OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Aziz Nesin. Shafqatli it (hikoya)

Uyimiz katta yo'l yoqasida bo'lguchi edi. Qish kunlaridan birida ikkinchi qavatdagi deraza yonida gazeta o'qib o'tirardim, oldimda esa qahva. Shu payt ko'cha tomondan ingillagan ovoz eshitildi. Shunday ayanchli, shunday g'amnok ediki, gazetani ortiq o'qiyolmadim. Eshikni ochsam, jingala-jingala oq junli daydi bir kuchukcha turibdi. Meni ko'rishi bilan jonholatda ingray boshladi. Allaqayeri og'riyotganini sezdim. Tumshug'ini ostonaga qo'yib, iltijo bilan ko'zimga tikildi. Darrov yerdan ko'tarib olib, uyoq-buyog'iga razm solib ko'rdim. Bir oyog'i lat yegan bo'lsa kerak, qonayotgan ekan. Yaralangan joyini yaxshilab yuvib, dori surtdim, keyin oyog'ini taxtakachlab, mahkam bog'lab qo'ydim. Anchagacha ingillab yotgach, keyin tinchib qoldi. Qorni to'ygach, uyquga ketdi.
Oradan o'n besh kuncha vaqt o'tgach, taxtakachni olib tashladim. Boyoqish ikki-uch kun cho'loqlanib yurdi, keyin yarasi butunlay bitib ketdi. Ko'hlikkina, sho'xroq kuchukcha ekan, uy ichi bilan hammamiz unga qattiq bog'lanib qoldik. Lekin u ko'chaga o'rgangani uchun hamisha uydan qochish payida bo'lar, bunday paytlarda esa uni ko'cha-ko'ydan tutib olib, joyiga qaytarardik. Kunlardan birida itimiz yo'qolib qoldi. Shuncha qidirsak ham topilmadi. Ko'p afsuslandik, lekin iloj qancha edi.
Kelasi yil yana o'shanday qish kunlaridan birida erta bilan deraza yonida qahva ichib o'tirsam, to'satdan ko'cha tomondan vovullagan ovoz keldi. Negadir bu tovush tanishdek tuyuldi. Darhol pastga tushib, eshikni ochdim. Ha, xuddi o'zi... Meni ko'rishi bilan it dumini likillatib, sakrashga tushdi. Yonidagi sap-sariq bahaybat sherigi tinmay ingillardi. Yaqiniga borib qarasam, bir oyog'i singan ekan.
Ha, oradan bir yil o'tgandan so'ng o'sha daydi itimiz mendan najot istab yarador sherigini oldimga boshlab kelibdi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.