OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Edgar Allan Po. Vaqt o‘rog‘i (hikoya)

Nega buncha qayg‘urasiz,
Ey, noyob go‘zal!
J. Milton. Qomus

Ajoyib, fusunkor shahar Edinani sayr etishga chiqqanimda oromli, farahbaxsh oqshom tushayotgan edi. Ko‘chalar gavjum, har yonda g‘ala-g‘ovur, odamlar bir-biriga turtinib-surtinib, qayoqqadir oshiqishadi. Xotin-xalaj baqirib-chaqirishadi. Bolalar qiyqirishadi. Cho‘chqalar chiyillab, xurillashadi. Aravalar g‘ijirlaydi. Ho‘kizlar bo‘kirishadi. Sigirlar mo‘‘rashadi. Otlar kishnashadi. Mushuklar miyovlashadi. Itlar quvalashib o‘ynashadi. Evoh, men esam o‘ynayolmayman. Bundan juda ma’yuslandim. Ha, hayot o‘zi shunaqa. Daho va shoirta’b odam qalbi, ayniqsa daho qalbi, nihoyatda havasni keltiruvchi, ko‘ngilni sust ketkizuvchi, yo‘q, dilni shaydo qiluvchi, maftunkor, hayotbaxsh go‘zallikdan (o‘quvchi meni afv etsin), olamdagi eng ezgu husnu malohatdan ta’sirlanaveradigan bo‘ladi; shoir qalbi tinimsiz, doimiy, uzoq davom etuvchi, achchiq, iztirobli, tashvishli, musaffo, ilohiy, samoviy, ko‘tarinki, ha, insonni ko‘klarga ko‘taruvchi va poklantiruvchi nafosat qudratini his qilib yashashga mahkum etilgan. Shoir qalbida bot-bot eng shirin xotiralar g‘ujg‘on o‘ynaydi. Ammo uzr, gapga mahliyo bo‘lib ketdim. Takror aytamanki, dohiyona, shoirona qalbda eng arzimas narsa ham bir olam xotiralar uyg‘ota oladi. Itlar o‘ynoqlashardi, men esa bunga qurbim yetmasdi! Ular quvnashardi — men esa yig‘lardim. Ular yayrashardi — men esam achchiq-achchiq yig‘lardim. Hayajonli manzara! Bu manzara ma’rifatli o‘quvchiga, albatta, ma’lum va mashhur Choy-Ich-San yozgan durdona xitoycha romanni uchinchi jildida tasvirlangan butun olam uyg‘unligi haqidagi go‘zal satrlarni eslatishi turgan gap.
Shaharni yolg‘iz tomosha qilib yurgan paytimda, ikkita juda yuvosh va juda sadoqatli hamrohim bor edi. Biri — shiringina baroq kuchugim Diana edi. U biram ajoyib, biram ajoyib ediki! Bittayu bitta ko‘zining ustini bir tutam yung qoplagan, bo‘yniga nozik qilib havorang shoyi bant bog‘langan. Buyi besh dyuymdan oshmas, butun jussasidan boshi kattaroq edi; kesilgan, kalta dumi uni juda shirin, juda beozor, xuddi begunoh ranjitilgan yosh boladay qilib ko‘rsatardi.
Zanji qulim Pompey, sadoqatli Pompeyni aytmaysizmi? Uni qanday unutib bo‘ladi? Ha, men Pompeyning qo‘liga og‘irligimni tashlab borardim. Uning bo‘yi uch fut (aniqlikni yaxshi ko‘raman), yoshi yetmishda; ehtimol saksondadir? U maymoq va jussador edi. Og‘zi shalpang qulog‘iga yetardi. Ammo tishlari oppoq durday, chaqchaygan ko‘zining oqi yarqirab turadi. Tabiat unga bo‘yin ato etmagan, to‘pig‘i bilan oyog‘ining uchi qo‘shilib ketganday ko‘rinadi (habashlarning oyog‘i odatda shunaqa bo‘ladi). Egni-boshi juda odmi. To‘qqiz dyuymli bo‘yinbog‘u movut palto — bor-yo‘q kiyimi shu edi. Ilgari bu palto qaddi-qomati kelishgan janob Pulbermanniki edi. Juda ajoyib palto edi-da o‘ziyam! Bichimini aytmaysizmi! Haytovur uni yap-yangi desayam bo‘lardi. Ifloslanmasin deb Pompey paltosining barini sal ko‘tarib yurardi.
Biz uchovlon edik. Ikkitamiz kimligimizni yuqorida tavsif etdim. Uchinchi zot esa — kaminaning o‘zi, ya’ni Ruxiya Zenobiya xonim edilar. Ba’zi hasadgo‘ylar meni Ruxiya Janubiya deb atashadi. Qomatimga bir qaragan odam o‘zini yo‘qotib qo‘yadi. O‘sha kuni egnimga alvonrang atlas ko‘ylak bilan moviy, harir arabiy qabo kiygan edim. Alvon ko‘ylagim yashil to‘qa-ilgaklar va yetti joyida norinjrang gulli nafis kashta bilan bezalgandi. Xullas, uchinchi shaxs — kamina edim. Demak, baroq itim bor edi. Pompey bor edi. O‘zim esa uchinchi odam edim. Xullas, biz uchovlon edik. Axir qasos ma’budalari ham dastavval uchta ekan — Melti, Nimmi va Xetti — Tafakkur, Xotira va Umr egovi bo‘lgan ekan.
Alqissa, kamina nazokatli zanji qulimning qo‘liga salgina suyanganimcha hozir huvillab qolgan Edina shahrining u payt gavjum bo‘lgan ko‘chalarini sayr qilib yurardim, itim Diana menga yaqinlashishga jur’at qilmay, odob saqlaganicha orqamdan soyaday ergashardi. To‘satdan ro‘paramda baland jome cherkovi ko‘rindi. U juda mahobatli, qadimiy, qubbasining nayzasi ko‘kka sanchilgan. Shu payt g‘alati, telba bir istak vujudimni chulg‘ab oldi. Qazoi taqdirim sari bunchalar shoshmasam? Bosh aylanadigan darajadagi balandlikka chiqib, o‘sha yerdan mahobatli shaharni tomosha qilish istagi ko‘nglimni egallab oldi. Qasr darvozasi ochiq, go‘yo meni ichkariga taklif qilayotganday tuyulardi. Shu tobda taqdirim hal bo‘layotgandi. Gumbazlar ostidagi qorong‘i, sovuq go‘shaga qadam qo‘ydim. Mabodo, xaloskor farishtalar borligi rost ersa, mening farishtam qaerlarda yurganikin? Axir u meni bu yo‘ldan asrab qolmasmidi? Mabodo! Naqadar qisqa, lekin mash’um so‘zsan! Sening harflaringda olam-olam sirlar, ma’nolar, shubha, gumon va noma’lumlik yashiringan! Ha, gumbazlar ostidagi qorong‘i go‘shaga qadam qo‘ydim! Norinjrang ko‘ylagim etagini hech narsaga tegizmay, avaylab tutgancha peshtoq ostidan o‘tib, qasr ostonasida turib qoldim. Aytishlaricha, ummon suvlari ostidyo haybatli Nahri Qulzum hech narsaga xalal bermay, hatto ho‘l bo‘lmay oqar ekan.
Aylanma zinalarning oxiri ko‘rinmasdi. Aylanma! Ha, zinalar aylanar va ko‘tarilar, aylanar va ko‘tarilar, aylanar va ko‘tarilar edi... Shu payt mening hamda sodiq zanji qulim Pompeyning xayolimizga g‘alati bir gumon kelib qoldi: bu adoqsiz zinalarning adog‘iga yetmay turib, tasodifan yoki qasddan so‘nggi qismi olib tashlangan bo‘lsa-ya? Nafasni rostlash uchun bir zum to‘xtadim... Xuddi shu payt g‘aroyib bir voqea yuz berdiki, u ham axloqiy, ham falsafiy ma’noda muhim ahamiyatga molik bo‘lgani uchun bu haqda indamay o‘tolmayman. Diana itimning xatti-harakatlari menga g‘alati ko‘rindi (yo‘q, yanglishayotganim yo‘q, chunki men bir necha lahza itimning qiliqlarini diqqat bilan kuzatib turgan edim-da). Ha, itimning xatti-harakati meni tashvishga solib qo‘ydi (takror aytaman, men yanglishayotganim yo‘q). Xuddi shunday — Diana bu yerda kalamush borligini sezgan edi! Men bu gumonimni darrov Pompeyga aytgan edim, u ham fikrimga qo‘shildi. Xullas, bu yerda kalamush borligi sezildi — buni Diana sezib qoldi.
Yo, qudratingdan! Shu lahzalarda qanchalik hayajonlanganimni aytish qiyin. Evoh! Maqtalgan, ulug‘langan inson aql-zakovati oyog‘imiz ostidagi shu kichkina sharpani sezishga ham yetmaydi-yu, bunga itning aqli yetibdi-ya. Dohiyona, shoirona qalb egasi bo‘lgan mening aqlim shu kuchukning aqlichalik emas ekan-da! Aytishlaricha, Prussiya rayhoni ba’zi odamlar uchun juda xushbo‘y, ba’zi odamlar uchun esa mutlaqo bo‘ysiz bo‘lar ekan.
Nihoyat zinalarning oxiri ko‘rindi; so‘nggi maydonchaga yetishga uch-to‘rt zina qolgan edi. Biz yana olg‘a yurdik va oxiriga yetishimizga atigi bir qadam qoldi. Bir qadam! Kichkinagina bir qadam-a! Hayotning buyuk pillapoyasida bir qadam bosishimiz bizga naqadar ulug‘ baxt-saodat yoki qayg‘u-kulfat keltirishi mumkin! Shu chog‘ o‘zimni o‘yladim, Pompeyni o‘yladim, boshimiz uzra oq soya tashlagan sirli va anglab bo‘lmas taqdir qanotini o‘yladim. Pompeyni o‘ylar ekanman, unga mehrim tovlanib ketdi. Odamni yo‘ldan ozdirgan va bundan keyin ham ozdiradigan juda ko‘p soxta qadamlarni o‘yladim, o‘zimni tiyishga, ehtiyot bo‘lishga ahd qildim. Qo‘limni Pompeyning qo‘lidan sekin ajratvoldim va uning yordamisiz o‘zim so‘nggi zinaga qadam bosib, qo‘ng‘iroqxonaga ko‘tarildim. Biroq itim ham lip etib yonimga chiqdi. Pompey orqada qoldi. Zinapoyaning yuqorisida turib, unga dalda berdim. U menga qo‘lini cho‘zdi va baxtga qarshi paltosining barini qo‘yib yubordi. Evoh, taqdir bizni ta’qib qilishini qo‘ymadi. Pompey ro‘dapo paltosining yerga tushgan etagini bilmasdan bosib oldi va qoqilib, oldiga munkib ketdi. Qulayotib, boshi bilan mening siynamga urildi, og‘irligi bilan meni ham qo‘ng‘iroqxonaning zax va iflos poliga ag‘natib yubordi. Lekin men shu zahoti undan o‘chimni oldim. Zanjining qalin, jingalak sochlarini ikkala qo‘lim bilan changallabg yulib tashladim, bu qattiq jingalak sochlarni tutamlab-tutamlab uzib- uzib oldim-u, jirkanib otib yubordim. Soch tutamlari qo‘ng‘iroq arqonlariga yopishib, osilib qoldi. Pompey o‘rnidan turdi va churq etib og‘iz ochmadi. U faqat ko‘zlarini katta ochgancha menga ayanchli boqar ekan, og‘ir xo‘rsinib qo‘ydi. Yo rabbiy, bunday xo‘rsinishni umrim bino bo‘lib ko‘rmagandim, shuning uchun u ko‘nglimni jimirlatib, o‘rtab yubordi. Anovi osilgan sochlar, yunglarni aytmaysizmi? Bu soch tutamlariga bo‘yim yetganidaydi, ularni afsus yoshlarim bilan ho‘llardim. Lekin, evoh, ularga endi yetib bo‘lmasdi. Mana shu soch tutamlari qo‘ng‘iroq arqonlari bilan chayqalar ekan, nazarimda xuddi jonliday tuyulardi, bu sochlar g‘azabdan tikka bo‘lganday edi. Aytishlaricha, Yava orolida o‘sadigan Xappi dendi Floe Aeris o‘simligi juda chiroyli gullar ekan va tomiri bilan yulib olinganidan keyin ham so‘limas ekan. O‘sha yerdagi aholi bu o‘simlikni shiftga osib qo‘yar va bir necha yilgacha uning bo‘yidan lazzat olishar ekan.
Biz yana yarashdik va Edina shahrini yaxshiroq tomosha qilish uchun tuzukroq teshik-yoriq qidira boshladik. Bu yerda deraza, ravoq yo‘q edi. Qorong‘i xonaga poldan yetti fut balandlikdagi, taxminan bir fut keladigan to‘rtburchak tuynukdan bir tutam nur, yorug‘lik kirib turardi. Ammo chinakam daho kuch-g‘ayrati nimalarga qodir emas deysiz? Men ana shu baland tuynukka yetishga ahd qildim. Tuynuk ostida soat mexanizmining juda ko‘p parraklari, tishli g‘ildiraklari va boshqa sirli qismlari joylashgandi, tuynuk tashqarisida esa mana shu mexanizmdan borgan uzun temir o‘q, ko‘rinib turardi. Parrak, g‘ildiraklar bilan devor o‘rtasiga odam arang sig‘ar edi — lekin men o‘jarlik bilan yana o‘sha istagimda sobit turib oldim. Pompeyni yonimga chaqirdim.
— Anovi tuynukni ko‘ryapsanmi, Pompey? Men o‘sha yerdan qaragim kelyapti. Shu tuynuk tagiga kelib turgin. Mana bu yerga. Qo‘lingni cho‘z, anavi yerga o‘tib olay. Yaxshi, endi narigi qo‘lingni uzatsang, yelkangga chiqib turib olaman-da, tomosha qilaveraman.
Zanji qulim barcha istaklarimni bajo keltirdi. Uning yelkasida yaxshilab o‘rnashib olgach, boyagi tuynukdan bemalol boshimni chiqarib, tashqariga qarashga imkon tug‘ildi. Ko‘z o‘ngimda ajoyib manzara namoyon bo‘ldi. Nihoyatda ajoyib tomosha edi bu. Faqat Diana itimga joyingda tek tur, deb yolg‘ondakam po‘pisa qilib qo‘ydim. Pompeyni esa ayab, yelkangni ezvormayapmanmi, deya tasalli berdim, endi senga har doim yaxshi gapiraman, deb ko‘nglini ko‘tardim. Shu tariqa qo‘limga bir oz iltifot ko‘rsatib, tuynuk naryog‘idagi ajoyib manzarani shavq bilan tomosha qila boshladim.
Gapni maydalab o‘tirmay. Edinburg shahrini ta’riflamay qo‘yaqolay. Hammangiz Edinburgda, qadimgi Edinada bo‘lgandirsiz. Men faqat o‘z boshimga qanday kulfat orttirganimni lo‘nda qilib aytib qo‘yaqolay. Shaharning qayoqdan qayoqqacha cho‘zilganini, qanday yerda joylashganligini, umumiy qiyofasini maroq bilan ko‘zdan kechirgach, o‘zim turgan ibodatxona binosini, uning qo‘ng‘iroqxona minorasining nozik arxitekturasini ham ko‘rishga ulgurdim. Ayon bo‘lishicha, men boshimni chiqazib turgan tuynuk ulkan soatning kaftgirida joylashgan ekan va u pastdan qaraganda go‘yo frantsuz cho‘ntak soatidagiga o‘xshash, kalit solib buraydigan teshikchaday ko‘rinsa kerak, deb o‘yladim. Shubhasiz, bu tuynuk zarur bo‘lib qolganida soatsoz usta qo‘lini tashqariga chiqarib, soat milini to‘g‘rilab qo‘yish uchun qilingan, degan fikrga keldim. Soat millarining naqadar katta- ligi meni hayron qoldirdi. Cho‘ziqroq milining uzunligi kamida to‘qqiz fut, kengligi eng katta joyida to‘qqiz dyuym kelardi. Ko‘rinishdan bu millar qattiq po‘latdan yasalgan va chetlari qilich damiday yupqa edi. Mana shunga o‘xshash tafsilotlarni bilib olgach, yana quyida yastangan shaharning ulug‘vor manzarasini kuzatib, mushohada qila boshladim.
Bir necha daqiqadan keyin Pompeyning ovozi tomoshaning beliga tepdi. U ortiq bardosh berolmasligini aytyb, marhamat qilib, pastga tushsangiz yaxshi bo‘lardi, deya yalina boshladi. Uning bu talabi ahmoqona ekanligini erinmay tushuntirdim. U g‘udurlab javob berdi, ammo gapimni unchalik uqmas edi. Oxiri g‘azablanib, yuziga shartta «ahmoqsan» dedim. «Ignoramusga yo‘l qo‘yib, tilanchilik qilyapsan, sening tushunchalaring barchasi «insommari yavis», so‘zlaring esa «animanimajmua»dan boshqa narsa emas, deb jerkib berdim. Shundan so‘ng zanji qulim qanoat hosil qildi shekilli, jimib qoldi, men tomoshani davom ettirdim.
Dahanaki jangimizdan keyin yarim soatcha o‘tgach, oyog‘im ostidagi maftunkor manzaraga mahliyo bo‘lib turganimda, bo‘ynimning orqasiga sovuq bir narsa kelib tekkanidan seskanib ketdim. Qanchalik qo‘rqqanimni aytmay qo‘ya qolay. Harholda oyog‘im ostida sodiq zanji qulim Pompey turganligini, xonaning narigi burchida Diana itim farmonimga muntazir bo‘lib, dikkayib o‘tirganini bilardim. Bo‘ynimga tekkan sovuq narsa nima bo‘lishi mumkin? Evoh! Tez orada buning nima ekanligini bildim. Bir oz qayrilib, minora soatning minutlarini ko‘rsatadigan, bahaybat qilichga o‘xshagan yarqiroq mili tsiferblat atrofida siljib kelib bo‘ynimga yetib qolganligini ko‘rib, dahshatga tushdim. O‘zimni orqaga tashladim — lekin vaqt o‘tgan edi. Boshim allaqachon dahshatli qopqonga tushib qolgan va bu qopqon tobora qisilib, ajalday tezlashib kelardi. Mana shu lahzalarda qo‘rquvdan muzlab qolganimni tasavvur etish qiyin. Chiqmagan jondan umid, deb, qo‘limni yuqoriga tirab, mahobatli po‘lat tasmani ko‘tarib, boshimni chiqarib olishga jon-jahdim bilan urinib ko‘rdim. Lekin bu po‘lat tasmani ko‘tarishga urinish butun qasrni ko‘tarishga urinish bilan teng edi. Po‘lat shamshir tobora yaqinroq, yanada yaqinroq, tag‘in ham yaqinroq kela boshladi. Zanji qulim Pompeyni yordamga chaqirdim. Ammo u: «Bekam, meni qari ovsar deb, gadoylik qilyapsan, deb xafa qildingiz», dedi. Jonim boricha qichqirib, Dianani chorladim. Ammo u «o‘zingiz burchakda qimirlamay o‘tir» dedingiz-ku, deganday, vovullab qo‘ydi. Xullas, yo‘ldoshlarimdan madad kutish behuda edi.
Shu orada og‘ir, mahobatli va dahshatli Vaqt O‘rog‘i o‘zining to‘xtovsiz harakatini davom ettiraverdi (bu klassik iboraning mana shunday tom ma’no kasb etishini endi sezdim). O‘roq tobora pastga tusha boshladi. Uning dami o‘tkir qirrasi bo‘ynimga bir dyuymcha kirib bordi va mening xayollarim ayqash-uyqash bo‘lib, hushim og‘a boshladi. Endi o‘zimni goh Filadelfiyada, doktor Pulberman huzurida, goh janob Blekvud qoshida qimmatli maslahatlar olayotgan holatda ko‘ra boshladim. So‘ngra birdan baxtiyor kunlarim xayolimda jonlandi. U zamonlar butun olam menga sahro emas, chamanzor edi, zanji qulim Pompey ham hozirgiday toshbag‘ir emas, beozor edi.
Soat murvatlarining chiqillashi ko‘nglimga xush yoqa boshladi. Ha, xush yoqa boshladi, chunki hozirgi holatimdan sarmast edim, har qanday arzimas narsalar ham endi menga huzur, orom berardi. Soatning tinimsiz chiq-chiq, chiq-chiq qilishi qulog‘imga xuddi maftunkor musiqaday eshitilar, hatto bu tovushlar doktor Ollapodning va’zlarini eslatardi. Siferblatdagi yirik raqamlarni aytmaysizmi? Ular ko‘zimga nihoyatda aqlli, dono ko‘rinardi. Raqamlar mazurka raqsiga tusha ketdi, menga ayniqsa V raqamining raqsi juda xush yoqdi. U shubhasiz, a’lo tarbiya olgan ko‘rinardi. Unda zarracha to‘porilik, zarracha takabburlik yo‘q edi. U o‘zining o‘tkir uchida chir aylanib, biram ajoyib piruetlar qilar ediki! Nazarimda u raqsga tushaverib charchagan ko‘rindi, unga kursi taklif qilmoqchi bo‘ldim, ammo bu ishni uddalolmasligimga, chorasiz ahvolda ekanligimga aqlim yetdi. Ha, chindan chorasiz ahvolda edim! Soat o‘qi bo‘ynimga endi ikki dyuymcha botgan edi. Og‘rig‘iga chidab bo‘lmasdi. Tezroq o‘lishimni tilardim, dahshatli og‘riq ichida beixtiyor shoir Migel de Servantesning ispancha ikki misra she’ri xayolimga keldi.
Ammo oldinda meni bundan ham dahshatli azoblar kutardi, bu azoblarga asablari po‘lat odam ham chidash berolmasdi. Soat o‘qi bosimi bilan ko‘zlarim chanog‘idan chiqa boshladi. Ko‘zsiz odam qanday yashayoladi, deb o‘ylab ulgurmasimdan bir ko‘zimning qorachig‘i otilib chiqib, qo‘ng‘iroqxona tomining nishab joyidan pildirab dumalaganicha, saroy peshtoqi tomining tarnoviga tushib qoldi. Ko‘zsiz qolganimdan ko‘ra uning oliftagarchilik bilan menga hayosizlarcha tikilib turgani alam qilar edi. U shundoq yonginamda, tarnov ichida yotar ekan, o‘ziga bino qo‘ygani ham jirkanchli, ham kulgili edi. Dunyoda birorta ko‘zning mana bunday pirpirashini va eng qizig‘i, ko‘z qisishini ko‘rmaganman.
Ko‘zimning o‘zini bunday ahmoqona tutishi, oshkora beodobligi va razil ko‘rnamaqligidan tashqari, meni yana boshqa bir narsa qiynardi. Bir boshga mansub ikki ko‘z hamisha bir xil harakat qilgani uchun, orasi uzoqligiga qaramay, hozir ham ularning harakati aynan bir-birini takrorlardi. Shu tufayli, men istasam-istamasam anovi qarshimda turgan razilning harakatlariga moslab sog‘ ko‘zimni pirpiratar va qisar edim. Ko‘p o‘tmay bu azobdan qutuldim, ikkinchi ko‘zim ham otilib chiqdi. U, xuddi qelishib olganday, sherigining yoniga tushdi. Ikkalasi bir bo‘lib tarnovdan dumalab ketishdi.
Soat o‘rog‘i bo‘ynimga endi to‘rt dyuymcha botgan va u oxirgi bir parcha etni uzishi qolgan edi. Men o‘zimni baxtiyor sezardim, chunki bir necha daqiqadan so‘ng azoblarimga chek qo‘yilishini bilardim. Bu entikishim to‘g‘ri chiqdi. Soat roppa-rosa oltidan yigirma besh daqiqa o‘tganida minut o‘qi o‘zining dahshatli yo‘lida shunchalik siljidiki, bo‘ynimning qolgan qismi ham uzilib ketdi. Menga shunchalar qattiq azob bergan boshim gavdamdan butunlay ajraldi. Dastavval u qo‘ng‘iroqxona devoridan dumalab, tarnovda bir lahza to‘xtab qoldi-da, so‘ng sakrab-sakrab ko‘chaning o‘rtasiga tushdi.
Ochig‘ini ayta qolay, endi mening hissiyotlarim nihoyatda g‘alati, sirli va tushuniksiz tus oldi. Endi ongim goh bu yoqda, goh u yoqda bo‘lib qoldi. Boshim o‘zicha «Men — Ruxiya Zenobiyaman» deb his qilar, sal o‘tmay, gavdam: «Yo‘q, mening shaxsim shu yerda» deb ishonar edi. Mana shu muammoni hal etishni o‘ylab, cho‘ntagimni timirskilab tamakidonimni oldim va uning bir chimdimini odatdagiday ishlatmoqchi edim, bo‘lmadi, shu zahoti qanday ahvoldaligimni sezdim va tamakidonni boshim tomonga otib yubordim; boshim tamakining to‘kilganini mazza qilib hidladi va go‘yo mamnun bo‘lganday jilmayib qo‘ydi. Shundan so‘ng u menga qarata nimalardir gapira boshladi, qulog‘im o‘zimda emasligi uchun yaxshi anglamasdim. Ammo shuni his qildimki, u mening shu ahvolda ham yashashga yntilayotGanimdan ajablanayotgan ekan. Xullas, u Ariostodan quyidagi she’riy parchani aytdi:

Muhoraba qizir, pahlavon
Jang qilardi berganda ham jon.

Shunday deb, u meni qiziq ustida o‘lgani ham esidan chiqib, jangni davom ettirgan pahlavonga o‘xshatdi. Endi mening baland o‘rnimdan tushib ketishimga hech kim xalal bermasdi. Shunday ham qildim. Ie, Pompeyning menga ko‘zi tushib, g‘aroyib narsani ko‘rganday esi og‘ib qoldi. U hayratdan og‘zi ochilib, ko‘zlarini chirt yumib oldi, xuddi kipriklari bilan yong‘oq chaqmoqchiday edi. So‘ng paltosini ham uloqtirib, zinapoya tomonga otildi va g‘oyib bo‘ldi. Men uning ortidan otashin misralar bilan:
— Endryu O legeton, meni tashlab ketishga qanday ko‘ngling bordi? — deganimcha qolaverdim, so‘ng bir ko‘zli ovunchog‘im, paxmoq Diana tarafga o‘girildim. Evoh! Qanday dahshat! Nahotki hozirgina uyasiga g‘izillab kirib ketgan kalamush bo‘lsa? Anovi sochilib yotgan suyaklar nahotki mening ovunchog‘im, baroq itimniki bo‘lsa? Yo rabbiy! Nimalarni ko‘ryapman? Anovi burchakda ma’yus nazokat bilan odob saqlab o‘tirgan jonzot nahotki arzanda kuchugimning arvohi bo‘lsa? Bas, to‘xtang! O, samoviy zotlar, u Shiller ruhida, nemischa tilga kirdi:

Unt shtabbi dak, zo shtabbi dun,
Duk zi! Duk zi!

Evoh! Naqadar haqqoniy edi bu so‘zlar!

Mayli, kel ey, ajal, kelaver,
Menga huzur bag‘ishlar o‘lim.—
Oyoqlaring, oyoqlaring, aziz oyoqlaring ostida.

Nafis vujud! U ham meni deb jonidan kechibti. Kuchugimdan ayrildim, zanji qulimdan ayrildim, boshginamdan ayrildim, endi bu dunyoda baxti qaro Ruxiya Zenobiyaga nima ham qoldi? Evoh, hechlik! Bari tugadi.

Rus tilidan Mahkam Mahmudov tarjimasi
“Sharq yulduzi” jurnali, 1986 yil, 8-son.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.