko‘rgin, g‘ururlanma, deb o‘z o‘zini nazorat kilar edi. Vaqti kelib Ayoz sultonning eng yaqin nodimi bo‘ldi. Bu hodisaga atrofidagilari hasad qildi. Uni nazardan tushirish uchun turli tuzoqlar qo‘yishdi. Bir kun Sultonga:
— Siz ishongan Ayozning bir xonasi bor. Ichi oltin, kumush va qimmatbaho toshlar bilan to‘la. Ayoz u yerga hech kimni kirgizmaydi. Eshigi doimo qulfi turadi, deb fitna uyushtirdilar.
Sultonning Ayozga ishonchi cheksiz bo‘lishi bilan birga, buni gapirganlarga saboq berish uchun amr berdi:
— Juda yaxshi. Boring, xonasini oching. Oltin, kumush va javohirlarni bu erga keltiring!
Odamlar Ayozning xonasida tintuv o‘tkazdilar. Xonadan yirtiq bir choriq bilan eski bir po‘stindan boshqa hech narsa topolmadilar. Xijolat bilan ko‘rganlarini sultonga aytib uzr so‘radilar.
Sulton:
— Siz Ayozdan kechirim so‘rang. Gunohingizdan o‘tadigan ham, jazo beradigan ham u, dedi. Ayoz chaqirildi. Bo‘lib o‘tgan voqeani aytdilar. Ayoz:
— Quyosh bor ekan, yulduz ko‘rinmaydi. Mening hukm chiqarishga haqqim yo‘q. Farmon sultonimdandir, deb bir burchakka chekindi. Ittifoqo, sulton tezda devonni to‘pladi. O’rtaga juda qimmatbaho javohirni qo‘ydi. Vazirdan so‘radi:
— Buning bahosi qancha? Vazir javohirni qo‘liga olib,uyog‘iga,buyog‘iga qaradi.
— Yuz xachir oltin qiymatidadir, javobini berdi. Sulton:
— Unday bo‘lsa sindir deya amr berdi.
Vazir:
— Bu qimmatbaho javohirni qanday sindiraman? Bunga qo‘lim bormaydi, dedi. Sulton unga zarrin to‘n kiydirdi. Yana bir mulozimni chaqirdi:
— Bu javohir qanday qiymatda?
— Bir yurtning yarmisi qiymatidadir, sultonim.
— Sindir buni.
— Sultonim, gunoh bo‘ladi. Bunga qo‘lim bormaydi.
Sulton kimga "Javohirni sindir" degan bo‘lsa, hech kim bunga jur’at qilmadi. navbat Ayozga keldi. Sulton:
— Ey Ayoz! Sen ayt, bu javohirning qiymatini? Ayoz boshini egdi:
— Qiymatini baholashga kuchim yetmaydi.
Shu vaqtda sulton baland ovoz bilan amr qildi:
— Uni sindir, parchala!
Ayoz o‘sha yerdagi yilt yilt qilib nur sochib turgan javohirni qo‘liga oldi va erga urdi .Javohir chil chil sindi. O’sha vaqt hamma hayqirib yubordi:
— Bu boylikni parchalashga qanday qo‘ling bordi? Bu qanaqasi?
Ayoz javob berdi:
— Ey vazirlar, amirlar sultonning amri ustunmi, javohirning qiymatimi? Mening ko‘zim podshohdan boshqani ko‘rmaydi. Men uchun toshdan ko‘ra podshohning so‘zi muhim. Tosh parchasini ustun ko‘rib sulton amrini bajarmagan odamdan yaxshilik chiqmaydi.
Birozdan keyin sulton amr berdi:
— Jallodni chaqiring. Mening devonimni bunday pastkash odamlardan tozalasin. Bir tosh uchun mening amrimni bajarmaganlar bu yerga loyiq emasdir.
Ayoz o‘rtaga otildi:
— Ey karam sohibi, buyuk yeulton butun jahonning lutf va ehsonlari sizning buyukligingiz oldida yo‘q bo‘ladi. Ularni kechiring, bir marotaba afv eting...
Ayozning yolvorishlari bilan sulton ularning gunohidan o‘tdi.
Sulton Mahmud va Ayoz
Jaloliddin Rumiyning “Masnaviy”sidan