Men ko‘zga ko‘ringan, yoshi qirqlar atrofidagi bir asab kasalliklari shifokori bilan tanishman. U anchadan buyon o‘z kasbiga xos turli kasallikdagi holatlarni sinchkovlik bilan o‘rganib kelmoqda. Hozir shu mavzuda talaygina aniq ma’lumotlarni yig‘ib ham qo‘ygan.
Men u bilan bir tanishimning uyida uchrashib turaman. U kayfiyati chog‘ paytida ko‘pincha o‘z amaliyotidagi qiziq voqealarni so‘zlab beradi. Darvoqe, u menga bir necha marotaba aytishiga qaraganda juda keng tarqalgan va faqat juda tor doiradagi mutaxassislarga ma’lum bo‘lgan hodisa to‘g‘risida bir necha marotaba hikoya qilib bergandi. Uning kasbiga qiziqqanligim sababli, u kasallarga qo‘yilgan tashxisni o‘qib chiqishimga ijozat berdi. Bu kasbiy sir bo‘lganligi sababli ismi-shariflarini ko‘rsatmay ular haqda hikoya yozishimga ham ruxsat berdi. Shu sababli, tabiiyki, mening hikoyam hech qanday ilmiy ahamiyatga ega emas.
Insonga xos mazkur xosiyatni turli nom bilan atash qabul qilingan: “soat sindromi”, “azaliy pulsatsiya”, ba’zan esa “chiq-chiq” deyishadi. Oldindan aytib qo‘yay, soat o‘z egalarining umri tugashi bilan, hatto ular egasidan uzoqroqda turgan bo‘lsa ham (mening shifokorimda shunga o‘xshash hodisalar uchramagandi) taqqa to‘xtashi haqida so‘zlaydigan bo‘lsam, buning qadimgi rivoyatlarga hech qanday daxli yo‘q. “Chiq-chiq” ovozi odatda kimgadir baxtsizlik olib kelsa, kimgadir ulkan baxt keltiradi. Biz uni hikoyamiz so‘ngida misol tariqasida aytamiz.
Menga tanishib chiqish uchun ruxsat etilgan bayonnomalarning ichida A.A.xonimga tegishli batafsil yozilgan bayonnoma ham bor edi. A.A. xonim Udinada istiqomat qilar ekan. U bo‘lib o‘tgan voqealarning bevosita ishtirokchisi bo‘lgan. Bu voqea ko‘p yillar avval – u endi o‘n besh yoshga to‘lib, gimnaziyaning beshinchi sinfida o‘qib yurgan kezlarida sodir bo‘lgan edi. Shifokor do‘stim, A.A.xonim juda nozikta’b, shu bilan birga vazmin ekanligini menga aytgandi. Vaqtingizni olmaslik uchun nihoyatda sinchkovlik bilan yozib tashxis qo‘yilgan voqeaning qisqacha mazmuni bilan tanishtirmoqchiman.
Soppa-sog‘ A. ismli qiz kechqurun soat o‘ndan oshmasdanoq, o‘rniga yotdi deguncha darhol dong qotib uxlab qolish odati bor edi. Uning yotog‘i ota-onasining xobxonasi yonida. Ikkita ukasining xonasi ham alohida edi, ular dahlizning oxirgi xonasiga joylashgandilar. Bir so‘z bilan aytganda, o‘tgan asrning qishloq fuqarosi muqim yashaydigan oddiy uylarda yashar edilar.
Odatda qiz tun bo‘yi tinch-osoyishta uxlardi. Kunlarning birida uxlaganidan so‘ng taxminan bir soat o‘tgach, ya’ni soat o‘n birlarda u cho‘chib uyg‘onib ketdi. Sukunat chulg‘agan tunda u yotgan karavot yonida soat kapgirining tebranishi kabi “chiq-chiq” tovushi bir maromda eshitila boshladi.
Avvaliga A.ismli qiz bu javon ustida turgan qo‘l soatning chiqillashi bo‘lsa kerak, deb o‘yladi: tunda har qanday tovush ham aniq-tiniq eshitiladi. Hatto qo‘l soatlari ham ba’zan-ba’zan baland ovozda chiqillaydi. Ammo bu kecha qo‘l soati xonaning boshqa burchagida turgan divan ustida qolgandi.
Xonada boshqa soat devorga osig‘liq kapgirli soat uyda yo‘q edi. Buning ustiga eshitilayotgan zarb ovozlari shu darajada baland ediki, bu ovoz go‘yo yo yuqori qavatdan, yo pastki qavatdan eshitilayati, deb o‘ylash mumkin edi. Sarosimaga tushgan A. ismli qiz o‘rnidan turib, chiroqni yoqdi va soat kapgiri zarbini eslatuvchi, balandroq ovozda asabga teguvchi bu ovoz qaerdan kelayotganini qidirishga tushdi.
U xonalarni kezar ekan, borgan sari miyasiga o‘rnashib qolgan “chiq-chiq” tovushi go‘yo uning yonginasida chiqillayotganiga tobora ishona boshladi. Nahotki bu bosinqirash yoki gallyutsinatsiya bo‘lsa. Qiz qo‘rqib onasini uyg‘otdi. Ona ham bu tovush xuddi qizi ortida eshitilayotgandek aniq-tiniq eshita boshladi.
Ona-bola qizi yotgan xonani obdon ko‘zdan kechirib chiqishdi, lekin bu g‘alati holatni isbotlab berguvchi biron narsani topa olmadilar. Eng qizig‘i, bu ovoz qiz qayoqqa bormasin, uni ta’qib etib borardi. Qolgan xonalarda odatdagidek jimlik hukm surardi.
Qiz va onasi bu holatdan qo‘rqib, otani uyg‘otdilar. Otasi uyqusiragancha ularning injiqliklari haqida nimalardir deb, g‘o‘ldiradi, ammo sirli “chiq-chiq”ni eshitiboq o‘rnidan sapchib turib ketdi. Bu ovoz qaerdan kelayotganini aniqlash maqsadida bir soatlar chamasi ovora bo‘lishdi. Nihoyat, ota bosib kelayotgan uyqusini tarqatolmay, qizi bilan onasini tashvishli holatda qoldirgancha, adyolini boshiga tortib, uyquga ketdi.
Ona-bola tinchligini yo‘qotdilar, uyning hammayog‘ini – barcha jihozlarni tintishda davom etdilar. Asabni buzayotgan “chiq-chiq” tovushi esa avvalgidek qizni ta’qib etishda davom etardi.
Erta tongda soat jiringladi. Ona-bola hamon xonama-xona yuribdilar. Ular obdon holdan toygandilar. Bundan bu yog‘iga nima qilishlarini bilmasdilar. Bu hol hamon davom etardi.
Soat oltini ko‘rsata boshladi. Tong ham yorishdi. So‘ng asta-sekin atrofni o‘z nuri bilan munavvar etishga kirishdi. Quyoshning ilk nuri xonaga tushishi bilanoq “chiq-chiq” etayotgan ovoz eshitilmay qoldi.
Ertasi kuni kunduzi soat uchlar chamasi uydan uncha uzoq bo‘lmagan joyda ko‘chani kesib o‘tayotgan A.ismli qiz “Pikap” mashinasi tagiga tushsa bo‘ladimi. U bir oydan ortiq o‘lim bilan olishib yotdi.
Yozuv mashinasida yozilgan yigirma besh betlik ilovada batafsil bayon etilgan voqea tafsilotlari hozirgi kunda sog‘-salomat yurgan onasi va uch yil avval vafot etgan otasining imzolari bilan tasdiqlangan edi.
Asab kasalliklari shifokorining hujjatlar to‘plami o‘ttizta hisobotdan iborat bo‘lib, ularning ko‘pchiligida shunday ma’lumotlar qisqa qayd etilgan edi: ularning barchasida qandaydir kelib chiqishi noma’lum bir maromdagi tovushlar eshitilishi tasdiqlangan edi (kimdir “chiq-chiq” ovozini emas, balki tomchi ovozini eshitgan edi). Bu voqealardan so‘ng har safar g‘ayritabiiy hodisalar ro‘y berardi. Soat kapgirning u yoqdan-bu yoqqa tebranib “chiq-chiq” qilishi “Vattstsoler” alpinist bazasidagi tungi sukunatni buzib turardi. Bu yer tog‘dan ham yuksak deb nomlanuvchi tik qoyani zabt etish maqsadida erta tongda ikki yosh polyak jo‘nab ketdilar. Ularga qaytib kelish nasib etmagandi.
Haydovchining gapiga qaraganda ish bo‘yicha Rimga ketayotgan Ankonlik kema egasini butun yo‘l davomida “chiq-chiq” ovozi tark etmagan ekan; oradan bir kun o‘tgach, Lattstsaro Spallantsani ko‘chasida uni yurak xuruji tutib qolibdi.
Shov-shuvga sabab bo‘lgan halokatdan qutulib qolgan bir kimsaning hikoya qilishi bo‘yicha, Longaron uylarning birida bir kun avval quloqni qomatga keltiruvchi “chiq-chiq” tovushi eshitilgan ekan.
Shundan so‘ng yanayam g‘aroyib hodisalar ro‘y beribdi. Masalan, shifokor o‘z ma’lumotnomasida yozishicha, u orzu ham qila olmagan nufuzli klinika direktori lavozimiga kutilmaganda tayinlanishi oldidan ham aynan tuni bilan soatning shunday sirli ravishda “chiq-chiq” qilishi eshitilgan ekan. Boshqa yana bir ma’lumotda teatrda statist bo‘lib ishlaydigan bir ayolning omadi chopib o‘ziga yoqqan odamga turmushga chiqishi bilan bog‘liq bo‘lgandi.
Moda va kosmetika sohasida butun dunyoga mashhur bo‘lgan va hozirgi vaqtda katta qudratga ega bo‘lgan bir ayolning bu boradagi e’tirofi ham ma’lum. Bu ayol o‘ta qashshoq yashagan ekan. Shu tunda uni “chiq-chiq” ovozi qulog‘i ostida chiqqillayvergan ekan, bu ovozdan bezor bo‘lib, joniga qasd qilmoqchi ham bo‘libdi. Oradan bir kun o‘tar-o‘tmas tayyor ko‘ylaklar ishlab chiqaruvchi firmaning yosh huquqshunosi bilan bo‘lgan tasodifiy uchrashuvdan so‘ng uning hayotida ajoyib istiqbollar ochila boshlabdi.
Men ma’lumotnomani tinmay o‘qir, undan o‘zimni uzib ololmasdim. Menda hali o‘qilmagan bir dasta xatlar bor edi. Ularda turli xil tasodiflar haqida hikoya qilingandi. Kech kirdi. Shifokor, uning ismini aytib o‘tirmayman – ro‘paramda divanda o‘tirgancha menda qanday o‘zgarish sodir bo‘lishini kutayotgandek tikilib o‘tirardi.
U nimani kutayotgandi... Xonadagi sukunatni avval eshitilar-eshitilmas, so‘ng borgan sari aniq va bir maromda chiqillayotgan soatning “chiq-chiqi” eshitila boshladi. Oq rangga bo‘yalgan ilmiy laboratoriyaga o‘xshaydigan kabinetda hech qanday bezak va soatlar yo‘q edi. Men shifokorga tikilib qoldim. Uning rangi oqargancha, mendan ko‘z uzmay o‘tirardi.
Bu menga bedavo kasallikning tashxisini aytish uchun o‘ylab topilgan nozik va ustamonlik bilan topilgan yo‘l, degan o‘y o‘tdi xayolimdan. Bu bir maromdagi elas-elas eshitilayotgan ovoz parket ostidan chiqayotgandek tuyulardi.
Men bir qarorga keldim.
– Professor, aftidan bu ovoz menga eshitilayotgan ovoz bo‘lsa kerak.
U gapimni ma’qullamay bosh chayqadi.
– Agar... Ochig‘ini aytayotganim uchun kechirasiz.
– Nima gap?
– Hayajonlanmang. Bu tahlika menga tegishli.
– Siz aytmoqchisizki...
– Ha, bir oydan oshdi. Har tunda shunday holat takrorlanadi. Bir daqiqa ham menga tinchlik bermaydi. Taqdir ishorasimi? Maxfiy hukmmi? Bir oydan beri qandaydir ovoz qulog‘im ostida “chiq-chiq” etadi. Bu holat kimdadir ro‘y bersa, ertasi kuni nimadir sodir bo‘ladi. Menda esa bunday holat sodir bo‘lmayapti. Yashab yuribman. Na halokat, na kutilmagan holatlar, na bir ishora, na zarba, na muhabbatdan darak yo‘q. “Taqdir eshik qoqmoqda” degan so‘zlarni o‘qigan bo‘lsangiz ehtimol. Barchasiga ishondingiz, to‘g‘rimi, Moyra soatlari “chiq-chiq” etadi, ertasi kuni esa... Faqat mendagina hech qanday holat yuz bermaydi! Juda qiziq. Axir, bu kamsitilish emasmi? Siz nima deysiz? Men omadsiz kimsamanmi? Omad kulib boqishini kutib yashayman.
Rus tilidan Nazira Jo‘rayeva tarjimasi
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2011 yil, 6-son.