OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Abu Ali ibn Sino. Qush hikoyati (falsafiy qissa)

Mening qayg‘ularnimdan bir ozini eshitishga loyiq darajada quloq tutadigan birodarlarimdan birortasi bormikin?! Agar menga o‘rtog‘liq qilib, u shundan qilganida mening  ba’zi og‘irliklarimni ko‘tarishga sherik bo‘lardi. Shunda haqiqatan ham chin do‘st shod va g‘amgin paytlaringda o‘z dilini kuduratdan tozalab, sof do‘stlikni saqlab qololgan hisoblanardi.
Shundayligingni bilmay turib men seni qanday qilib ko‘nglida kiri yo‘q, xolis do‘st deya olaman?
Agar do‘stlik savdo-sotiqqa o‘xshab, ehtiyoj talabiga qarab istalsa, unga zarurat bo‘lmaganda nazarga ilinmay tark etilsa, unda qanday do‘stlik bo‘ladi? Do‘st o‘z do‘stini biron kulfat yuz bergandan o‘zga vaqtda hech ziyorat qilmasa, zarur bo‘lib qolgandagina eslab, boshqa vaqt eslamasa, shu ham do‘stlik bo‘ldimi, axir?
Ey xudo, mayli, axir ilohiy yaqinlik birlashtirgan, oralarini oliy mehribonlik yaqinlashtirgan do‘stlar bor-ku! Ular haqiqatga tik qaraydilar, ko‘ngildan ifloslik va shak-shubha zangini ketkazadilar, ularni bir-birlari bilan, xolisanlilloh, do‘stlikdan boshqa hech narsa birlashtirmagan.
Ey, birodarlar! Haqiqatni yoyinglar, bahamjihat bo‘linglar. Ba’zilaringizni ba’zi narsalarni o‘rganishlaring va ba’zilaringizni ba’zi narsalar bilan kamol topishlaring uchun orangizdagi har bir kishi o‘z birodariga nisbatan dilidagi pardani xolis ochib tashlasin.
Ey, haqiqiy birodarlar! Kirpilar boshini ichiga tortgani kabi, siz ham boshingizni ichingizga torting. Botiningizni yuzaga chiqaring, zohiringizni esa, ichingizga oling. Xudo haqqi, botiningiz ravshan ko‘rinib turibdi-yu, biroq sirtingiz yashirin.
Ey, haqiqiy birodarlar! Ilonga o‘xshab o‘z po‘stlaringizdan chnqinglar va qurtlar sudralib yurgandek sudralinglar. Dushmanga qarshi quroli dumida bo‘lgan chiyondek bo‘linglar. Chunkn agar shayton odamlarni orqadan alday olmasa, u hech qachon aldashga muyassar bo‘la olmaydi.
Ajal zahrini yutinglar, yashayajaksiz; o‘limni sevinglar, tirik bo‘lajaksiz. Qo‘nadngan uya tutmay, uchib yuringlar, chunki qushlarning ovlanadigan joylari inlaridir. Agar qanotsizlik parvoz qilishingizga to‘sqinlik qilsa, qanot o‘g‘irlanglar, maqsadga yetasiz. Uchishga kim mohir bo‘lsa, o‘sha eng yaxshi fazilatli sanaladi. Qizitilgan toshlarni yutadigan tuyaqush bo‘linglar. Qattiq suyaklarni yutib yuboradigan ilondek, olovning ichida dadil yuradigan samandardek, yorugliqqa chiqmaydigan ko‘rshapalakdek bo‘ling, chunki parrandalarning eng yaxshisi ko‘rshapalakdir.
Ey haqiqiy birodarlar! Odamlarning  botiri kelajakdagi mushkulotdan qo‘rqmaydi. Kamolga yetishdan chetlangan kishi odamlarning  eng qo‘rqog‘idir.
Ey haqiqiy birodarlar! Farishta yomonlikka yuz tutsa yoki hayvonlar xunuk ish qilsa, ajablannsh kerak emas. Mabodo agar insonning vujudi aql bilan munavvar bo‘la turib, shahvatlarga berilsayu bu yo‘lda o‘z insonligini yo‘qotib, toatini tark qilgan bo‘lsa, bunday insonga ajablanish kerak bo‘ladi. O’lay agar, hech shak-shubha yo‘qki, odam farishtasi shahvoniy hislarni yo‘qotishda sobitqadamdir. Uning  oyoqlari jimoga yurmaydi. Agar kishidagi insoniylikning yomonlikka tortadigan shahvatni qaytarishga qurbi yetmasa, u hayvondan ham past turadi.
Endi so‘z boshiga qaytaman. Buni men (Ibn Snno — A. I.) aytyapman.
Bir guruh ovchilar paydo bo‘lib, tuzoqlar qo‘yib, to‘rlarini yoyishdi. Keyin ularga don sepib, o‘zlari o‘tlar orasida bekinib turishdi. Bu vaqtda men parrandalar galasi orasida edim. Shunda ovchilar bizni ko‘rib qolib, qushlarga o‘xshab hushtak chalib chaqirishdi. Biz u yerda juda ko‘p donlarni va o‘zimizga o‘xshash qushlarni ko‘rdik. Ko‘nglimizda bunda biron yomonlik bor, deb shubha ham tug‘ilmadi, ikkilanib, u yerga borishdan tortinib ham turmadik. Biz o‘sha qushlar tomonga borishga shoshildik va hammamiz — to‘pimiz bilan birga tuzoqqa tushdik. Shu paytda halqalar bo‘yinmizga o‘ralishib, to‘rlar qanotlarimizga yopishar, oyoqlarimizga esa, tuzoqlar ilashar edi. Qutulishga shuncha harakat qilib ko‘rsak ham, lekin baribir urinishimiz zoe ketdi, qiyinchilikdan boshqa narsani orttirmadi. Halok bo‘lishga ko‘zimiz yetdi. O’zimiz bilan o‘zimiz ovora bo‘lib, og‘ayinlarimiz holidan xabar olish va qayg‘urishni ham unutib qo‘yibmiz. Hammamiz bir lahza qutulish yo‘lida hiylalar topishga bosh qotirdik. Hatto bu haqda o‘ylab, o‘zimizning  tuzoqda ekanligimiz ham esimizdan chiqib ketibdi. Tuzoqqa ko‘nikib, qafaslarda orom oldik. Bir kuni to‘r orasidan bir gala qushlarni ko‘rib qoldim. Ular bosh va qanotlarini to‘rdan xalos etib, qafaslardan qutulib uchib kelishar, oyoqlarida esa hamon tuzoq qoldiqlari osilib turar edi. Lekin bu qoldiqlar uchishga najot topishga to‘sqinlik qilmas edi. To‘sqinlik qilmaganiga qaramay, uchib qutulish oson emasdi, tinchgina hayot kechirtirmas ham edi. Ana shu holat unutgan narsamni yodimga tushirdi. Shu bilan birga ko‘nikib qolgan narsaning yomonligini ham ko‘rsatdi. Bo‘shayman, deb urinaverib, urinaverib, juda tavbamga tayandim hatto, hasratu nadomatdan kuyib, o‘lay dedim. Keyin men, zora ular menga yaqinroq keilib rohat topish yo‘lini ko‘rsatsalar, degan umidda qafas ichida turib ularni chaqirdim. Axir qafasda uzoq turish meni qiynab yubordi-da. Ular ovchilarning  hiylalarini eslashib, qaytanga mendan battar qochdilar. Keyin men ularga qadimgi do‘stligimiz va hammamiz bir guruhdanligimizni aytgach, ularning dillarida yana shubha paydo bo‘ldi. Men esa qasam ichib, gapimning rostligiga ularni ishontirdim. Shunday qilganimdan keyingina ular mening  oldimga kelishdi. Men ulardan hol-ahvol so‘ragan edim, shunda men mubtalo bo‘lgan narsaga ular ham mubtalo bo‘lganliklarini, keyin umid uzib shu uqubatga ko‘nikib qolganliklarini gapirib berishdi. So‘ngra menga ham yordam qilishdi; bo‘ynimdan tuzoq, qanotlarimdan to‘rni uzoqlashtirishdi, qafas eshigini ochishdi. Keyin menga: «G’animat bilib, qutulib qol!»—deyishdi. Men ulardan oyoqlarimni halqalardan ozod qilishlarini so‘radim. Ular: «Agar biz bundan ishga qodir bo‘lganimizda, avval o‘z oyog‘imizni bo‘shatib olgan bo‘lardik, kasal tabib kasalni davolay olarmidi»,— deyishdi. Qafasdan chiqib, uchmoqchi bo‘ldim. Ular menga shunday deyishdi: «Sening  oldingda juda ko‘p buq’alar bor. Agar u buq’alar ustidan bo‘linib-bo‘linib o‘tmasak, qiyinchilikdan qutulolmaymiz, bizning izimizdan uch, biz seni qutqaramiz va senga to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatib yuboramiz».
Sero‘t, serhosil vodiy, yo‘g‘-e, aksincha, quruq xarob vodiydagi bir yuksak tog‘ning  ikki baland cho‘qqisi oralig‘idan uchdik. Hatto vodiy orqamizda qolib, haligi tog‘ cho‘qqisiga yetdik. Birdan oldimizga qarasak, yana sakkizta baland tog‘lar turibdi, bularning cho‘qqilarini ko‘z ilg‘amas edi. Shunda oramizdagi ba’zilar, bu tog‘lardan tezroq, shoshilib o‘tib olmasak, biz hech omonlik topolmaymiz, deyishdi. Shundan keyin tez uchib, olti cho‘qqidan o‘tib, yettinchisiga yetdik. Yettinchi tog‘ chegarasiga kirgach, ba’zi qushlar, hech toqat qilib bo‘lmayapti-ku, orom olasizlarmi-yo‘qmi?! Axir bu qiyinchiliklar tinkamizni quritdi-ku. Biz bilan dushmanlarimiz orasi uzoq bo‘lib qoldi, badanlarimizga ham bir oz orom berishimiz kerak-ku, axir, dam olib-dam olib uchish to‘xtovsiz uchishdan ko‘ra najotga tezroq yetkazadi, deyishdi.
Shunday qilib, o‘sha tog‘ cho‘qqisiga kelib qo‘ndik. Bunday qarasak, ko‘z oldimizda hammayog‘i ko‘m-ko‘k, obod, mevazor, anhorlar oqib turgan bog‘lar turibdi. Uning ne’matlari o‘z ko‘rinishi bilan ko‘zlarni qamashtirib, fikrlarni hayratda qoldiradi. Quloqlaringga ashula kuylari, mungli nag‘malar eshitiladi; na o‘tkir mushkda va na anbarda bo‘lmaydngan hidlar dimog‘ingga urilib turadi. Biz u bog‘ mevalaridan yedik, suvlaridan ichdik va to hordiq chiqquncha shu yerda turdik. Ba’zilar, shoshilaylik, chunki xotirjamlikdek aldanish, ehtiyotkorlikdek qutulish yo‘li va shubha qilishdek mahkam ko‘rg‘on yo‘q, deyishdi.
Bu joyda g‘aflatda qolib, uzoq turib qoldik, orqamizdan dushmanlar izma-iz biz turgan joyni axtarib kelyapti. Garchi bu joyda turish biz uchun yaxshi bo‘lsa ham, lekin bu yerda salomat qolishimiz qiyin. Shuning uchun, kelinglar, bu buq’ani tashlab, tezroq bu yerdan ketaylik.
Shunday qilib, hammamiz uchishga qaror qildik. U yerdan uchib, sakkizinchi toqqa yetib keldik. Bundan qarasam, cho‘qqisi osmon bag‘rini yorib kirib ketgan baland tog‘, uning tevaragida qushlar uchib yuribdi. Men umrimda bunday xushnavo, go‘zal, xushsurat, dilkash qushlarni uchratmaganman. Ularning yoniga qo‘nganimizdan keyin, biz ilgari hech kimdan ko‘rmagan va eshitmagan ehson, lutf va odamgarchilikni ko‘rdik, samimiy yordamni his qildik. Hatto biz umr bo‘yi urinsak ham, boringki, umrimizga bir necha bor umr qo‘shib berilganda ham, ularning  bizga bergan yordamlarining kichik bir ulushini bajo keltirolmaymiz. Ular bilan tanishib bo‘lgach, biz ularni o‘zimizga azob berayotgan voqeadan ogoh qildik. Shunda ulardan biri so‘zimizga e’tibor berib, «Mana shu tog‘ning  orqasida bir shahar bor. O’sha yerda buyuk podshoh istiqomat qiladi. Har bir zulmdiyda unga sig‘insa va tavakkul qilsa; uning qudrat va madadi bilan baxtsizlik undan yiroqlashadi»,— dedi.
Biz ularning ishorasiga binoan podshoh shahriga ravona bo‘ldik. Nihoyat uning dargohiga qo‘nnb, uning  ruxsatiga muntazir bo‘lib turdik. Keyin kirishga ruxsat berildi. Bizni uning qasriga olib kirdilar. Bundan qarasak, biz shunday saroyga tushib qolibmizki, uning kengligi va go‘zalligini tavsiflab berish qiyin. U sahndan o‘tganimizdan keyin keng va yaraqlagan yana bir sahn darvozasi ochildi. Bu sahnni ko‘rganimizda bundan oldingi ko‘rgan sahnimiz ham ancha torroq, hatto kichikroq ham ko‘rindi. Nihoyat biz podshoh hujrasiga yetdik. Parda ko‘tarilib, podshoh jamoliga ko‘zimiz tushgach, unga ko‘nglimiz tushib, hammamiz hushimizdan ketib, shikoyat qilishga ham qodir bo‘lmay qoldik. Haytovur uning o‘zi bizning dardimizdan ogoh bo‘lib, o‘z lutfi bilan hushimizga keltirdi. Nihoyat u bilan gaplashishga jur’at etib, unga o‘z kechmishlarimizni gapirib berdik. Keyin u aytdi:
— Oyoqlaringizdagi tuzoqni qo‘ygan kishidan bo‘lak hech kim yecholmaydi. Men ularga bir elchi yuboraman. U elchi sizlarni tuzoqdan qutqarishni ovchidan iltimos qiladi. Gap tamom. Shodu xurram bo‘lib tarqalinglar.
Ana shundan so‘ng biz elchi bilan birga yo‘lga tushdik.
Birodarlarnm podshohning go‘zalligi va uning dargohi haqida hikoya qilib berishimni mendan qattiq turib talab qildilar. Men uning vasfini qisqacha iboratlar bilan to‘la-to‘kis ta’riflab beraman: u podshoh shunday bir podshohki, qachon sen dilingga zavol aralashmagan bir jamolni, kamchiligi bo‘lmagan bir kamolni keltirsang, undagi bor jamol va kamolga duch kelgan bo‘lasan.
Haqiqatan ham har bir kamolot unda paydo, har bir nuqson, garchi majoziy bo‘lsa ham, undan uzoq. Kamolning hammasi uning husni uchun yuz, ehsoni uchun qo‘ldir. Kimki unga xizmat qilsa, u eng oliy baxtga erishadi. Knmki undan uzoqlashsa, dunyo va oxiratda ziyon ko‘radi.
Mening qanchalar birodarlarim hikoyamni eshitib:
— Sening esing og‘ib qolibdi,— deyishdi.— Aqlu hushing uchib, devona bo‘lib qolibsan. Xudo haqqi, sen uchmagan ekansan, balki sening aqling uchgan ekan, sen ovlanmagan ekansan, balki sening aqlu hushing ovlangan ekan. Kishilar qachon uchganu, qush qachon gapirgan! Go‘yo mizojingda safro g‘alaba qilganga, dimog‘ingni quruqlik egallab olganga o‘xshaydi. Sen endi devpechak qaynatmasini ichib tur, suchuk suvli issiq hammomga vaqt-vaqti bilan tushib tur, nilufar yog‘ini hidlab tur. Keyin yaxshi ovqatlarni tanlab, shoshilmay yegin, jinsiy aloqadan, uyqusizlikdan saqlan va kamroq fikrla. Axir biz ilgari sening aqlliligingni ko‘rgan, sening fatonat va zakovatingga qoyil qolgan edik. Ko‘nglimizdan tangring o‘zi ogohdir. Endi sening bu ahvolingni ko‘rib, biz sendan ranjidik. Ahvolingga xalal yetgani sababli bizning ahvolimizga ham xalal yetdi.
Ularning  gaplari qancha ko‘p bo‘lsa, foydasi shuncha oz edi; so‘zning eng yomoni amal qilinmay zoe ketganidir. Tangridan madad, odamlardan aybga buyurmaslikni so‘rayman. Undan boshqaga ishongan kishi oxiratda ham, undan avval ham zarar ko‘radi. Zulm qilganlar kelgusida qaerga ag‘darilishlarini bilishadi.

Abdusodiq Irisov tarjimasi.

 

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.