Sekinlashishdan oldin spidometrga qaradi. Tezlik 50 bo‘lgan joyda 73 bilan haydayotgandi. Va shu to‘rt oy ichida to‘rtinchi bor to‘xtatilishi edi.
– Shunchalar ham omadisiz bo‘ladimi, odam? – deya mashinasini chetga oldi.
“Hozir yonimizdan katta tezlikda bir mashina o‘tib ketadi”, deb o‘ylardi.
YPX xodimi qo‘lida qalin bir daftar bilan mashinadan tushdi. Bu uning qo‘shnisi edi. Bu hol jarimadan ham battar bo‘ldi. Eng yomoni, qo‘shni bo‘lishiga qaramay uni to‘xtatgani edi; buning ustiga yo‘l qoidasi buzilgan.
– Salom, – dedi xodim. – Bir-birimizni bu ahvolda ko‘rishganimiz g‘alati
bo‘ldi-da.
– Meni, ayolim va bolalarimni yoniga ketayotganimda to‘xtatding.
– Ha, shunday.
YPX xodimi esa parvoyifalak edi.
– Oxirgi paytlarda uyga kech qaytayotgandim. Bolalarim meni anchadan buyon
ko‘rishmadi. Yana, ayolim bu oqshom birga ovqatlanishimizni so‘ragan edi. Nima demoqchiligimni tushungandirsan?
– Ha, tushunyapman. Lekin yo‘l qoidalarini buzganingni ham bilyapman, –
dedi xodim.
“Eh, bundan qutila olmayman, shekilli”, deb o‘yladi-da, boshqa usulga o‘tdi. Mashinasidan tushib:
– Meni qancha tezlik bilan ushlab olding? – dedi.
– Yetmish. Iltimos, mashinangga chiq.
– Seni ko‘rganimda, 65 bilan ketayotgandim...
– Iltimos, mashinangizga kiring, – dedi yo‘l xizmati xodimi. Asabiy
bo‘lib, mashinaga o‘tirdi va eshikni qattiq yopdi. YPX xodimi, daftariga nimalarnidir yozib, mashina oynasidan unga bir qog‘oz uzatdi-da, o‘zi ketdi. “Bu jazo emas” dedi o‘ziga-o‘zi va xursand bo‘ldi haydovchi. Jarima qog‘ozida shunday yozilgan edi:
“Aziz, do‘stim. Mening bittayu bitta qizim bor edi. Olti yoshida tezlik bilan kelayotgan mashina ostida qolib halok bo‘ldi. Falokatdan so‘ng haydovchi jazosiz qolmadi, albatta. Uch oy qamalib chiqdi. Turmadan chiqqach, yana oilasi bag‘riga qaytib, bolalarini qucha olgandir, ehtimol. Ammo, men...
Men qizimni endi hech qachon bag‘rimga bosa olmayman. Qizimni yana hidlab, o‘pishim uchun, jannatga borguncha kutishim kerak. Juda ko‘p marotaba u odamni kechirishga harakat qildim. Balki kechirgandirman, lekin hali ham qizimni sog‘inyapman. Iltimos, meni duo qil va yo‘lda diqqatli bo‘l. Hozir, bitta o‘g‘lim qolgan”.
Haydovchi o‘n besh daqiqacha o‘ziga kelolmadi. Keyin mashinani yoqib, sekin-sekin uyiga bordi. Keliboq, oldiga yugurib chiqqan bolalarini mehr bilan bag‘riga bosdi va yuzlaridan o‘pdi.
“Sirli, ibratli va hayotiy voqealar” kitobidan