Rossiyada hamma nimanidir so‘raydi. So‘ramaydiganlar esa, hech nima so‘rama deb yolvoradi. Bundan chiqdi, ular ham so‘raydi.
Bugun uyqudorini qo‘lga kiritish uchun o‘zimizning sobiq yozuvchilar shifoxonasiga yo‘l oldim. Men “sobiq” deyapman, garchi bizni u yerga xushlamayroq qo‘yib turgan bo‘lsalar-da. Aytishlaricha, tez kunda urush nogironi bo‘lgan yozuvchilardan boshqa hech kimni ichkariga qo‘ymas ekanlar. Baxtiqaro urush nogironlaridan kim qoldi o‘zi?! Qariyb hech kim! O‘g‘il-qizlarimizni kirgizmay qo‘yishgan, ammo xotinlarimizni davolashadi. Oilalar buzilib ketmasin deyishyapti, shekilli.
Nima bo‘ldi o‘zi? Bu yaxshi shifoxona va men aniq bilamanki, avval-boshda yozuvchilarning puliga qurilgan! Shuning uchun avvallari biz unda ich-ichdan faxrlanib davolanar edik. Shifokorlar bilan munosabatlarimiz chinakam do‘stona edi. Qadrdon birodarlardek. Ba’zi shifokorlar kitobingiz haqida shunaqangi ajoyib gaplar qilib boshlashardiki, ularni maroq bilan tinglab o‘tirib bemorligingizni butkul unutib qo‘yardingiz.
Endi o‘sha shifoxonani kimdir xususiylashtirib olgan. Shuning uchun hozir u asosan boyvachchalarni naqd pulga davolaydi. Bu masala atrofida qandaydir tumanlik bor. Aytishlaricha, shifoxonamizning bosh shifokori kim bilandir qanaqadir bitim tuzgani sabab hammasi shunday bo‘lib chiqqan. Bosh shifokorning o‘zi esa, nafaqat shifoxonadan, hattoki Moskvadan ham qorasini qariyb butunlay o‘chirgan.
Yana aytishlaricha, Isroil quyoshida toblangan shubhali aft-angori va jinniligini ko‘rsatuvchi Rossiyaning shubhali ma’lumotnomasi bilan ahyon-ahyonda Moskvada paydo bo‘lib qolar emish u. Aytishlaricha, bu odamni huquqni himoya qilish idoralariga chaqirib so‘roqqa tutmoqchi bo‘lishibdi. Ammo hech natija chiqmabdi. Sababi u hamma savollarga birgina javobni qaytarib turaveribdi:
– Qizil dengiz Qora dengizga, Qora dengiz esa, O‘lik dengizga aylanib ketdi. Gefsiman bog‘ida ko‘rishguncha!
Bu bilan u nima demoqchi bo‘lganini hech kim tushunmaydi. Aftidan, Isroilning afzalliklariga ishora qilayotgan bo‘lsa kerak. Biroq qanday afzalliklarga? Mutlaqo tushunarsiz.
Aytishlaricha, uning bir xildagi javoblari joniga tekkan bir huquq posboni:
– Sizga Oxot dengizi yoqadimi? – deb so‘rabdi.
– Yoqmaydi, – debdi u pinagini buzmay o‘ta tabiiy ovozda.
Uning jinniligi haqidagi ma’lumotnoma atrofida ham har xil boshqotirar muammolar yuzaga keldi. Huquqni himoya qilish idoralari jinnilik haqidagi ma’lumotnomani u shifoxona bo‘yicha shartnomani imzolashdan avval yo keyin olganini aniqlashga uzoq va behuda urinishibdi. Biroq hech ham aniqlay olishmabdi. Ma’lum bo‘lishicha, uni jinoiy javobgarlikka tortish uchun buning ahamiyati katta ekan. Yana aytadilarki, mazkur ishga qandaydir katta huquqshunos, ustiga ustak, oddiygina emas, faylasuf huquqshunos aralashib, shunday debdi:
– Har ikki holatda ham uni jinoiy javobgarlikka tortib bo‘lmaydi.
– Nega?! – deb so‘rashibdi boshqa soddadil huquqshunoslar.
– Negaki, – deb javob qilibdi bu huquqshunos, – agar u ma’lumotnomani o‘sha shartnoma imzolanishidan avval olgan bo‘lsa, demak, shartnomani aqlidan ayrilgan holda imzolagan bo‘lib chiqadi. Aqldan ozgan odamni esa, jinoiy javobgarlikka tortish mumkin emas.
Basharti u aqlli muttaham bo‘lgani holda favqulodda foydali shartnomani imzolashga erishgan, shuning uchun uni javobgarlikka tortsa bo‘lardi desag-u, ammo bu sehrli shartnomaga qattiq suyunganidan bexos aqldan ozib qolgan bo‘lsa, endi uni yana jinoiy javobgarlikka tortib bo‘lmaydi-da. Jinni-da, jinni! Xullas, masala ahmoqlikning cheksizligi xususidagi gegelcha qarashlarga borib taqalyapti-da. Cheki-chegarasi yo‘q ahmoqlik esa, dardi bedavo hisoblanadi.
Bu hodisada bizning huquqni himoya qiluvchi idoralarimizga xos soddadillik-oqko‘ngillik odamni hayratga soladi. Rossiyada jinnilik haqidagi ma’lumotnomani soppa-sog‘ odam ham sotib olishi mumkinligi xayollariga ham kelmaydi ularning. Buning ustiga, hattoki g‘irt jinni ham o‘zining soppa-sog‘ ekanini ko‘rsatuvchi ma’lumotnomani sotib olishi mumkin bizda! Qay ma’lumotnomaning xaridorlari ko‘pligi ham noma’lum.
Bizning yirik amaldorlarimiz soppa-sog‘ligi haqidagi Rossiya ma’lumotlarini taxlab olib, jahonni izg‘igan ko‘yi u yerdagi boylardan lo‘lilarcha pul undirish payida bo‘lishadi. Qizig‘i, o‘shalar ba’zida pul berishadi. Biroq ayrim bezbetlari ma’lumotnomalar ko‘rsatilsa-da, pul bermaydilar. Shundan keyin bizning amaldorlarimiz Rossiyaga qaytib, o‘zlarining g‘azablarini yashirishga uringan holda:
– Biz, aslida, ularning pulini olmoqchi emas edik! Teshib chiqmaydimi! Burjuylarning naqadar ziqnaligi va hatto u yerda mehmondo‘stlikdan asar ham yo‘qligini xalqimizning ko‘ziga ko‘rsatish uchun atayin pul so‘ragan edik! – deya gap berib yuradilar.
Xullas, yana bir marta takrorlayman: shifoxonamizga bog‘liq gap-so‘zlar ko‘p. Rosti shuki, biz yozuvchilarni ichkariga xushlamayroq kiritishadi. O‘g‘il-qizlarimizni bo‘lsa, naq tayoq olib quvlagudek bo‘lishadi. Bosh shifokorni yer yutib ketdimi, qaydam, anchadan beri qorasi butkul o‘chdi.
Ha, biz yozuvchilarni ichkariga kiritishadi. Ammo eshik oldida, aniqrog‘i, uning ichkari tomonida qorovul turib olib yozuvchilik guvohnomamizni tekshiradi. Buyam g‘alati. Go‘yo begona odam yozuvchi qiyofasida shifoxonaga kiradi-yu yozuvchi sifatida bepul davolanib qo‘yadi. Shifokorning qabuliga kirguningizga qadar ro‘yxatxona atrofida ham anchagina o‘ralashishga to‘g‘ri keladi. U yerda yozuvchilar haqidagi hamma ma’lumotlar jamlangan. Yozuvchi emasmisan, pulini to‘la-da, istaganingcha davolanaver. Agar qorovul ana o‘sha begonalarning hamyonlarini tekshirib, ularning davolanishga pullari bor-yo‘qligini aniqlashtirganida edi, bu mantiqan asosli ish bo‘lar edi. Biroq buni ko‘rmaganman. Bas shunday ekan, savol tug‘iladi: qorovulga ne hojat? Azbaroyi asabi taranglashgan yozuvchilarning xunobini oshirib, kapalagini uchirish uchunmi?
Qisqasi, shifoxonaga reladorm undirgani boryapman. Avvaldan telefonda dorixona sotuvchisi ta’tildan qaytib kelganini aniqlab, har bir qadamimni o‘ylab bosib boryapman. “Ha, kelavering, ta’tili tugagan” deyishgan. Ichkarida o‘zimizning mo‘‘jazgina dorixonamiz bor-da.
Shunday qilib, shifoxonaga ketyapman. Metroda bormoqchiman. Shifoxonamiz metroning “Aeroport” bekati yaqinida joylashgan. Uning yonida yozuvchilarning uylari bor. Men ham ilgari o‘sha uylardan birida yashaganman. Qadrdon joylar.
Metrodan chiqib, muyulishda o‘zim taniydigan qari shoirga duch keldim. U qariligiga qaramay qo‘limni mahkam siqib deydi:
– Seni ko‘rmaganimga ko‘p bo‘ldi-ya! Zo‘r bir yangi doston yozdim! Qo‘lyozmani qay tahririyatga berganimni aytmayman. Tfu-tfu, ko‘z tegmasin deyman-da!
– Juda yaxshi, – deyman qo‘limni uning changalidan chiqarib olishga urinib. Qari, lekin changali mahkam! Tag‘in kimnidir qattiq eslatib turganiga nima deysiz.
– Gap bunda emas! – deydi u. – Sen menga amaliy yordam ko‘rsat-da! Mening suyanadigan hech kimim yo‘q!
– Men qanday yordam bera olar edim! – deyman. – Tahririyatlar bilan hech bir shaxsiy aloqam bo‘lmasa.
– Gap bunda ham emas! – deydi u. – Sen faqat “Falonchi zo‘r doston yozibdi!” degan fikrni tarqat! Shu birgina fikrni tarqataver!
– Albatta, – vazifamning yengilligidan suyunib javob qilaman. Mana, shoirdan uzoqlashib, shifoxonamizga kirib boryapman. Qorovulga yozuvchilik guvohnomamni, nima deymiz, lang ochib ko‘rsatdim-da, ust kiyimlarimni yechmasdan to‘ppa-to‘g‘ri dorixonaga yo‘l oldim. Dorixona ikkinchi qavatda joylashgan. Sotuvchisini ko‘pdan bilaman. U judayam olijanob ayol.
– Shifokorga kirib retsept yozdirib chiqing, – dedi u. Shu gapdan keyin tanish ruhshunosning huzuriga kirib bordim. Dorixonaga yondosh xonada. G‘amga botib o‘tiribdi. Avvallari shunaqangi quvnoq-xushchaqchaq ediki, naq porlab turardi.
– Namuncha xafa ko‘rinasiz? – deb so‘radim. – Bemorlar charchatib qo‘ydimi?
– Nima, sen hali eshitmadingmi? – savolimga savol bilan javob qiladi u. – Bu yerda hamma narsa o‘zgarib ketdi-ku. Yaqinda hammamizni haydab yuborarmish. O‘z shifokorlarini olib kelisharmish.
– Ha, bu gapni eshitdim, – deyman. – Yozuvchilar ham bu gapni eshitib xafa bo‘lishyapti. Ayrimlari hatto haqiqat qidirib yurishibdi.
– Ular haqiqat qidirib yurganida bu yerda hech birimiz qolmaymiz, – deydi u.
Men bu og‘riqli masalaga chuqurroq kirib o‘tirmadim. O‘z dardim o‘zimga yetarli-da. Shunday-shunday, menga uyqu dori kerak edi, dedim. Faqat albatta radedorm emas, reladorm! O‘tgan gal boshqa shifokor adashganmi, yo o‘zim faromushxotirlik bilan boshqacharoq aytib yuborganmanmi, menga reladormning o‘rniga radedormni yozib beribdi. Holbuki radedorm menga allaqachon ta’sir qilmaydigan bo‘lib qolgan. Uyqusizligim kuchayyaptimi, radedorm kuchsizlanib boryaptimi, bilmadim.
Rosti ham shu. Dorining bexos o‘zgarib qolganini hali bilib ulgurmagan birinchi kechada yanglishib darrov uxlab qoldim. Biroq keyin, dorining reladorm emas, radedormligini bilgach, uyqusizlikdan uzoq qiynaldim. Holbuki bitta emas, ikkita ichgan edim. Bundan tashqari, dorilarni ichganimdan keyin uch minggacha sanadim ham. Alam qiladigan joyi shundaki, uyquga ketganimdan keyin ham sanashda davom etaveribman!
Daf’atan miyamga bir fikr keldi: bu xatoning asl sababi boshqa yoqda bo‘lsa-chi? Balki menga reladormni to‘g‘ri yozib berishgandir? Biroq men o‘shanda dorini shahar dorixonasidan sotib olgan edim. Olishdan avval navbatda turuvdim. Tuynukchaga endigina yetib kelganimda oqbilakligi shundoqqina ko‘rinib turgan yoqimtoygina bir qiz g‘oyat tabiiy ravishda ko‘zyosh to‘kib men tomonga engashib dedi:
– Sevimli kuchukcham o‘lyapti, meni navbatsiz qo‘yvoring.
– Marhamat, – deya navbatsiz olishiga ruxsat berdim. Bir hisobdan uning ho‘ngrab yig‘lab yuborishidan qo‘rqdim.
– Yigirmata nina, – dedi u sotuvchiga. Sotuvchi qizga nafrat bilan tikilgan ko‘yi yigirmata ninani uzatdi. Qanaqa kuchukcha, yigirmata ninani nima qiladi?! Albatta, bu giyohvand qiz ularni o‘z hamtovoqlariga olgan! Mana, oqbilaklarcha rangparlikning tub sababi qayoqda! Qizig‘i – meni ochiqdan-ochiq aldab, zig‘ircha hijolat bo‘lmay ketdi-bordi. Ammo men dorixona sotuvchisining yuzida zuhur ko‘rsatgan sirli nafratni yaxshigina his qildim. Balki o‘z bolalarining taqdiridan xavotir olgandir? Nima bo‘lganda ham, ana o‘sha ninalar savdosida asabi buzilgani uchun menga bir uyqudorining o‘rniga boshqasini berib yuborgandir. Yaxshiyamki, u yanglishib mening qo‘limga abadiy uyqu dorisini tutqazib yubormadi.
– Mana men sizga aniq-tiniq “reladorm” deb yozyapman, – dedi shifokor, – faqat bizda hozir intizom kuchaygan. Ro‘yxatxonadan kartachangizni olib keling.
Ro‘yxatxonaga tushib, bir xodimadan kartachamni so‘rayman. Kasallik tarixi ularda shunday nomlanadi. Shunda ilgari hech qachon bo‘lmagan manzaraga ko‘zim tushadi – tuynukchaning ichkarisida kompyuter turibdi. Uning oldida bir ayol o‘tiribdi. Ro‘yxatxona xodimlari ham anchagina ko‘payishgan. Ularning hammasi qattiq hayajonda yugurib-elib, dasta-dasta qog‘ozlar orasida nimalarnidir qidirishmoqda.
Bizning tashkilotlarimizdagi qayta qurishning ulug‘ qonuniyati shundayki, ayni qayta qurish chog‘ida odamlar ko‘payib qolishadi. Men o‘z kartachamni topib berishni so‘ragan xodima ham uni uzoq qidirdi, axiyri topdi, biroq shunda ma’lum bo‘ldiki, Adabiyot jamg‘armasida qayta ro‘yxatdan o‘tganim haqidagi qayd kartachamda yo‘q ekan. Ammo avvalgi gal ayni shu masalada janjal bo‘lib, men xotinimdan Adabiyot jamg‘armasiga borib, meni qayta ro‘yxatdan o‘tkazib kelishni iltimos qilgan edim. Xotinim mo‘maygina pul to‘lab buni qildirgan edi.
Eng muhimi, men ehtiyot yuzasidan Adabiyot jamg‘armasining yangi guvohnomasini o‘zim bilan olgan edim. Men bu ayolga o‘z guvohnomamni ko‘rsatib, qayta ro‘yxatdan o‘tganimni tushuntirmoqchi bo‘lyapman. Ammo u guvohnomadan ko‘zini olib qochyapti va hatto biroz qizaryapti. Uning uchun bu ma’lumotlar ichki tarmoq orqali o‘zlariga yetib kelmagani muhimroq ekan.
– Agar men kartachangizni berib yuborsam, – dedi u titroq ovozda shivirlab, – sizni davolashga sarflangan pulni mendan undirishadi.
Mana, biz shu darajaga bordik! Hoynahoy qandaydir choychaqa oladigan bu yoshi ulug‘ ayolni qanaqasiga xafa qilishim mumkin!
Men bu ayolni xafa qilgandan ko‘ra, yaxshisi, o‘sha uyqudorisiz ming bir kecha uxlamay qo‘ya qolaman!
Xafa qilmoqchi emasman, albatta, biroq biz qayta ro‘yxatdan o‘tganimizni qayta-qayta uqtirdim. Ayol qandaydir ro‘yxatlarni uzoq ko‘zdan kechirdi va hatto kompyuterda ishlayotgan ayoldan ma’lumotlarni yana bir karra tekshirib ko‘rishni iltimos qildi. Ahmoq kompyuter lip-lip qildi-da, men haqimdagi ma’lumot o‘ziga kelib tushmaganini ma’lum qildi. Ammo bu tirishqoq ayolning o‘zi mening ismimni qandaydir tashlandiq ro‘yxatdan topib oldi.
– Hujjatingizni men o‘zim olib kirib beraman, – dedi ayol. – Hozir bizda intizom kuchli. Bemorning qo‘liga bermaymiz.
Men yana ikkinchi qavatga zing‘illab chiqib ruhshunosning huzuriga kirdim. Bu gal menga ma’lum qilingan “kuchli intizom belgi”lariga yana bir intizom namunasi qo‘shildi. Ma’lum bo‘lishicha, endi bir qo‘lga ikki o‘ram – yigirma donagina hapdori beriladigan bo‘libdi.
– Bu oz-ku, – mungli ovozda deyman unga, – sal o‘tmay yana kelamanmi?
– Sen xotiningning kartachasini olib kel, men unga ham yozib beray, – dedi u o‘ziga xos qahramonlik ko‘rsatib.
Men pastga chopqillab tushib ro‘yxatxonadagi ayolga shifokor xotinimning kartachasini ham so‘rayotganini aytdim.
– Mayli, – deya rozi bo‘ldi u, – biroq endi bizda intizom kuchaygan: biz xotinning kartachasini eriga berolmaymiz. Unga aytingki, kartacha ko‘targichga qo‘yiladi.
Men shifokorni band qilishlari, o‘ziyoq qaygadir gumdon bo‘lishi, natijada uni kutib qolishimdan qo‘rqib ikkinchi qavatga uchib chiqdim. Ayni chog‘da, aftidan, asosan boylarning kartachalari taxlab qo‘yiladigan o‘zimga notanish “ko‘targich” qaerda bo‘lishi mumkin deb o‘yladim.
Shifokor joyida ekan. Nihoyat, u menga ikkita retsept berdi. Men tag‘in birinchi qavatga yugurib tushdim-da, retseptlarni ro‘yxatxonadagi ayolga berdim. U har ikkisiga hafsala bilan muhr bosdi.
Tepadagi dorixonaga yugurib chiqayotgan edim, kutilmaganda kiyimxonadagi ayol ortimdan qattiq qichqirdi:
– Ust kiyimingizni yechib keting, janob! Bizda hozir intizom kuchli: albatta yechinish kerak!
Ko‘rib qoldi! Hushyor tortdim! Tezda yechinib, raqamni qo‘limga oldim. Shu asnoda nima uchun hayotimda birinchi marotaba shifoxonada ust kiyimda charx urib yurganimni daf’atan anglab qoldim. Avvallari bu yerga kelganimda hamisha ust kiyimimni o‘zim yechar edim. Masalaning nozik tomoni shundaki, avvallari bu yerda o‘zimni qadrdon dargohga keldim deb his qilar edim. Endi esa, tezroq bu yerdan chiqib ketishga bo‘lgan ichki ishtiyoq meni kiyimimni yechmasdan qavatlar oralab yugurgilashga majbur qildi. Darvoqe, o‘zim tobora oshirayotgan tezlikka ham asosiy sabab mana shunda edi: tezroq, tezroq, tezroq!
Endi dorixonadagi ayol uyoq-buyoqqa chiqib ketishidan xavotirlanib tag‘in ikkinchi qavatga chopqilladim. Biroq u o‘z joyida ekan. Men unga muhr bosilgan retseptlarni uzatdim. U menga to‘rtta hapdorilar o‘ramini berdi. Men haqini to‘ladim-da, dorini qo‘yin cho‘ntagimga ehtiyotlab solib qo‘ydim. Chunki endi uning tashqi cho‘ntagimdan bexos tushib qolishidan qo‘rqar edim.
Oqshom to‘shakka yotish oldidan bir donagina reladormning sharofati bilan uyqumni chaqira olaman, degan fikr mening g‘ayratimga g‘ayrat qo‘shdi. Kunni qanchalik bardamroq o‘tkazsang, tunda yaxshi uxlashga shunchalik ko‘proq ishonch bo‘ladi. Mening quvonchga yo‘g‘rilgan g‘ayrat-shijoatim qoradorini qo‘lga kiritgan giyohvandning ruhiy holatiga o‘xshab ketmaydimi mabodo? Yo‘q, deb hushyor xulosa chiqardim o‘zimcha, kechqurun dori ichishim mumkinligidan shu topda, ertalab suyunyapman. Giyohvand bo‘lsa, aftidan, bir necha lahzalardan so‘ng sarxush holatni boshidan kechirishi mumkinligidan suyunadi. Metroning yo‘lida tomchilab boshlagan yomg‘ir ostida devorga suyanib o‘tirgan gadoyga ko‘zim tushdi. Ajabo, nega men uni shifoxonaga ketayotganimda ko‘rmadim ekan? Gadoyning yonida bir bolakay turibdi. Men cho‘ntagimga qo‘l suqib, bir hovuch chaqalarni oldim-da, nimagadir ularni erkakning emas, bolakayning hovuchiga to‘kdim, holbuki erkak menga yaqinroqda o‘tirgan edi. Bolakay chaqalarni shu zahotiyoq erkakka berishini yaxshi bilsam-da, o‘zimga shunisi yoqimliroq tuyuldi. Agar bu erkak bolakayning otasi bo‘lmasa ham, aqalli uni yaxshiroq qadrlay boshlaydi-ku.
Ulardan uzoqlashar ekanman, o‘ylab qoldim: mening bu kichkina saxovatim undirilgan uyqudori quvonchining alomati emasmi? Qimorboz mo‘maygina yutuqdan keyin darbonga yuz so‘mlikni xuddi shunday ehson qilib yubormaydimi? Bunisini Xudo biladi.
Yaqinda o‘zimizning yozuvchilar dala-bog‘i bo‘ylab sayr qildim. Dam ko‘cha-ko‘yga, dam dala-boqqa ko‘z tashlab, go‘yoki uni bemalol qorovullagan ko‘yi sayr qilyapman. Kutilmaganda faqirona kiyingan bir notanish kishi omonat eshikchamizni ochib ichkariga kirib keldi. Bir og‘iz so‘ramasdan o‘tib, yo‘lakdan yurmay, to‘siq bo‘ylab o‘sgan butazor tomonga burildi.
G‘oyib bo‘ldi. Men o‘zimcha o‘ylab qoldim: kim bo‘ldi bu odam? Nega ruxsat so‘ramay bog‘imizga bemalol kirib keldi? Axiyri o‘zimcha taxmin qildimki, bu odam azbaroyi yo‘lni qisqaroq qilish uchun dala-bog‘imiz orqali boshqa dala-boqqa o‘tib ketmoqchi bo‘lgan. Ammo u holda nega endi to‘siq bo‘ylab o‘sgan butalarga qarab ketdi?
Sayr qilishda davom etyapman. Chamasi qirq daqiqalardan so‘ng u qo‘lida qo‘ziqorin to‘ldirilgan yelimxaltani ko‘targanicha butalar orasidan chiqib keldi. O‘zimcha fahmladim: gadoy, ochiqqan!
Yuzida sovuqqon bir qat’iyat ifodasi zuhur ko‘rsatgancha u go‘yo mening savollarimga chap bermoqchidek eshikchamizni tag‘in dadil ochdi-da, ko‘chaga chiqdi-ketdi. Men jimgina kuzatib turaverdim. U eshikchani yopish oldidan menga qattiq tikilib ovozi boricha e’lon qildi:
– Yaqinda hech vaqo qolmaydi!
Shunday deb qorasini o‘chirdi. Bunaqangi oxirzamonni bironta nabiy bashorat qilolmagan! Atrof-javonibda esa, boylarning tosh-metin devorlar bilan o‘ralgan, qulf solingan temir darvozali dala bog‘ va qasrlari qad rostlab turibdi, go‘yo tez orada feodal jangi boshlanishini kutib turgandek.
Darvoqe, feodallik taassurotlari to‘la bo‘lishi uchun... Dala-bog‘imiz bo‘ylab sayr qilar ekanman, yangi qasri oliylarning egalaridan biri tosh qo‘rg‘onining tashqarisidagi so‘rida ayiq bolasini o‘ynatib o‘tirardi. Kichkintoy ayiqcha chalqancha yotibdi, egasi esa, uning qornini qashiyapti!
– Bir yildan keyin siz bu mahluq bilan qanday muomala qilasiz? – o‘zimni tutib turolmasdan qiziqsindim men.
– Bir yilga qolmay kabob bo‘lib ketadi, – boshini ko‘tarmagan ko‘yi bahuzur g‘ingshiyotgan ayiq bolasining qornini qashishda davom etgancha bajonidil javob qildi xo‘jayin.
Shunday qilib, qo‘ziqorin teruvchi ko‘zdan yo‘qolganida o‘zimcha o‘ylab qoldim: qachonlardir u o‘sha yelimxaltasi bilan bu yerga qaytib kelib, biroq uni portlovchi moddaga to‘ldirib olib kelib, bu qo‘rg‘onlardan birini portlatib, bo‘shagan yelimxaltasiga boyvachchalarning qo‘ziqorinlarini terib ketmasmi ekan?
Metroga kiraverishda yana o‘sha qari shoirga ro‘para keldim. Bechora shunaqangi aftoda kiyinganki, agar devorga suyanib tursa, sadaqa berish kerak degan fikr uyg‘onadi. Uning g‘ayrat-shijoatini e’tiborga olsangiz, ahvol ham ayanchli, ham kulgili edi.
Uning yuzida tag‘in shodlig-u hayrat zuhur ko‘rsatdi. Garchi men “Aeroport”dagi yozuvchilar uyida besh yildan buyon yashamayotgan bo‘lsam-da, u, aftidan, ko‘chada juda kam uchrashib qolishimizni biron ko‘ngilsiz kor-hol bilan bog‘liq deb biladi. Shu bois menga tashlanib, qo‘limni yana-da qattiqroq qisdi:
– Ko‘pdan beri seni ko‘rmayman-a! – deya xitob qildi u. – Qayoqqa yo‘qolib ketding? Men bo‘lsam, zo‘r bir doston yozdim! Senga bajonidil o‘qib berardim, biroq shoshib turganga o‘xshaysan. Jurnalga topshirib qo‘yganman. Qay jurnalligini aytmayman. Ko‘z tegmasin deyman-da!
– Juda yaxshi, – deyman men unga, qo‘limni xalos qilishga urinar ekanman. Qari, lekin qo‘li burgutning panjasidek. Bizning boshimizga yog‘ilgan muhtojlik balosiga qaramay, aftidan, hali ham uning boquvi yaxshiga o‘xshaydi.
– Menga yordam qil, – deydi, – meni suyaydigan hech kim yo‘q!
– Men qanday yordam bera olaman, – uqtirmoqchi bo‘laman unga, – mening tahririyatlar xodimlari bilan hech qanday shaxsiy aloqalarim bo‘lmaganidan keyin...
– Bunisi hech gap emas, – deydi u, – sen faqat mening zo‘r doston yozganim haqidagi fikrni butun Moskvaga ovoza qil! Hozir yangi davr. Targ‘ibot hal qiluvchi ahamiyatga ega!
– Albatta! – deyman zimmamga yuklanayotgan vazifaning osonligiga, ayni chog‘da, uning o‘zi qo‘limni changalidan bo‘shatganiga suyunib.
U mening boshim uzra qarab, aftidan, garchi qari bo‘lsa-da, burgutnikidek ko‘zlari bilan boshqa yozuvchini ko‘rib qoldi. Agar shunday bo‘lsa, endigi suhbatni osongina tasavvur qilish mumkin.
Men tahririyatga borish uchun metroga tushdim. Nafaqa daftarchamni ko‘rsatmagan holda nazoratchining yonidan o‘tib ketdim. Ajablanarli holat: nazoratchilar mening nafaqada ekanligimga nechog‘li qat’iyroq ishonch hosil qilganlari sayin bu menga shunchalik yoqmaydi.
“Hoy, amaki! Chiptasiz qayoqqa ketyapsiz?” – aftidan, men bu savolni endi hech qachon eshitolmasam kerak. Ammo yutuqlar ham bor. Menga, masalan, metroda yoxud trolleybusda hech kim joy bo‘shatib bermaydi. Aftidan, nogironlik alomatlaridan xoli bo‘lgan sog‘lom nafaqachilik. Yoki ko‘ngilchanlikdan xoli bo‘lgan sog‘lom yoshlar?
Bittami-ikkita bekatdan keyin vagonga oldidagi kasalmand bola yotgan aravachani itargan ko‘yi tilanchi ayol kirib keldi. Balki rostdan kasalmanddir. Buni bilishning iloji yo‘q edi. Men achinish hissini qariyb tuymagan holda o‘zimda qolgan choychaqalarni sadaqa qildim. Aniqrog‘i, birinchi sadaqamning taassurotlarini xiralashtirmaslik uchungina yana sadaqa berdim. Qilgan bir yaxshiligingiz o‘z-o‘zidan yana bir yaxshilik qilishga undaydi-da, axir. Umuman, eng ishonchli yaxshilik odatga ko‘ra qilinadigan yaxshilikdir.
Tahririyatda muharririm bilan ikki soatcha ishladim. Ishimizni tugatganimizda menga qahva taklif qilishdi.
– Rahmat, – minnatdorchilik bildirdim men, – asabim juda zo‘riqdi.
Aslida ham shunday. Biroq bu holatni oshkora tan olish katta xato edi. Odatda qahva taklif qilishganidan keyin bir-ikki qadah kon’yak bilan ham siylashardi. Ammo bu gal menga kon’yak taklif qilishmadi. Aftidan, usiz ham asabi zo‘riqqan deb o‘ylashdi, shekilli-da. Shu topda bir qadah kon’yak yomon bo‘lmasdi. Qanaqa ahmoqona iqror bo‘ldi bu: “Asabim juda zo‘riqdi”! Balki, bu bizning rossiyaliklarga xos kasalimizdir – tushkunlikka soluvchi asabiy zo‘riqish? Kon’yak uni yaxshi tinchlantiradi.
Asabi juda zo‘riqqanmish! Qanaqa ojizalarcha til! Qanaqa yovvoyilarcha oshkoralik! Bu hatto madaniyatsizlik! Bunaqangi iqrorni eshitgan odamlar nima qilsin? Sapchib tushsinmi?!.
Adabiy badgumonlikka ega odam o‘zicha, kon’yak taklif qilishmadi-ya, deb o‘ylagan bo‘lar edi. Aftidan, ularning nazarida, mening qo‘lyozmam kon’yak ko‘rinishidagi qo‘shimcha qiymatga arzimaydi, shekilli? Biroq o‘zim nodonlik qilib “asabim juda zo‘riqdi” dedim-ku.
Tahririyatdan endigina chiqqan edim, qasam ichib aytamanki, mubolag‘a qilmayapman, menga tag‘in o‘sha qari shoir yuzma-yuz kelsa bo‘ladimi! U ayni shu tahririyatga shoshilib kelayotgan ekan. Haligina uchrashganimizni tag‘in unutib qo‘yibdi. Biroq mening o‘zimni unutib qo‘ymagani hayratlanarli. Har qalay, yigirma yil bir uyda yashaganmiz-da. Anchadan beri ko‘rishmaganimiz ham, yozib bitirgan yangi dostonining zo‘r asarligi ham, u haqda fikr tarqatishim zarurligi ham – hamma-hammasi tag‘in bir karra takrorlandi.
– Ammo dostonni qay tahririyatga berganimni sendan yashirib o‘tirmayman, – dedi u boshi-yu qoshi bilan tahririyat binosiga imo qilib. – Sen bunga aqling yetmaydigan darajada ahmoq emassan-ku. Biroq biz – shoirlar irim-chirimlarga ishonuvchan xalqmiz-da.
Men bir karra yo‘l qo‘ygan qo‘pol xatomga qattiq afsuslanib, o‘zimni yozg‘irdim:
– Asab zo‘riqqan, – beixtiyor ovoz chiqarib shunday deya zaharxanda qildim-da, aytishim bilan hushyor tortdim.
– Kimning asabi, muharrirningmi? – qari shoir ham sergak tortdi.
– Yo‘q, – aniqlashtirdim men, – asr oxirining.
– Boshimni qotirmay tur, – dedi qari shoir, – meni jiddiy suhbat kutyapti. Ammo fikr tarqatishni unutma!
Shu bilan biz xayrlashdik va shu kuni boshqa uchrashmadik. Tahririyatdan keyin men tag‘in metroga yo‘l oldim. Metro yo‘lidagi markaziy ko‘chalardan birida ketayotgan edim, tuppa-tuzuk kiyingan bir qiz yonimga keldi-da:
– Biz cherkovga ehson yig‘ib yuribmiz. Marhamat, ehson qiling! Evaziga manovi yopishtirmani beramiz, – dedi.
U qo‘lida ustiga allaqanday rangli suvrat yopishtirilgan kaftdekkina qalin qog‘ozni ushlab turar edi. Men hatto bu suvratlarga diqqat qilib qaraganim ham yo‘q. Baribir ko‘zoynaksiz yaxshi ko‘rolmayman. Ko‘zoynakni cho‘ntagimdan olib taqib qarashga hafsalam ham, xohishim ham yo‘q edi.
Nimagadir ayni shu lahzalarda sillam qurib, qariyotganimni his qildim. Qiz “Cherkovga!” deya shunaqangi xokisorona iltijo qilib turibdiki, e’tiborsiz qoldirishga uyaldim-da, hamyonimni chiqarib, unga o‘n so‘m berdim.
– Manovini olmaysizmi? – deya eslatdi u.
– Kerak emas, – deb javob qildim-da, ayni lahzalarda qarilik rostdan ham zabtiga olayotganini ich-ichdan his qilgan ko‘yi o‘zimni metroga urdim... Cherkov – kambag‘allarning foizi narigi dunyoda olinadigan banki. Bank – boylarning Xudosi seyfga qamalgan cherkovi.
Metroda anchagina uzoq yo‘l yurishim kerak. Shunday bo‘lsa ham, metroda menga, Xudoga shukur, hech kim tirg‘algani yo‘q. Faqat qandaydir kayfi bor ishchi vaqti-vaqti bilan ko‘zi ko‘zimga tushganida – shundoqqina ro‘paramda o‘tirgan edi – tashqariga birga chiqib ichmaymizmi degan ma’noda ishora qilgan ko‘yi xushnudlik bilan ko‘zini qisadi... Gohida ishchilar ziyolilarga talpinishini ancha avval sezganman. Qachonki, boshqa birov bilan ichishning iloji bo‘lmaganida.
Darvoqe, o‘smirligimdayoq inqilobdan avval markschilarning ishchilar bilan yerto‘lalardagi pinhoniy uchrashuvlari xususidagi maroqli hikoyalar meni qattiq hayratlantirar edi. Ularda jandarm bostirib kelib qolganida boplab aldashga qaratilgan bir aqlli tadbir alohida qayd etilar edi. Yashirin tashkilotchilar ichkilik bilan gazakni tayyorlab qo‘yishardi-da, “Mana, jimgina ichib-gazak qilib o‘tiribmiz, nima gap?” deya anqovsirashar edi. Aslida ular “Pravda” gazetasini o‘qishar edi. Ammo hammasidan qizig‘i, mana, qarang, nimada edi: jandarm bostirib kelganmi-yo‘qmi, qat’i nazar, bu voqealar bayonida o‘sha ichimlik bilan gazaklar qayoqqa, qay tarzda gumdon bo‘lgani xususida hech qachon lom-mim deyilmas edi.
Albatta, ular bahuzur ichkilik ichib, gazak qilib o‘tirishgan. Zotan, markschilarning ayyorligi shunda ediki, ular inqilobiy adabiyotlar bilan tanishtirish maqsadida ichkilik-u gazaklar orqali ishchilarni o‘zlariga jalb qilganlar. Ishchilarning ayyorligi esa, shunda bo‘lgan ediki, ular go‘yo inqilobiy adabiyotlar bilan qiziqayotgandek bo‘lib, aslida teppa-tekin ichkilik bilan gazakka ishqiboz bo‘lishgan. Mana shuning natijasida inqilobchilar bilan ishchilar o‘zaro qattiq bog‘lanib qolishgan. Ishchilar markschilarni ichishga o‘rgatganlar. Markschilar esa, buning uchun minnatdorchilik sifatida ishchilarni ular yer yuzidagi eng qudratli insonlar ekanligi (“proletariat diktaturasi”)ga ishontirganlar.
Eng birinchi markschi “Pravda” gazetasini qo‘liga olib ochar ekan, ishchi aroqni qadahlarga quyayotganini ko‘rib:
– Keling, avval gazetani o‘qiylik, ana shundan keyin ichishingiz mumkin, – degan bo‘lsa kerak.
– Yo‘q, – degan bo‘lsa kerak o‘shanda mehnatda toblangan ishchilar, – biz bir paytning o‘zida ham ichaveramiz, ham gazeta tinglayveramiz.
Agar o‘sha eng birinchi markschi:
– Nega? – deb so‘ragan bo‘lsa, tegishli javobini olgandir:
– Agar jandarm bostirib kirib, “Qani, uf de-chi!” desa, nima, biz Sibirga ketaveramizmi?
O‘z qadahini aroq shishasiga tutar ekan, o‘sha eng birinchi markschi: “Qanchalik aqlli-ya bular! Albatta, kelajak ishchilar sinfiniki-da!” deb o‘ylagan bo‘lishi mumkin. Mana shunaqa qilib, kayf ustida birgalashib inqilob qozonini qaynatib yuborganlar. Ichimlik saqlanadigan yerto‘lalarga hujum inqilobning o‘ziga xos xususiyati bo‘lib qolgan. Bu hol jamiki xotiralarda qayd etilgan. Inqilob chavandozlari hattoki Qishki Saroyni ishg‘ol qilganlarida ham birinchi galda ichkilik saqlanadigan yerto‘lalarni qidirganlar. Bechora Kerenskiy bundan foydalanib qochib qolgan.
Xullas, ishchilar markschilarga ichishni o‘rgatgan, markschilar esa, ishchilarni “Siz yer kurrasining egasisiz” deb ishontirishgan. Ammo oxir-oqibatda har ikki tomonning ustidan aroq g‘alaba qozongan-da, Sovetlar Ittifoqi parchalangan. Tirik qolgan aholi esa, qahramonlarcha ichishda davom etmoqda.
Darvoqe, bir aqlli odam aytganki, aslida hech qanday inqilob bo‘lmagan, faqat aksilinqilob bo‘lgan! Bu gap bizning mamlakatimiz tarixini shunaqangi aniq aks ettiradiki!.. Hattoki millionlab begunoh jonlarning qurbon berilganini hisobga olmagan taqdirda ham, inqilob Rossiyaga amalda nima berdi? Kolxozlar shaklidagi krepostnoy huquqini qaytarib berdi – shu! Aynan shunaqa bo‘ldi.
Xullasi kalom, metro vagonida ketyapman, ro‘paramda o‘tirgan yarim sarxush ishchi bo‘lsa, yer yuziga chiqib, birgalikda ichishga da’vat qilgan holda menga xushnudlik bilan ko‘zini ma’noli qisyapti. Men o‘z qarashlarim bilan uning imosini mutlaqo tushunmayotganimni anglatmoqchi bo‘ldim. Hatto o‘zimni xorijdan kelgan mehmon deb ko‘rsatishga urindim.
Bu ko‘zini qisib turgan ishchi menga Mixail Bulgakovning qahramonlaridan birini eslatib yubordi. Yaqindagina uning mashhur “Usta va Margarita” romanini qayta o‘qib chiqqan edim. Shu topda asarning butun bo‘y-basti yorug‘ yoz kunidagidek ko‘z oldimda aniq-ravshan namoyon bo‘ldi.
Ulug‘, ayni chog‘da, gunohkor kitob bu! Bu kitobning gunohkorligi shundaki, muallif iblisning qanchalik ulug‘ligini ko‘rsatmoqchi, ko‘rsatganda ham, o‘ziga yetgulik havas-u ishtiyoq bilan ko‘rsatmoqchi bo‘ladi. Asarda shayton rahmonning o‘ziga xos o‘rinbosari sifatida harakat qiladi. Holbuki iblisi lain Xudoning eng birlamchi dushmanidir.
Sovet byurokratlarining masxarasini chiqarib yengil mutoyibali va achchiq zaharxandali kulgu uyg‘otishni badiiyatga zarar yerkazmagan holda ham uddalash mumkin edi, agarki muallif nozik va o‘zigagina xos kinoya-piching orqali o‘quvchiga asardagi iblis shartli qahramon ekanligiga ishora qilganida. Bu qahramon hech qanday iblis emas, balki aqlini yeb qo‘yganlar dunyosidagi oddiygina esli-hushli inson.
Oliy, falsafiy ma’noda bu yerdagi shaytonga jiddiy munosabat nodonlarcha munosabatdan boshqa narsa emas. Qaerdaki muallif iblisga aniq-ravshan jiddiy munosabatda bo‘lsa, asarning ayni shu joylari zerikarli va badiiyatdan yiroq.
Ammo roman buyuk asar, chunki uning zamirida hayotni qanday bo‘lsa shundayligicha qamrab olishga, go‘yoki butun yer kurrasiga yuksaklikdan turib nazar tashlashga urinish bor.
San’atkorning yurak yolqinidan tug‘ilgan ajoyib lirik ohang va go‘zal kulgi muallifning o‘zini qurshagan hayotdan naqadar yuksak turishini namoyish etadi. Dastlabki ikki bob san’atkorona yozilgan. Keyingi boblarda ham go‘zal sahifalar bor. Ammo gunoh o‘z kuchida qolgan. Margaritaning alvastiligi g‘ashga tegadigan darajadagi feminizmning go‘yoki narigi dunyoda jazavaga tushishidan boshqa narsa emas.
Bulgakov va u o‘zining piri deb hisoblagan Gogolning shaytanat olamiga mahliyolarcha qiziqishi tasodifiy hodisa emas edi, albatta.
Har ikkisining dahshatli, ayanchli o‘limidagi o‘xshashlikni qarang. Tasodifmi bu? Bilmadim. Sevimli ayolning nazokatli g‘amxo‘rligi Bulgakovning o‘limini-ku, o‘ziga xos tarzda nurlantirib turibdi. Bechora Gogol!
Yaxshi kitob o‘quvchini sarxush qiladi. Yomon kitobni o‘qiganingizdan keyin tozalanib-poklanish uchun darhol miyangizni spirtga chayqab olishni istab qolasiz. Men shunday qilaman ham...
Haqiqiy she’rni tagma’nolarga yetib bormasingdan turib undagi haqiqat epkinidanoq tanib olish mumkin. Ana o‘shanda bu she’rdagi texnik nuqsonlar (agar ular bor bo‘lsa), ikkinchi darajali ekanini o‘zingiz tushunib olasiz.
Svetaeva va Mayakovskiy she’rlari ulkan iste’dod bilan bitilgan, ayni chog‘da, go‘yoki avval-boshda yosh o‘quvchiga mo‘ljallab yozilgan. Ular xuddi “Yuz metrni yugurib o‘tolmaysanmi, mening she’rlarimni o‘qib ovora bo‘lmay qo‘ya qol!” deya uqtirayotgandek!
Pushkin yoshlikka donolik baxsh etib, qarilikni yashartiradi. O‘limning ichida ham kulgi barq urib turadi. Zargarona ish!
Ikki boshli burgutning qulayligi shundaki, har bir bosh “Men uchun ham narigi bosh o‘ylayapti” deb o‘ylaydi.
Biz “Sotsializmning vayronasini kapitalizmning xarobazoriga aylantiramiz” degan shior ostida yashab turibmiz.
Sharmandalikning saviyasi yuksalmoqda!
Sahroda ayuhannos solishdan avval u yerda aqalli bittagina vodiy yaratib qo‘y!
– Xudo yo‘qmi, bilganingni qilaver!
– Bu odobdan emas-ku!
– Demak, bilganingni odob bilan qilaver-da!
Iuda – Iso alayhissalomning odam tanishdagi xatosi.
Bir odam shunday aqlli gap aytgan ekan: miyaga yaxshi fikr kelibdi, biroq uning bo‘m-bo‘shligini ko‘rib qaytib ketibdi.
“Qarg‘aga to‘pdan o‘q otib bo‘lmaydi” deydilar. Bu gapni aytayotganda jonivorga rahm-shafqat bilan qarash kerakligi hech kimning xayoliga kelmaydi.
Yo‘qsullik uni mag‘rurlikka o‘rgatdi.
Agar har qanday hokimiyat Xudoning xohishi bo‘lsa, har qanday Xudo ham hokimiyatning xohishi.
Yaxshilik qilishga moyil odam aqidalar bilan hisoblashib o‘tirmaydi va har qanday yiqilganning oyoqqa turib olishi uchun unga yordam qo‘lini cho‘zadi. U “Yiqilgan bunga loyiqmi?” deb o‘ylab o‘tirmaydi. Yiqilib ko‘makka muhtojmi, demak, ko‘makka loyiq!
Televizor ko‘rishning eng gashtli tomoni shundaki, uni o‘z qo‘ling bilan o‘chirib qo‘ya olasan.
Qariyapman. Halitdan bu dunyo haqida xuddi o‘smir-o‘g‘il haqida o‘ylagandek miskinona va mahzunona xayollarga cho‘maman: ertaga mensiz uning holi ne kechar ekan-a?
Xudojo‘y hayotga tish-tirnog‘i bilan yopishib olmagan, chunki jannatdagi qo‘shimcha shodliklardan umidvor. Binobarin, bu hayotda xudojo‘y bilan til topishish oson, bu hayotni yaxshilash ham oson.
Nabokov – ildizi tuproqqa taralmagan yozuvchi. Uning eng yaxshi asarlari gidroponika (tuproqsiz, ozuqa moddalar eritmasida o‘stirilgan o‘simlik)ga o‘xshaydi. O‘ylab o‘yingning tagiga yetolmaysan: nahot kelajakning san’ati shunday bo‘lsa?
Daho – yulduz yulduz bilan tillashadi.
Yozong‘ich – yulduz oy bilan tillashadi.
Tovlamachilik uning ikkinchi tabiatiga aylangan paytda birinchi tabiati qayoqqa qaradi ekan-a?
Tubsiz choh ustidagi aqlning mustahkam tayanchi – badiiy asarning shakli aynan mana shu, bundan boshqa narsa emas.
Yozuvchilik ishidagi eng ulkan rohat-farog‘atni shaxsan men ijod jarayonida his qilmayman. Ilhom yoqimli, lekin qiynoqli holat. Mana, deylik, men bir asar yozdim-da, yaxshi yozdim deb hisobladim. Uxlagani yotdim. Ertasiga ertalab ishning eng yoqimli qismi – qoralamani tozalash boshlanadi. Bu ish jazirama yoz chog‘ida muzdekkina apelsinning qobig‘ini archilashga o‘xshaydi.
Bir bekatga boshqa odamlar qatorida qo‘lida og‘irgina to‘rva ko‘targan anchagina yoshi ulug‘ ayol kirib keldi. Bo‘sh o‘rin yo‘q edi, shuning uchun men o‘rnimni bo‘shatib, uni o‘tirishga taklif qildim. Tabiiyki, o‘zimning xorijdan kelgan mehmonligimni ko‘rsatuvchi imo-ishoralarni unutib, rus tilida taklif qildim.
– Keragi yo‘q! – dedi kutilmaganda ayol va menga shunaqangi malollanib qaradiki, go‘yo men o‘zimning yoshimdan o‘n yilni olib tashlab, uning bo‘yniga o‘n besh yilni namoyishkorona osib qo‘ygandek.
Men yana bir marta o‘tirishga taklif qildim. Biroq ayol bu gal hech nima demadi. Faqat to‘rvasini oyoqlari oldiga qo‘ydi. Men go‘l bo‘lib tik turaverdim.
– O‘tirsang-chi, yigit! – dedi anovi ishchi. – Bu ayol hali gijinglab yuribdi-ku! Tik turaveradi-da!
Ajabo, ayol ishchining o‘zini xalqona tilda qirchang‘iga emas, tulporga mengzaganiga mamnun bo‘lib, unga jilmayib qaradi.
Men bir qadar gangib joyimga qayta o‘tirdim. Anchadan beri meni “yigit” deyishmagan edi. Ammo, boshqa tomondan olib qaraganda, ayol meni o‘ziga joy bo‘shatib berishga juda qarilik qiladi, deb hisobladi-ku. Shu payt qarasam, shirakayf ishchining ko‘z qisib-bosh chayqab imo qilishlari battar avjiga chiqyapti. U nafaqat meni tepaga ko‘tarilib ichishga, o‘ziga kulib qaragan anovi ayolni ham birga olib chiqishga chaqirib imo-ishora qilayapti.
Menga tinchlik kerak, shuning uchun navbatdagi bekatda tushib qoldim. Keyingi poezdni kutdim-da, unga kirib o‘tirdim. Ikki yoshgina ayol men bilan yonma-yon o‘tirishdi. Bir-birlari bilan uzoq ko‘rishmagan eski qadrdonlardek ko‘rgan-boqqanlarini aytib tugatisholmayapti.
– Shu yozda mening boshimga tushgan ko‘rgilikni aytsam!.. Qo‘rqqanimdan naq o‘lib qolay dedim! – dedi ulardan biri qattiq orziqib.
– Nima bo‘ldi? – entikib so‘radi ikkinchisi.
– Kechqurun parkda aylanib yurgan edim, bezorilar zo‘rlab ketishsa bo‘ladimi! Naq o‘lib qolay dedim. Avvallari ko‘p marta bemalol sayr qilib yurganman, hech gap bo‘lmagan. “Ko‘za kunda emas, kunida sinadi” deganlaridek, ko‘rmaysanmi!..
“He, ahmoq”, deb o‘yladim men. Bizning bezovta-behalovat zamonamizda kechasi yolg‘iz o‘zing parkda balo bormi? Aslida, bu ayol o‘zini zo‘rlashlarini xohlagan bo‘lsa kerak!.. Ularning gaplarini boshqa eshitishni istamadim.
O‘z bekatimgacha borib, metrodan chiqdim-da, uyga yo‘l oldim. O‘zimning qadrdon ko‘chamdagi yo‘lak bo‘ylab odimlar ekanman, qarasam, ikki nafar yoshgina yigit menga peshvoz yurib kelyapti. Tag‘in deng, mendan ko‘z uzmagan ko‘yi jilmayib kelyapti!
Bir zumda ko‘nglimni miskinona o‘ylar tark etib, nekbinlarcha o‘ylar chulg‘ab oldi. Albatta, bu yigitlar mening o‘quvchilarim! Asarlarimdagi tesha tegmagan qiziq hazil-mutoyibalarni eslab kulishyapti! Ko‘p yozuvchilar yoshlar kitob o‘qimay qo‘ydi deb hasrat qilishadi-ya tag‘in! Men ularga do‘stona bosh silkidim. Ko‘z ochib yumguncha bo‘lmay ular menga yuzma-yuz kelishdi. Hozir dastxat so‘rashadi, lekin yozishga qalam olgan edimmi o‘zi, deya o‘ylab ulgurdim, xolos.
– Sizga omad kulib boqdi! – hayqirdi ulardan biri. – Mana, arzonlashtirilgan mol! Do‘kondagidan besh baravar arzon! Sizning omadingiz bor ekan!
Ular menga odobsizlarcha qapishib turgani uchun ham o‘zimni qandaydir noqulay his qilayotgan bo‘lsam-da, “Bular mening o‘quvchilarim!” deb o‘ylashda davom etmoqda edim. Menga yoqimsiz tuyulayotgan holat esa, anglashilmovchilikkina, xolos. Axir, ular menga uncha-muncha narsa yoqavermasligini, ta’bim nozikligini bilishmaydi-da. Voqeaning davomi aqlga sig‘maydi: ular menga qandaydir bir pulga qimmat qo‘lqop bilan qandaydir kurakda turmas bo‘yinbog‘ uzatishyapti! Men esa, nimagadir g‘ayrishuuriy tarzda ularni olib, hamyonimni chiqarib, so‘rab turibman:
– Qancha?
Ko‘zoynagim cho‘ntagimda, shu topda ko‘zoynagimni olib taqib, o‘z muxlislarimning ko‘z oldida pullarni diqqat bilan sanash menga noqulay tuyulgani sabab, hamyonimni ularga shundoqqina tutqaza qoldim. To‘g‘ri, hamyonda pulim yuz so‘mdan ko‘p emasligini aniq bilaman.
Omadim borligini aytgan yigit hamyonni bir zumda bo‘shatdi. Pullarni olar ekan, shunisiga qoyil qoldimki, bir qo‘lining barmoqlari bilan ularni sanab ham ulgurdi-da, bo‘sh hamyonni o‘zimga qaytarib berdi.
– Omadingiz bor ekan! – deya hayqirdi u oxirgi marotaba. Shu zahoti ikkalasi odamlar orasiga kirib ko‘zdan yo‘qoldi.
O‘zimni ikki baravar zo‘rlangandek his qildim. Aynan ikki baravar! Ular ikkita bo‘lganlari uchun emas, yo‘q, zo‘rlashayotgan paytda o‘zimning zo‘rlanayotganimni, yo‘lakda, odamlar orasida, kuppa-kunduzi zo‘rlanayotganimni anglab yetmaganim uchun! Bir qo‘limda qo‘lqop bilan bo‘yinbog‘ni ushlagan ko‘yi ikkinchi qo‘limdagi hamyonga ko‘z yugurtirdim. Ichidagi bitta g‘ijimlangan pulga ko‘zim tushdi. Mana shu yerda men nimagadir ko‘zoynagimni olishga erinmadim, ayni chog‘da, la’nati qo‘lqop bilan bo‘yinbog‘ni yerga tushirib yubormaslikka uringan holda ko‘zoynagimni taqib, pulga tikildim. Bu besh so‘mlik edi. Nega uni ham olmadi – men uchun hozirgacha eng katta sir bo‘lib qoldi. Ehtimol bu minnatdorchilik ifodasidir? Ovsarlik tug‘dirgan qulaylik uchun ular o‘zimning pulimni o‘zimga sadaqa qilishgandir balki?
Men birdan uyqudorimni eslab qoldim. Yuragim beixtiyor shuvilladi. Nega ular menga bu qadar bezbetlarcha yopishib-qapishib turishdi?! Nahotki uyqudoriniyam qo‘shib shilib ketishgan bo‘lsa?! Qo‘yin cho‘ntagimga qo‘limni tiqdim-da – o, naqadar ulkan baxt! – barmoqlarim uyqudorini his qildi. Bolaligimda cho‘ntagimdan bexos shirinlik topib olganimdagidek, astoydil suyunib ketdim.
Yaxshiyam hamyonga emas, alohida solgan ekanman. Hamyonda bo‘lganida, uni ham o‘zimga bildirmasdan shilib ketishlari ehtimol edi. Hattoki qo‘ynimdan ham! Shilib ketishlari mumkin edi, biroq shilishmabdi! Ha, bu yashin tezligida sodir bo‘lgan qalloblikda ham, har qalay, yaxshilik alomatlari yo‘q emas. Axir, voqeaga yonlaridan o‘tayotgan odamlarning e’tiborini jalb qilmaslik uchun ikkovi ikki tomondan yopishib-qapishib turgan edi-da. Ayni shu bugun, ko‘rinishidan, menga uyqudori har qachongidan ham ko‘proq kerak bo‘ladiganga o‘xshab turibdi o‘zi. “Reladorm” deganlari ajoyib uyqudori! Mening bu gapim reklamaga o‘xshasa o‘xshar, ammo bu dori har qanday reklamaga arziydi ham-da!
O‘zimni bosib olganimdan keyin o‘ljamni nima qilsam bo‘ladi endi, deb o‘ylab qoldim. Uyga kirib xotinimga voqea qay tarzda ro‘y berganini tushuntirib aytish... Yo‘q, bunga holim ham, xushim ham yo‘q. Ajabo, hamyonda qolgan pulga nega muncha qiziqib, diqqat bilan qaradim ekan-a? Buning sababini endi tushundim. Agar pul nisbatan yirikroq bo‘lganida (aftidan, men g‘ayrishuuriy tarzda mana shunga umid qilgan ekanman-da!) sodir bo‘lgan voqeani zo‘rlash emas, savdo-sotiqning dag‘alroq shakli deb hisoblash mumkin edi. Ammo besh so‘m!.. Buni qandaydir gipnozmi-mahliyolik holati deb bo‘lmaydi, albatta. Shunchaki mening samimiy, do‘stona iltifotimni ovsarning ko‘ngilchanligi deb tushunishdi. Sirasini aytganda, mening iltifotimdan avvalroq ham ular “Mana, aynan biz qidirgan odam!” degandek kulib qarashayotgan edi.
Muttahamlar gohida odam bolasining ruhi ravonini shunaqangi nozik his qilishadiki!.. Kuni kecha bir jiyanim uyimda bo‘lib, qiziq voqeani aytib berdi. U firmada ishlaydi. Ishbilarmon, o‘z ishiga pishiq, chiroyli, aqlli, dadil.
Qandaydir bozorga kelib, ehtiyot qismlar do‘koniga kiribdi. Nimadir xarid qilmoqchi ekan. Kerakli narsani sotib olib, mashinasining yoniga qaytib kelibdi. O‘tirganida sezibdiki, orqa g‘ildirakning yeli chiqib ketgan. Mashinadan chiqib, g‘ildirakni almashtiribdi-da, tag‘in mashinasiga o‘tirib yo‘lga tushibdi. Yigirma daqiqalardan keyin sezib qolibdiki, shundoqqina yonidagi old o‘rindiqda yotgan diplomati yo‘q! Ertaroq sezishi ham mumkin edi, biroq bunday bo‘lishini kim o‘ylabdi deysiz. Kech bo‘lsa ham o‘ylab qarab tushunibdiki, o‘g‘ri orqa g‘ildirakning yelini atayin chiqarib qo‘ygan! Egasi g‘ildirakni almashtirayotgan chog‘ida qulay yotgan diplomatni olib qochgan! Bunday paytda kim ham eshik-derazalarni qulflab qo‘yadi!
Bo‘lar ish bo‘ldi. Diplomatda pasporti bilan yangi kvartirasiga ro‘yxatga qo‘yish uchun kerakli hujjatlar bo‘lgan ekan. Albatta, o‘g‘ri unda boshqa qimmatroq narsalar va yo mo‘mayroq pul yo‘qligini bilganida ehtimol bu ishga qo‘l urmagan bo‘larmi edi. Ammo uni ham tushunish mumkin. Ikki-uch qadam narida mashinaning egasi orqa g‘ildirakni almashtirayotganida diplomatda nima borligini tekshirib ko‘rolmaydi-da, axir.
Shunday qilib, jiyanim ortiga qaytib tag‘in o‘sha bozorga kelibdi-da, mashinasini qoldirgan joyga yaqinroq do‘konlarning sotuvchilaridan mashinasining yoniga kelgan qandaydir shubhali odamni ko‘rgan-ko‘rmaganlarini so‘rab-surishtiribdi. O‘zicha o‘sha shubhali odam shu atrofdan hali uzoqlashib ulgurmagan deb umid qilibdi. Aftidan, u o‘zining kuchiga ishonib masalani joyida qiziq ustida hal qilishga umid bog‘labdi. Soddadil-da. Sotuvchilar o‘sha shubhali odamni ko‘rgan taqdirda ham buni tan olib aytisharmidi! Yo‘q, ko‘rmadik, deyishibdi.
Jiyanim qattiq xafa bo‘libdi. Yangi pasport olish, yangi ma’lumotnomalarni to‘plash... Kechqurun televizorning oldida xafa bo‘lib o‘tirgan edi, telefon jiringlab qoldi. U olib qulog‘iga tutdi. Kimdir unga axlat qutisining yonida pasport bilan ma’lumotnomalarni topib olganini, yonida shu telefon raqamlari borligini xabar qilibdi. Bularning hammasi sizniki emasmi deb so‘rabdi.
– Meniki, meniki! – deya suyunib dedi jiyanim, qo‘ng‘iroq qilgan odamni ham suyuntirishga urinib. Ammo uni suyuntirolmabdi.
– Ikki ming dollar bo‘lsa, men sizga pasportingiz bilan ma’lumotnomalaringizni qaytarib beraman!
Ko‘pgina qudratli odamlar qatori, jiyanim ham tabiatan qiziqqon odam, zotan kuch-qudrat odamga qiziqqonlik qilish huquqini beradi. Yo‘q, lapashang-landovurlar ham qiziqqon bo‘lishi mumkin, biroq ular ko‘p hollarda o‘z qiziqqonliklarini sir tutadilar. Ular o‘z qiziqqonliklarini sir tutganlari tufayli battarroq lapashang-landovur, hatto battarroq qiziqqon bo‘lib boraveradilar va so‘nggi kunlariga qadar o‘z qiziqqonliklarini sir tutishga urinadilar. Biroq mening jiyanimda sir tutadigan narsaning o‘zi yo‘q edi.
– Men uch yuz dollarga Abxaziyaga borib, yangi pasport olib kela qolaman! – deya qichqirdi u va go‘shakni otib yubordi.
Biroz vaqt o‘tib yana qo‘ng‘iroq jiringladi.
– Namuncha qiziqqon bo‘lmasangiz! – deya ajablanib so‘rabdi o‘sha ovoz. – Yaxshi, uch yuz dollarni olib keling-da, hujjatlaringizni olib ketavering! Men ham asabimni ozmuncha zo‘riqtirdimmi!
Moskva chekkasidagi bozorga kiraverishda o‘ng tomondagi do‘konchada o‘tiradigan juda chiroyli bir qizning huzurida uchrashuv belgilanibdi. Uchrashuv vaqti aytilibdi.
– Yaxshi, – dedi jiyanim, aftidan, do‘koncha qaerda joylashganini aniq tasavvur qilib olgach.
Shundan keyin xotini uvvos solib yig‘laydi, “Bormang, o‘ldirishadi” deb yolvoradi, ammo u qisman o‘zining kuch-qudratiga ishongani sabab xotinning gapiga kirmaydi-da, ertasiga o‘sha joyga boradi. Albatta, u hammasi bir odamning yoki bir uyushgan guruhning ishi ekanini yaxshi biladi.
Do‘konchaga kirib, rostdan ham u yerda chiroyli bir qiz sotuvchilik qilayotganini ko‘radi. Qiz unga xayrixohlik bilan tabassum qiladi va hatto uni darrov taniydi.
– Hozir yetib keladi, – deydi.
Rostdan ham ozgina vaqt o‘tib do‘konchaga bir yigit kirib keladi va jiyanimning barzangiligini ko‘rib, unga sinovchan tikilib qaraydi. Ko‘rinishidan, bu yigit hamtovoqlardan biri, xolos. G‘ildirakni teshgan odam ham uning kuch-qudratini ko‘rib qo‘ysa yomon bo‘lmas edi. Ammo u, ehtimolki, o‘z qilmishidan ich-ichdan hijolat bo‘lgani sabab kelmaydi.
– Pasport bilan hujjatlarni yo‘qotgan sizmisiz? – deb so‘raydi yigitcha.
– Ha, menman.
– Mashinamdan qog‘ozxalta olib kir, – deya murojaat qiladi yigitcha yoqimtoy qizga. Qiz peshtaxta tagidan sho‘ng‘ib chiqib tezda do‘konchadan tashqariga yugurib ketadi-da, besh daqiqadan keyin qandaydir qog‘ozxalta olib kirib jiyanimga tutqazadi. Jiyanim qog‘ozxaltaning shakl-shamoyiliga bir qadar ajablanib qaragan ko‘yi uni ochadi. Qarasa, to‘pponcha!
– Bu meniki emas-ku, – deydi jiyanim haligi yigitga bir qadar hadiksirab, ammo, ayni chog‘da, o‘zining kuchiga ishongan holda ko‘z tikib.
– Bunisini emas, narigi qog‘ozxaltani olib kir edi, ahmoq! – o‘shqiradi yigitcha sotuvchi qizga va to‘pponchali qog‘ozxaltani jiyanimning qo‘lidan olib, uni yasama loqaydlik bilan o‘z cho‘ntagiga solib qo‘yadi.
Sotuvchi qiz yana yugurib chiqib ketadi-da boshqa qog‘ozxaltani olib kiradi. Jiyanim uni ochib, ichida plastik bomba emas, rostdan ham o‘zining pasporti bilan boshqa hujjatlari borligiga ishonch hosil qiladi. Shundan keyin yigitchaga uch yuz dollarni beradi-da, ular xushmuomalalik bilan xayrlashadilar.
Bu yerda o‘tkir ruhshunosning “dastxati”, menimcha, qog‘ozxaltalarni chalkashtirib yuborishda ko‘rinib turadi. Albatta, hammasi qiz bilan avvaldan kelishib olingan. To‘pponcha atrofidagi o‘yin mabodo pasportning egasi o‘jarlik qilib, pul berishdan bosh tortgudek bo‘lsa, ishga solish uchun zarur ko‘rilgan.
...Ammo men ko‘chada turibman. Qo‘limdagi to‘pponcha emas, qo‘lqop bilan bo‘yinbog‘ni nima qilishni bilmayman. Axlat idishiga tashlab yuboraymi? Yaqinroqdagi axlat idishining atrofida qandaydir odamlar aroq ichib turishibdi. Buni haqorat deb tushunishlari mumkin. Hozirgi paytda bunday qilish xatarli.
– Voy ablah-ey, – deyishadi bir-birlariga, – biz bu yerda vatanimiz taqdiriga kuyinib eng so‘nggi choychaqalarimizni ichib tugatyapmiz. Xalq och-yalang‘och, manovi ablah bo‘lsa, shunday qimmatbaho bisotlarni axlatxonaga tashlayapti!
Bir yozuvchi aqlli gap aytgan: Rossiyada gadoylik madaniyatining saviyasi baland. Bunga qo‘shimcha qilib aytishim mumkinki, gadoy ana o‘sha o‘zining gadoylik madaniyatini himoya qilaman deb tumshuqqa tushirishga ishqivoz bo‘ladi. Shu ruhdagi taqqos-u tashbehlarni yana davom ettirish mumkin. Masalan, nodonlik serqirra aqliy madaniyatdan dalolat. Yoxud, yapon samuraylarida xarakiri madaniyati yuksak. Lekin bunday madaniyatlar faxrlanishga arzirmi ekan?
Xo‘sh, bu dardisarlarni nima qilsa bo‘ladi endi? Kutilmaganda omadim yurishib qoldi. Qarasam, yaqinginada bir gadoy ayol o‘tiribdi.
– Sadaqa qiling, sadaqa raddi balo, – menga murojaat qildi u. Miyamda shohona bir mug‘ombirlik yarq etgandek bo‘ldi! Men bu surbet qo‘lqop bilan yaramas bo‘yinbog‘ni gadoyga ehson qildim. Ayol ularni sinchiklab ko‘zdan kechirdi va nima uchundir bo‘yinbog‘ni ikki qo‘liga olib, uning uzunligini o‘lchadi yo guliga mahliyo bo‘lib tikilib qoldi. Bu gadoyning qiyofasi sharqona bo‘lgani boismi ekan, holat nimagadir “Arshin mol olan” degan eski kinoni, aniqrog‘i, ekranlashtirilgan operettani yodimga soldi. Unda bir paytlar mashhur bo‘lgan Beybutov qo‘shiq kuylaydi. Men nimagadir daf’atan andak hijolat bo‘lgan holda bu olamda anchagina uzoq yashab qolganimni o‘yladim. Ayni chog‘da, o‘zimning uyatsizligimdan bir qadar uyalgan ko‘yi hali yana yashashni xohlab turganimga iqror bo‘ldim. Hatto avvalgi paytlardagidan kuchliroq xohlab turibman! Umr – bisotini boy berayotgan qimorboz, ko‘p yashaganing sayin yana-da ko‘proq yashashni xohlayverasan.
Gadoy ayol bo‘yinbog‘ni qo‘yib, qo‘lqopni kiyib ko‘ra boshladi. Bir amallab kiyib oldi, so‘ng so‘radi:
– Pul-chi, pul yo‘qmi?
Ehtimol sharqona ayolga o‘xshab mening yechinishimga chek qo‘yib, farqini pul ko‘rinishida olishga qaror qildi, shekilli.
– Yo‘q! – deya to‘ng‘illadim-da, besh so‘mimni to‘la holda saqlab olib borish niyatida shahd bilan uy tomon yurdim. Qanchalik ajablanarli bo‘lmasin, shu ishni uddalay oldim.
Uyga kirib yechindim-da, o‘ljaga tashlangan vahshiydek mashinkaga tashlandim. Shu bir kunni yozib qo‘ymasam, keyin unutilib ketadi! Boshimdan nimaiki kechirgan bo‘lsam, bir chekkadan chiqillatishga shu qadar berilib ketibmanki, telefon jiringlaganida hech qachon go‘shakni ko‘tarmaslik qoidasiga rioya qilmasdan g‘ayrishuuriy tarzda go‘shakni ko‘tarib qo‘yibman.
– Siz falonchimisiz? – deb so‘radi dadilgina ayol ovozi.
– Ha, men falonchiman.
– Sizning mashhur yozuvchiligingizni bilamiz, shuning uchun sizga murojaat qilyapmiz! – favqulodda ilhom-ishtiyoq bilan bidirlay ketdi u. – Bizning mashhur klubimizga a’zo bo‘ling, janob...
Ayol klubning nomini tilga oldi, ammo men shu zahoti uni unutdim.
– Ne bir kazo-kazolar bizga a’zo bo‘lamiz deb atrofimizda uymalashib yurishibdi, – gapida davom etdi u, – biroq biz ularni tayoq bilan haydab, “Bor, ishingni qil!” deya quvlab yuboryapmiz. Klubimizda faqatgina saylab olingan odamlar. A’zolik badali nomigagina badal – oyiga atigi qirq dollar!
Shunday deya ayol kutilmaganda go‘shakka xoxolab kuldi-da, anchagacha o‘zini kulgidan to‘xtatolmadi. Aftidan, badal miqdorining arzimas darajada kulgili ekaniga chidayolmay qoldi.
– Siz bir yo‘la bir yilga badalni to‘laysiz-da, klubimizning a’zolik guvohnomasini qo‘lingizga olasiz. Guvohnoma bo‘yicha istagan paytingizda klubimizning restoraniga kirib, yarim bahosiga ovqatlanishingiz mumkin.
Ammo men bugungi kunda yaxshigina toblanganim sabab pinagimni buzmadim. Buni ayol xayoliga ham keltirmas edi, albatta. Ustiga ustak, men stolimning bir chekkasida yaltirab turgan uyqudorilarga o‘qtin-o‘qtin ko‘z tashlamoqda edim. Bu menga qo‘shimcha kuch-quvvat baxsh etmoqda edi.
– Kechirasiz, – dedim men, – agar restoraningizga o‘z mehmonlarimni boshlab borsam nima bo‘ladi?
– To‘rt kishigacha yarim bahosida! – quvona-quvona xabar qildi ayol. – Ammo klubning a’zolik guvohnomasini olishingiz uchun yillik badalni oldindan to‘lab qo‘yishingiz kerak! Narxi nihoyatda arzon – oyiga atigi qirq dollar!
– Hammasi bo‘lib to‘rt kishimi?
– “Hammasi bo‘lib” deganingiz nimasi? – jiddiy tortib so‘radi ayol. Men savolimni oydinlashtirdim:
– Men to‘rtta mehmonimni olib boramanmi, yoki uchta mehmon, to‘rtinchisi o‘zim bo‘lamanmi?
– Siz to‘rtinchi bo‘lasiz! – tag‘in vaysay ketdi ayol. – Ammo o‘z mehmonlaringizga kafolat berishingiz kerak bo‘ladi! Bizda juda madaniyatli odamlar! Oralarida millionerlari ham bor! Ovqatlanib o‘tirib qo‘shiq aytish va yo bir dasturxondan ikkinchisiga shisha tuhfa qilish qat’iyan ta’qiqlanadi! Siz bizda kavkazcha odatlaringizni unutishingiz kerak bo‘ladi. Ammo muhimi bu ham emas. Siz bizning mehmonxonamizga nomer buyurtma qilishingiz va unda yarim bahosida istaganingizcha yashashingiz mumkin.
– Menga mehmonxonaning nima keragi bor? – bir qadar ensam qotib masalani aniqlashtirdim. – Men Moskvada yashayman-ku!
– Ehtiyoti shart-da, – tushuntirdi ayol, – siz, axir, ijodkorsiz. Sizga gohida pinhona uchrashuvlar suv bilan havodek zarur!
Ayni gapdan keyin ayol shunaqangi yayrab kuldiki, o‘zi birinchi marotaba o‘sha pinhoniy uchrashuv ishtirokchisi bo‘lishga bajonidil tayyorligini bilib olish mumkin edi, toki men uning ta’limini olganimdan so‘ng pinhoniy uchrashuvlarni mustaqil ravishda tashkil qiladigan bo‘lay. Yayroq kulgu uzoq davom etdi. Axiyri to‘xtadi. Jimjitlik. Aftidan, ayol o‘sha pinhoniy uchrashuvdan keyin beozorgina uxlab qoldi yoxud bunday vaziyatlarda ayollar qanday uxlab qolishini namoyish qilayotganga o‘xshaydi. Ammo bir necha soniyalardan so‘ng uning allanechuk yasharib-yashnab ketgan ovozi yangi kuch bilan jarangladi:
– Ammo hattoki bu ham eng asosiysi emas! Klubimiz mehmonxonalari Yevropaning jamiki madaniyat markazlarida qo‘nim topgan! U yerda bilyardxonalar, o‘yin-kulgi xonalari, suv havzalari, tennis kortlari! Klubimiz guvohnomasini ko‘rsatib, siz ularda istaganingizcha yashashingiz mumkin. Yashash yarim bahoga, ovqatlanish yarim bahoga! Buning ustiga, hayratdan yiqilmang tag‘in, nonushta tep-tekin! Shved dasturxoni! Nimani qancha xohlasangiz yeb-ichaverasiz, qarabsizki, to kechki ovqat vaqtiga qadar hech nima yegingiz ham kelmay qoladi!
Ayolning menga Eyfel minorasini yarim bahoda taklif qilishini kutmay muloyimlik bilan gapini bo‘ldim.
– Katta rahmat! – dedim men. – Aynan men nazaringizga tushib turganim uchun tashakkur! Ammo gap shundaki, men sizning zo‘r taklifingizdan foydalana olmayman. Chunki men umuman uydan ko‘chaga chiqmayman!
– Qanaqasiga chiqmaysiz? – kutilmaganda o‘shqirib yubordi ayol. – Men o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim-ku! Sizni yaqindagina televizorda ko‘rsatishdi. Nima, siz u yerga uchib bordingizmi?!
– Gap shundaki, – aniqlashtirdim men, – televidenie xodimlari meni uyimda tasvirga olishgan edi.
O‘shanda rostdan ham shunaqa bo‘lgan edi. Oraga bir muddatlik – uch-to‘rt lahzalik jimlik cho‘kdi. So‘ng u yana avj qildi:
– Men yo‘lini topdim! Mendan bir umr minnatdor bo‘lasiz hali! Biz sizga o‘zimizning agentimizni jo‘natamiz. Siz unga bir yillik a’zolik badalini to‘laysiz. U sizga klubimiz guvohnomasini tantanali ravishda topshiradi. Men a’zolik badalimizning nomigagina badal ekanini tag‘in eslab, kulgim qistaganidan endi naq o‘lib qolaman!
Endi-ya? Avvalroq kulaverib o‘lib qolishiga kim halaqit qildi unga? Ammo, ko‘rinib turibdiki, u o‘lmagan, o‘lmoqchi ham emas!
– Umuman, uydan chiqmaydigan bo‘lganimdan keyin klubingiz guvohnomasining menga nima keragi bor? – savolimni yana bir karra aniq-ravshan takrorladim. – Rahmat! Xayr!
– To‘xtang! – dedi jon halpida u. – Men bu yerda maslahatlashib ko‘ray-chi! Siz uchun istisno tariqasida kechki ovqatni uyingizga oborib berishimiz mumkin.
– Mehmonxona nomerini ham uyimgami? – zaharxanda bilan so‘radim men.
– Tushunmadim, – dedi u, – marhamat qilib savolingizni takrorlang-chi!
Ana shunda men o‘zimni bosolmay qoldim.
– Bogatstvo – bog adstva (boylik – do‘zaxning xudosi), – nasihatomuz ohangda tushuntirish berdim men.
– Tag‘in tushunmadim, – ishchanlik bilan dedi u, – takrorlang-chi!
– Bogatstvo – bog adstva! – aniq takrorladim men.
– Tag‘in tushunmadim, – dedi u. – Harfma-harf takrorlang-chi, yozib olmoqchi edim!
Shunda men murosa yo‘lini tutib dedim:
– Qora non – gadoyning jannati.
Bu gapni u bir zumda tushundi va go‘shakni jahd bilan joyiga qo‘ydi. Albatta, bu yerda tovlamachilik mana men deb turibdi. Navbatdagi ehrom... Jumboq. Qani, bu jumboqni yechib ko‘ring!
Agar hayotdan olingan jonli misollar meni chiniqtirib-toblagan bugungi kun bo‘lmaganida, men, ehtimol nimalarnidir uzoq qoralagan va bu qoralamalar qaerga borib to‘xtashini o‘zim ham bilmagan bo‘larmi edim... Insonga bo‘lgan ishonch! Hikmatli gapga qanaqangi ulug‘vor e’tiborsizlik! Men tag‘in mashinkaga o‘tirdim-da, bu suhbatni ham hikoyaning davomiga yozib qo‘ydim, yo‘qsa keyin unutilib ketadi. Katta xo‘jalikka har qanday latta ham asqotib qoladi, degan edi Lenin hatto inqilobga qadar bir o‘taketgan muttaham partiya a’zosi bo‘lganidan shikoyat qilganlarga.
Ushbu suhbatni endigina yozib bo‘lganimda ishxonamga xotinim kirib keldi.
– Sen bugun Moskva bo‘ylab qanday ajoyib sayr qilibsan-a, – dedi u. – Hatto rangingga qon yugurib qolibdi. Anchadan beri ranging bu qadar tiniqlashmagan edi! Shuning uchun ham men senga har kuni “Ochiq havoda ko‘proq yur!” deb uqtiraman. Ochiq havoda ko‘proq yuraver! Ertaga kartoshka olgani bozorga bor. Bu senga foydali-ku. Darvoqe, kel, seni bir xursand qilay. Bugun shunaqangi bir ajoyib tush ko‘ribman de! Qandaydir bir ko‘rinmas odam menga Italiya xaritasini olib kelibdi-da, “Nega Italiya poyafzali jahonda eng yaxshiligini mana endi bilib oldingizmi?” deb so‘rar emish. “Ha, ha, bilib oldim!” deb quvona-quvona javob qilarmishman men. Kulgili, a?
Rostdan ham kulgili. Bunday tush bilan odam bolasi yuz yil yashashi ham mumkin. Biz birgalikda kulishdik va xotinim xonadan chiqib ketdi. Men esa, o‘ylab qoldim: mana, umr yo‘ldoshim yakunni ham berib ketdi! Va shu zahoti uning gaplarini ham (keyin unutib qo‘ymaslik uchun!) muhrlab qo‘ydim.
...Oxirgi jumboq, muhtaram o‘quvchi! Bir odam ertalab o‘z vannaxonasiga kirib qarasa, skelet bamaylixotir tish yuvayotgan ekan.
– Sen kimning tishyuvgichini olding, ablah! – jig‘ibiyroni chiqib so‘rabdi u skeletdan. Darvoqe, u xalatni yelkasiga tashlab olsa ham asakasi ketib qolmas edi. Har qalay, uyda ayollar bor-ku!
Jumboqning savoli shunday: bu odam kechqurun qancha ichgan (iloji bo‘lsa, gramm-gramiga qadar aniq javob bering!) va, umuman, bu odam o‘zi kim?
Men reladorm yotgan stol chetiga qaradim. Butun bir oy mobaynida uxlashim mumkin! Qanaqangi mazza! Xayrli kech, janoblar! Gefsiman bog‘ida ko‘rishguncha!
Rus tilidan Otauli tarjimasi.
“Yoshlik” jurnali, 2014 yil, 8-son