Elfrida Yelinek avstriyalik yozuvchi, zamonaviy nemis adabiyotining ko‘zga ko‘ringan namoyandasi. Vena va Myunxen shaharlarida yashaydi va ijod qiladi.
Otasi chex-yahudiylari avlodidan, kimyogar, ikkinchi jahon urushi davrida harbiy korxonada ishlagan. Onasi venalik taniqli oila farzandi.
Bo‘lajak adiba bolaligidan musiqiy tarbiya olgan. Vena konservatoriyasida o‘qigan. Vena universitetini «Teatr va san’at tarixi» ixtisosi bo‘yicha tamomlab, musiqa bilan shug‘ullanishda davom etgan. Yoshligidan adabiyotga qiziqqan. Avvaliga she’rlar bitgan, keyin universitetdagi ijtimoiy harakatlarda faol qatnashib, asarlarida hayot muammolarini mahorat bilan ifodalagan.
«Sevishganlar» (1975 y.), «Inkor etilgan» (1980 y.), «Pianinochi ayol» (1983 y.), «Shahvat» (1989 y.), «O‘liklarning bolalari» (1995 y.), «Ochko‘zlik» (1999 y.). kabi romanlar, «Klara Sh» (1982 y.), «Hirs yoki ochiq yo‘l» (1986 y.), «Bulutlar. Uy» (1988 y.), «U o‘ziga o‘xshamaydi» (2000 y.), «Alida» (2002 y.), «O‘lim va qiz» (2003 y.) kabi dramalar muallifi.
1946 yilning 20 oktyabrida Avstriyaning Myurtsushlag shaharchasida tug‘ilgan. 2004 yili Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan.
Adibaning asarlari jahonning ko‘p tillariga tarjima qilingan, ular asosida kinofilmlar ishlangan, yigirmaga yaqin milliy va halqaro adabiy mukofotlarga sazovor bo‘lgan.