OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Xoja Muhammad Porsoning duosi

Xoja Muhammad Porsodan haj ahli duo qilishni so‘ragani va o‘g‘li Xoja Abu Nasr (otasi) Xoja Muhammad Porsoning iltimosi bilan duo qilgani


Pok Xoja janoblari Alloh yo‘lida «Qudsiya» va «Fasl ul-xitob» degan asarlarini yozganlar. Osmon monand gumbazda u kishining kavushlarining izlari qolgan bo‘lib u kishining laqabi «Porso» ekanligi bejiz emas.
Garchi o‘zlari asr yagonasi bo‘lsalar u kishining o‘g‘li kimsan - Xoja Abu Nasr edi. Tasavvuf yo‘li - faqrda otasi poklarning podshosi - pokiza tabiati bo‘lsa, bu pokiza tabiat podshoning o‘g‘li edi.
Kunlarning birida Muhammad Porso Makkaga boradigan bo‘lib qoldi. Xoja Abu Nasr ham shu ishga jazm qildi. Otasi yo‘lboshchilik taraddudida bo‘lsa o‘g‘li unga eng yaqin sirdosh maxram bo‘ldi. U cho‘lda ketayotib, bir qadam bossa, bu ham unga ergashib, izma-iz, qadam-baqadam borardi. Bir necha kun davomida ular choini bosib o‘tib, (nihoyat) maqsad manziliga ham yetib bordilar.
Kelgan xalq xaj qilishning asosiy qoidalarini to‘la bajarib, tavof qilish orqali yaxshi-yomon murshid soliklar, hatto kelolmaganlar o‘rnida farishtalar ham oliy maqomlarga erishdilar. (Tasavvuf yo‘lini tutgan) foniylar ham, qolgan amaldorlar ham o‘z tilaklarini bildirishib, Alloh qoshida ularning barcha tilaklari mustajob bo‘ldi.
Xalqning (ko‘nglidagi) iltijolarini ado etish va barcha kelganlarni duo qilishlik uchun shuncha odamlarning ichidan munosib bir kishini izlashar ekan, Xoja Porsoga yozma ishora bo‘ldi. Bu vazifani bajarish Xoja Porso ustida to‘xtar ekan, u esa Xoja Abu Nasrga murojaat qildi va dedi:
- U mendan ustun! Bu yuqori vazifaga menga qaraganda u loyiqroqdir! (Haj) yo‘lida kimning biron raxbari bo‘lmas ekan, har (xil) qo‘lga qarab adashish mumkin. Bu safarda menga biron raxnamo yo‘q edi. Tangri uni menga raxnamo qildi. Oldin mening ishim uni parvarish qilish bo‘lgan edi. Mening tarbiyamga qarab ish tutadigan bo‘ldi. Yo‘l mashaqqatlari meni vaximaga solgan edi. Yo‘l qiyinchiligini (Alloh) unga oson qildi. Yo‘ldagi notinchliklar menga zarar keltirsa, unga bu tariqat yo‘lida rohat va xuzur bag‘ishladi. Men (yo‘l-yo‘lakay) o‘zim uchun, uning uchun tashvish chekkan bo‘lsam, u o‘zini ham, meni ham Allohga topshirib, barcha tashvishlardan xoli bo‘ldi.
U shunday deb, o‘g‘lini ko‘rsatar ekan, unga qarshi uzr aytishga imkoniyat qolmagan edi. Otasi sham’ singari ko‘zidan yoshlar to‘kib, ichidan yonayotgan (qari) chinordek duoga qo‘lini ochdi, rahmat aytib, odatga ko‘ra kechirishlariga istak bildirdi. Xoja esa ko‘zida yosh bilan omin qildi. Uning so‘nggi duosi shunday bo‘ldi:
- Ey Xudo, seni panoh qilib, uyatga qolgan xolda deyman: «Men qanday tilak bildirish rasmini o‘rniga qo‘ya olmagan bo‘lsam, uning qilgan ominini zoe’ etmasang bo‘lgani!»
Ota deyishga loyiq kishining sa’y-harakati bilan o‘g‘lining ishi shu darajaga yetdi.
Ey Xudo, o‘sha qilgan omin va duolaring hurmati hamda Ota va O’g‘ilning hurmati! Sen bu ota bilan o‘g‘ilni doim davlat va din taxtida uzoq tutgaysen! Uning boshqa o‘g‘illarini, uning o‘g‘illari buning inilarini ham hurmatga sazovor etgaysen! Butun olam ularning ixtiyorida bo‘lib, olam xalqi ichida shayxu shaxriyor ham shulardir.

Alisher Navoiyning «Hayrat ul-abror» dostonidan

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.