Bugun “Lojuvard uy” kasalxonasiga operatsiya uchun yotdim. Shunday vaziyatlarga xos yolg‘on taskinlardan qat’i nazar, aniq bilamanki, operatsiya o‘ta og‘ir bo‘ladi va undan biror naf olish-olmasligim ham gumon. Badbin o‘ylarim haqida birovga churq etmagan bo‘lsam-da, vrachlar, bolalarim, ayniqsa, xotinim ko‘nglimdan nima kechayotganini sezib turishibdi. Jon kuydirib meni tinchlantirishga, xotirjam etishga urinib yotishibdi. Hazil-huzul qilib kulishadi, ko‘ngil ko‘targich gaplar qilishadi, uzoq kelajakka oid rejalaridan so‘ylashadi. Go‘yoki, men dengiz sayyohatiga chiqarmishman, Bretanga safar, Shtiriyada ov qilarmishman. Tuzalishim haqida-ku, gap ham bo‘lishi mumkin emasmish. Bu masala allaqachon ijobiy hal qilingan ekan. Nari borsa o‘n kunda kasalxonadan chiqib, yigirma kunlarda otdek bo‘lib ketarkanman.
Tabobat ilmining ravshan chirog‘i – meni tig‘ ostiga olishi lozim bo‘lgan professor Koltani esa shunday dedi:
– Kasalxonamiz ostonasidan hatlab o‘tdingizmi bas, bilaveringki, sog‘a¬yish sari ilk qadam qo‘-yildi. Operatsiya deganlari men uchun pista chaqishdek bir gap, uning salbiy oqibati haqida esa o‘ylamasangiz ham bo‘ladi. Muhimi, operatsiyaga rozi bo‘lganingiz, qolgani ta’bir joiz bo‘lsa, jo‘ngina rasmiyatchilik, xolos.
Professor qartaygan bo‘lsa ham, mittigina ko‘zlari ajabtovur, tiyran. Illo, ertalab palataga kirib kelganida, ko‘zimga xayolchanroq, hor¬g‘inroq ko‘ringandi.
Atrofimdagilar qanchalik o‘zlarini beparvo, beg‘am ko‘rsatishsa, ko‘nglimdagi shubhalarim shu qadar qat’iylashadi. Umrim yo‘llarida bunday komediyalarning ko‘pini ko‘rib ulgurdim. Ochiq aytadigan bo‘lsam, bularning hammasi operatsiya stoliga yotadigan bemorga o‘lim vahimasiga qarshi beriladigan afyun, xolos. Vrachlar jilmayibgina sizga hammasi yaxshi bo‘lishini aytishdimi, demak, bir yomonlikni kutavering. o‘aroyib sud minbari bu: undan mijozni oqlab aytilgan so‘z ham qatlga olib borishi mumkin.
1968 yilning 15 iyuni
Hali operatsiya kuni aniq emas. Safar chog‘ida kutilmagan sovg‘alardan saqlanish uchun bemorni kamida bir hafta tahlilu tashxis qilish lozim ekan. Buni menga professor Koltanining ozg‘in qomati va tepakalligi kichik jussasiga zeb bo‘lib tushgan, serg‘ayrat, o‘rta yosh assistenti – doktor Rilka aytdi. Nazarimda u, kimsan yozuvchiga xizmat qilayotganidan mamnunga o‘xshaydi.
Hozircha televizor ko‘¬rishimga ruxsat berishyapti. Kechki payt zakiylar ko‘rsatuvi “dumaloq stol”¬ni qo‘yishdi (ayniqsa, Rujero Orlando va professor Silvio Chekkatolar zo‘r gaplarni aytishdi). Ko‘rsatuv ikki yil oldin Yer bilan to‘qnashish xavfi haqida gazetalar rosa ko‘pirtirgan “Ikar” asteroidiga bag‘ishlandi. Xabar berishlaricha, ushbu halokat 1968 yil iyun oyining ikkinchi yarmida, ya’ni yaqin kunlarda ro‘y berishi kerak. Ko‘rsatuvga chaqirilgan yirik astronomlar esa ushbu taxminni qat’iyan rad etishdi. Aytishdiki, asteroid nari borsa Yerga olti yarim million kilometr masofadan uchib o‘tishi mumkin ekan. Alqissa, kurramiz xavf-xatardan mutlaqo xoli. Ilmiy hisob-kitob¬lardan shubhalanish esa o‘rinsiz. “Dumaloq stol”¬ning maqsadi ham mashhur olimlar vositasida halokat haqidagi shubha-gumon bulutlarini tarqatish, qo‘rquv va sarosimani hazilga yo‘yib, odamlarni tinchlantirish edi chamamda.
1968 yilning 16 iyuni
Kunduz soat to‘rtlar. Daf’atan o‘z kun tartibiga xilof ravishda, palataga doktor Rilka kirib keldi. Yuz-ko‘zlari tashvishli – go‘yo menga bir shum xabarni yetkizmoqchidek. Achchiq ichak misol cho‘zilgan kirish so‘zidan so‘ng uning, kasalimga mutlaqo aloqasiz nimagadir iqror bo‘lmoqchiligi ayonlashdi.
Nihoyat, ichidagini aytishga jur’at topdi shekilli, kasalxonani tark etgunimga qadar – albatta, operatsiyadan keyin – uning uzoq yillardan beri yozib yurgan she’rlarini ko‘rib chiqib, xolis fikr bildirishimni so‘radi. So‘zini tugatar ekan, go‘yo ayb ish qilib qo‘ygandek, qizarib-bo‘zarar, tinimsiz uzrxohlik qilar, ayni damda ko‘zlari chaqnar edi. Shunda uning yagona armoni tabiblik ortidan shuhrat topish emas, adabiy ijoddan lazzat olish ekanini tushundim. Men uni, she’rlaringizni albatta diqqat-e’tibor bilan ko‘rib chiqaman, deya tinchlantirdim. Bunday siylovdan keyin o‘zini ancha tutib olgan Rilka she’rlaridan birini o‘qishga tutindi. Adashmasam, she’r shunday boshlanardi: “Ey chala to‘kislik timsoli dunyo, Olam ul-akbarning bir bo‘lagisan...” Shu payt baxtimga hamshira Pre¬nes¬tina kirib, uni boshqa palataga yetaklab ketdi. Rilka xonani ilhom qanotida tark etar ekan, “xavotirlanma, hozir qaytaman, bu chuchuk halvodan quruq qolmaysan”, degandek menga ko‘z qisib qo‘ydi.
1968 yilning 17 iyuni
o‘alati kun. Saharlab yana Rilka paydo bo‘ldi. Hayajonining cheki yo‘q. Men uchun ajabtovur yangilik topib kelibdi. Sirni oshkor qilishidan avval, kelishganimizdek operatsiyadan keyin emas, oldinroq she’rlarini o‘qib ko‘rishga va’da berishimni o‘tindi. Operatsiya stolidan tirik qaytishimga shubhalandi chog‘i...
Yo‘q, yo‘q xato o‘ylabman... Aftidan gap boshqa yoqda...
U qulog‘imga engashib, o‘ta maxfiy sirni ochmoqchidek ohista shivirladi.
Gap shundaki, Rilka Ganadan kongressga kelgan, Mexala observatoriyasining direktori, professor Nessaim bilan so‘zlashibdi. Nessaim aytganmishki, o‘tgan yili Angliya¬da dunyodagi eng yirik abservatoriyalarning direktorlari ishtirokida maxfiy bir yig‘ilish o‘tkazilibdi. Yig‘ilishda Ikar asteroidi to‘g‘risidagi haqiqatni ommadan yashirish, vahimani oldini olish borasida kelishib olinibdi. Aslida asteroid 1968 yilning 19 iyunida, sahar chog‘i Yer kurrasi bilan aniq to‘qnashar ekan. Asteroidning bir yarim kilometrlik hajmiga qa¬ra¬ganda halokat aniq emish. Qutilishning hech qanday iloji yo‘qmish. Boshqacha aytganda, oxir zamon-da!
Tan olaman, yuragimda qayg‘udan asar ham qolmadi. Kutilmagan yangilik kayfiyatimni ko‘tarib yubordi. Ha-da, men-ku o‘ladigan odamman. Ammo oxirat diyori tomon to‘dalashib chiqishga ne yetsin. Agar yoppabaraka hamma o‘sha tomonga jo‘nasa, hech kim ortda qolmasa, bu endi boshqa gap – har holda bayram bo‘lmasa ham, shunga yaqin. Ko‘z ochib yumguningcha hammasi tamom – bundan osoni bor ekanmi.
Mayli buni maydakashlik deysizmi, xudbinlikmi, baribir, bizdan ke¬yinroq tug‘ilib, go‘yo ortimizda qolishi kafolatlanganlar bilan qabriston safariga jo‘nash baribir yoqimli. Badanidan qo‘lansa ter hidi anqib, g‘aznasiga yana bir chaqani tashlash uchun hokimiyat zinapoyalari sari odimlayotgan, olqish va qarsaklarni ommadan yulib olishga shoshilayotgan, ustiga ustak ayollar borasida mislsiz g‘alabalarni ko‘zlayotgan, bunday muzaffar qilmishlarning Xudo bilsin yana qanchasini rejalashtirayotganlarga ayniqsa, ajoyib saboq bo‘lardida. O‘zlarini dunyo hokimi, donolik timsoli, adolat va go‘zallik posboni sanab, go‘yo hayot suvini topgandek, biz qariyalarga isqirt suvaraklar deya irganib ko‘z tashlaydiganlarning tillari muzlab, ketlaridan ari chaqqandek bo‘larkan-da. Ana shunaqa, hamma bir paytning o‘zida, yagona ulovda, yo‘qlik girdobi tomon parvoz etadi, vassalom.
Aytish kerakki, bu vaziyatda Rilka ham o‘zini yo‘qotgani yo‘q. Uni bor yo‘g‘i halokat sodir bo‘lguniga qadar she’rlarini o‘qib chiqib, fikr bildirishga ulguramanmi-yo‘qmi – shu tashvishga solarkan. Agar bahoyim ijobiy bo‘lsa, armonsiz ketarmish.
Men esa yolg‘izlikda, lojuvard palata g‘ira-shirasi aro qichqiraman: “Kel, ey olijanob asteroid, yo‘lingdan adashma, halok etguvchi qudrating-la bizga tomon uch. Bu – baxtiqaro sayyorani kufayakun qil”.
1968 yilning 18 iyuni
Bugun ertalab soat yettida meni professor Koltanining o‘zi uyg‘otdi.
– Xo‘sh deganingizdan,-dedi u, xush kayfiyat ila qo‘lini artarkan, – shunday qilib, ertaga tongda...
– Nima erta tongda?
– Nima bo‘lardi? Operatsiya – jo‘ngina rasmiyatchilik...
– Axir, doktor Rilka aytdiki, endi...
– Nima?..
Unga Nessaim haqida so‘zlab berdim. Koltani kuldi. U ham o‘sha suhbatda bor ekan. Ganalik astronom bunaqa gapni og‘ziga olmabdi. Qaytanga halokatni rad etgan hurmatli olimlarning fikrlarini yana bir bor tasdiqlabdi. Aftidan Rilka she’rlarini menga tezroq o‘qitib olish uchun bu tuzoqni to‘qigan.
Ushbu hangoma professorning vaqtini chog‘ qilgani ko‘rinib turardi. Lekin u dam o‘tmay xo‘mrayib oldi:
– Bilib qo‘ying, azizim, yaqinda bu joyni tark etasiz: siz hali ko‘p yashaysiz. Aslida Ikarning tashrifidan men... chinakamiga...
– Siz? Axir sizga nima qipti?
– E aziz do‘stim, isitmaning zo‘ridan ishlab yuribman-da ...kuchim bor ekan ishlayveraman ham ...bu mening yagona ovunchog‘im... Ammo juda kam qoldi, azizim, qarshingizda turgan odamning inqirozi muqarrar... – U qaddini tikladi va yana yuzida mahzun tabassum soyasi zuhur etdi. – Mayli, g‘am-qayg‘uni qo‘yaylik. Sizning xavotirlanishingiz esa o‘rinsiz, tahlil natijalari a’lo... Xo‘sh deganingizdan, ertagacha...
1968 yilning 19 iyuni
Tungi soat ikki. Kasalxona sukutda. Besh soatdan so‘ng meni aravaga solib, operatsiya stoli tomon olib ketishadi. Ehtimol, bu to‘rt mucham sog‘, hushim o‘zimda bo‘lgan so‘nggi tunimdir. Besh-olti soatdan keyin balki bu olamda bo‘lmasman. Ehtimol bu dunyoda cho‘ltoq tana bilan qolarman. Eng yomoni – dardimning bedavoligi oshkor bo‘lar – jarrohlar tanamni yorib ko‘rgach, hech nima qilib bo‘lmasligini anglashar va shu zahoti qayta tikib qo‘yishar. Nomard Ikardan esa darak yo‘q. U bor-yo‘g‘i odamlar to‘qib chiqargan va tezda bo‘lmagandek unutiluvchi go‘zal bir afsona. Balkim ayni damda shitob bilan tepamdan uchib o‘tayotgandir. Ammo u men haqimda hech narsani bilmaydi, uni qanchalik orziqib kutayotganimni xayoliga ham keltirmaydi. Professor Koltanini-ku inchinun...
– Orzuim Ikari Yerga juda yaqin masofadan o‘tib ketadi...Bizni tashlab, hududsiz Samovot aro yo‘qoladi. Oradan yillar o‘tib yana u haqda gap-so‘zlar urchib qolgan mahalda men tuproqqa do‘ngan bo‘laman, hatto unda qabr¬toshim yozuvlari ham xira tortadi...
Og‘ir bemorni olib kelishdi chog‘i, eshik ortida shoshqin qadamlar sasi keldi. Hamshiralarning ohista tovushlari eshitildi. Olisdan qo‘ng‘iroq jarangi eshitildi. Biroq negadir mashina g‘ovurini ilg‘amadim.
Ajabo. Ehtimol kimnidir shoshilinch operatsiya qilishga to‘g‘ri keldimi? Yo‘lakda ovozlar kuchaydi. Ora-chura qichqiriqlar eshitila boshladi. Go‘yo butun kasalxona oyoqqa turgandek.
Kimdir eshikni ohista ochib, xonaga bo‘yladi. Doktor Rilka ekan. Egniga xalatini ilishga-da ulgurmagan ko‘rinadi. Uni bu holatda sira ko‘rmagandim. U karavotim tomon yugurgilab keldi-da, shosha-pisha o‘rama qog‘oz to‘plamini uzatdi.
– O‘qing, yalinaman, loaqal bir-ikkitasini o‘qing... sanoqli daqiqalar qoldi...
– Demak, rost ekanda? – so‘rash asnosida o‘zimni navqiron, sog‘lom sezib otilib turarkanman. – Rost ekanda?!!
– Rost bo‘lganda qandoq! – qichqiradi u deraza pardasini ko‘tarishga shoshilib. – Vaqtni bekorga o‘tkazmang, iltimos qilaman, hech bo‘lmasa bittaginasini o‘qing!
Tashqari yop-yorug‘. Axir bu oy yog‘dusimasmi? Yo‘q-yo‘q, Oy yog‘dusiga o‘xshamaydi. Tungi soat ikkida hammayoq elektropayvand uskunasi yoritgandek charaqlab ketibdi. Shahar bo‘ylab hayqiriqlar, qo‘r¬quv va hayajon tovushi. Minglarcha yig‘imi yoki shodon qiyqiriqligi noma’lum tovushlar qorishib ketgan. Unga inson zoti hali eshitmagan vahimali guvillash qo‘shiladi. Bu ovoz butun samoni tutib ketadi. Men telbavor qah-qah otgancha qo‘limdagi she’r yozilmish qog‘oz o‘ramini polga uraman. Doktor Rilka bo‘lsa, umridan sanoqli lahzalar qolganini ham unutib, palata bo‘ylab yuguradi. Sochilib ketgan varaqlarni yig‘a-yig‘a ingraydi:
– O-o! Nimalar qilyapsiz, nimalar qilyapsiz axir?!!
Ruschadan Uzoq Jo‘raqulov tarjimasi
“Kitob dunyosi” gazetasidan olindi.