O'n yashar bola edim. Istanbulning Sulaymoniya mahallasida, ikki qavatli eski uyning bir xonasida oilamiz bilan ijaraga turardik. Targ'il bir mushugimiz bo'lardi. O'sha kezlari u bolalagan bo’lib, faqat bittasi tirik qolgan edi.
Targ'il nechog'lik och qolmasin, uydagi narsalarga hecham ko'z olaytirmasdi. Aslida esa o'zi uchchiga chiqqan o'g'ri edi. Allaqayerlardan go'sht o'marib, uyga tashigani tashigan edi. Bir kuni og'zida katta bir boiak go'sht bilan zo'rg'a zinadan chiqib, uni dahlizga qo'ydi-da, miyovlab bolasini chaqirdi. Bolasi kelgach, go'shtni yerdan olib, o'zi doim ovqat yeydigan tog'orachaga soldi. Mushukcha go'shtga tashlanib, apil-tapil yeya boshladi. Tag'il yerga cho'zilib, tamshanib qo'ydi.
U paytlarda biz yerga ko'rpacha to'shab, pastakkina xontaxta atrofida ovqatlanardik. Kunlardan birida dasturxon atrofida o'tirgan edik. Targ'il oyim bilan mening o'rtamga kelib yotib oldi. Birozdan keyin yoniga bolasi keldi. Lekin u onasiga o'xshab jimgina yotish o'rniga boshini dasturxonga cho'zib, ustidagi narsalarni iskay boshladi. Bu ham yetmagandek, keyin oldingi oyog'ini dasturxonga qo'ydi. Bolasi beso'roq bir nima olmoqchi bo'lganini sezgan targ'il darhol oyoqqa turdi. Xuddi quloqsiz bolasining ta'zirini berib qo'ymoqchi bo'lgan onalarga o'xshab, bir oyog'i bilan mushukchaning boshiga tushirdi, uni urib-urib xon-taxtaning tagiga kiritib yubordi. O'sha voqeadan keyin mushukcha dasturxonga oyoq uzatganini qayta ko'rmadik.